Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasida yil laureatlari taqdirlandi
Respublika ixtisoslashgan bolalar-oʻsmirlar shaxmat maktabida Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining 2018 yil yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Respublika ixtisoslashgan bolalar-oʻsmirlar shaxmat maktabida Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining 2018 yil yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.Unda oʻzbek shaxmat maktabining bugungi holati, mamlakatimiz shaxmatchilarining Xalqaro turnirlar va jahon chempionatlarida erishayotgan yutuqlari omili, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida shaxmatning fan sifatida oʻqitilishi kabi koʻplab masalalarga toʻxtalib oʻtildi.
Shundan soʻng 2018 yil yakunlariga koʻra turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblarga diplom hamda esdalik sovgʻalari topshirildi. Jumladan, Nodirbek Yoqubboyev – 2018 yilning eng yaxshi shaxmatchisi, deb eʼtirof etilgan boʻlsa, Gulruhbegim Tohirjonova xotin-qiz shaxmatchilar orasida shunday nomga sazovor boʻldi.
Yaqinda amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsenni magʻlubiyatga uchratib, oʻziga xos shov-shuv koʻtargan xalqaro master Shamsiddin Vohidov esa 2018 yilning 16 yoshgacha boʻlgan eng yaxshi shaxmatchisi, yana bir isteʼdodli sportchimiz Umida Omonova – 2018 yilning 20 yoshgacha boʻlgan eng yaxshi ayol shaxmatchisi, deb topildi. “Yilning eng yaxshi murabbiyi” nominatsiyasiga taniqli mutaxassis Vladimir Yegin munosib koʻrildi.
Shuningdek, tadbirda “Eng yaxshi shaxmat klubi”, “Eng yaxshi shaxmat federatsiyasi boʻlimi”, “Eng yaxshi arbitr”, “Ijtimoiy tarmoqlarda shaxmatni eng yaxshi yoritgan jurnalist”, “Ommaviy axborot vositalarida shaxmatni eng yaxshi yoritgan jurnalist” kabi nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar munosib taqdirlandi.