Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston superligasi boshlandi, Pro-liga masalasi ham hal boʻldi
19:43 / 2019-03-13

Boshqa muddatga koʻchirilgan “Paxtakor” – “Lokomotiv” oʻyinini hisobga olmaganda Superligaga start berildi, kecha nihoyat, Pro-ligada ishtirok etuvchi jamoalar nomi va musobaqa formati ham eʼlon qilindi


Boshqa muddatga koʻchirilgan “Paxtakor” – “Lokomotiv” oʻyinini hisobga olmaganda Superligaga start berildi, kecha nihoyat, Pro-ligada ishtirok etuvchi jamoalar nomi va musobaqa formati ham eʼlon qilindi.

Unga koʻra, Pro-liga musobaqasi oʻtgan yilgidek ikki guruhga boʻlindi – “A” va “B”. Faqat bu galgisining avvalgisidan farqi, “A” guruhiga talablar katta boʻldi, xuddi superliga kabi, “A”dagi klublar ham ayollar va futzal jamoalariga hamda futbol akademiyasiga ega boʻlmogʻi lozim. Bundan ayon boʻladiki, “A” guruhi ishtirokchilari superliga yoʻllanmasi uchun kurash olib boradi. Bunday jamoalar soni 8tani tashkil etmoqda. Bular – “Mashʼal” (Muborak), “Neftchi” (Fargʻona), “Shoʻrtan” (Gʻuzor), “Istiqlol” (Fargʻona), “Sherdor” (Samarqand), “Xorazm” (Urganch), “Orol” (Nukus). Sakkizinchi joy PFL kubogida gʻolib chiqqan jamoaga nasib etadi. Oʻtgan yili “A” guruhida boʻlgan “Norin” (Xaqqulobod) jamoasi esa iqtisodiy muammolari tufayli ligani tark etdi. “A” guruhi jamoalari toʻrt davrali, uy-safar tizimida superliga yoʻllanmasi uchun kurash olib boradi.

“B” guruhi ishtirokchilari esa “A” guruhiga nisbatan ancha “erkinroq” – ularga minimum talablar qoʻyilgan. Ushbu guruhda joriy mavsumda 16ta jamoa ishtirok etishi maʼlum boʻldi. Ular orasida nisbatan sharoiti “A” guruhiga mos kelgan sakkiztasi PFL kubogida qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi. Demak, “Lokomotiv-BFK” (Toshkent), “Gʻijduvon” (Gʻijduvon), “Zomin” (Zomin), “Iftixor” (Oltiariq), “Oqtepa” (Toshkent), “Yangiyer” (Yangiyer). “Bunyodkor-2” va “Rubin” jamoalariga konkursdan tashqari qatnashishlariga ruxsat berildi.Yagona gʻolib jamoa Pro-liga “A” guruhida ishtirok etish huquqiga ega boʻladi. Omadi kulgan jamoaga “A” guruhida yaxshigina imtiyozlar berilgan – ayollar va futzal jamoasiga ega boʻlmoqlik sharti mavjud emas, musobaqada qatnashish badal pullari ham “A” guruhinikidek 250 million soʻm emas, balki “V” guruhidagidek 100 million soʻm qilib belgilangan. PFL kubogi oʻyinlari olimpiya tizimida oʻtkaziladi.

Oʻtgan yili “B” guruhida ishtirok etgan “Xotira-79”, “Labsa” va “Yozyovon” jamoalari bu mavsumda PFL talablarini bajarmagani bois kuchlilar qatoridan tushib qolgan.

Pro-liga “B” guruhining qolgan ishtirokchilari: “Andijon-2” (Andijon), “Rash-Milk” (Shahrixon), “Zarbuloq” (Samarqand), “Ittifoq-Navoiy”, “R.Madaminov” (Xiva), “Turon” (Yaypan), “Zarangar” (Gʻijduvon) va “Ittifoq” (Gʻijduvon). Mavsum yakuniga koʻra 1-oʻrinni egallagan jamoa “A” guruhidan joy oladi. “B” guruhi jamoalari ikki davrali, uy-safar tizimida maydonga tushadi.

Pro-liga bahslari aprel oyi boshlarida start olishi rejalashtirilmoqda.