Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Shvetsiya biznes forumi
17:31 / 2017-02-22

Poytaxtimizda 22-fevral kuni O‘zbekiston – Shvetsiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

Poytaxtimizda 22-fevral kuni O‘zbekiston – Shvetsiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Business Sweden” Shvetsiya savdo va investitsiyalar kengashi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda ikki mamlakatning geologiya va mineral resurslar, iqtisodiyot, mashinasozlik, energetika kabi sohalari uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi N.Dadaxonova, “Business Sweden” kengashining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vakolatxonasi rahbari I.Vlasyuk va boshqalar O‘zbekiston bilan Shvetsiya o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari xususida so‘z yuritdi.

Forumda O‘zbekistonning geologiya va mineral resurslar, transport infratuzilmasi, savdo-sanoat, energetika sohalaridagi muvaffaqiyatlari, Shvetsiyaning axborot texnologiyalari, tog‘-kon, elektr-energetika, qurilish kabi sohalardagi kompaniyalari faoliyati haqida ma’lumot berildi.

2001-yil 29-mayda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Shvetsiya Qirolligi hukumati o‘rtasida investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoyalash to‘g‘risidagi bitim hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

– Forumda mamlakatimizning o‘n besh yetakchi kompaniyasi ishtirok etmoqda, – dedi Shvetsiya Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ingrid Tersman. – Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Mamlakatingizning tog‘-kon sanoati, temir yo‘llar kabi sohalarining yirik korxona va kompaniyalarining faoliyati bilan yaqindan tanishishni rejalashtirganmiz.

– Kompaniyamiz innovatsion kompressorlar, qurilish va tog‘-kon sohalarida foydalaniladigan texnika vositalari va mashinalar ishlab chiqaradi, – dedi “Atlas Copco” kompaniyasining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha bosh menejeri Jorj Apostolopos. – O‘zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar hamkorligimizni yanada kengaytirishga imkon yaratmoqda.

Anjumanda O‘zbekiston bilan Shvetsiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, avtomobilsozlik, energetika va energiya tejash, elektr texnikasi, oziq-ovqat sanoati sohalaridagi sarmoyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, ichki va tashqi bozorlarda talabgor bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shu kuni O‘zbekiston va Shvetsiya ishbilarmonlari o‘rtasida kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi.