Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston sehrli diyor
15:33 / 2014-08-18

Mamlakatimizdagi tarixiy obidalar, zamonaviy shaharlar, xushmanzara tabiat va fayzli go‘shalar, taraqqiyot yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar har qanday odam e’tiborini tortadi. Yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar buni alohida e’tirof etadi. O‘zA muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Mamlakatimizdagi tarixiy obidalar, zamonaviy shaharlar, xushmanzara tabiat va fayzli go‘shalar, taraqqiyot yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar har qanday odam e’tiborini tortadi. Yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar buni alohida e’tirof etadi. O‘zA muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Jozeffo Abram, tadbirkor (Italiya):

– O‘zbekistonga tez-tez kelib turaman. Bu diyorning asrlar mobaynida sayqallangan betakror an’analari va qadriyatlari har qancha e’zoz va e’tiborga loyiq. Xalqingiz mustaqillik bayramiga katta taraddud ko‘rayotganining guvohi bo‘ldim. Poytaxtingizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari kishi havasini tortadi. Bu yerdagi fayzli bog‘lar, serjilo favvoralar, keng va ozoda ko‘chalar, ulkan inshootlar, eng muhimi, mehmondo‘st odamlar hech bir kishini befarq qoldirmaydi.

O‘zbekiston sayyohlik borasida ulkan salohiyatga ega mamlakat. Yurtingizda turizm infratuzilmasining barcha tarmoqlarini izchil rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotir. Mamlakatingizda qad rostlayotgan zamonaviy mehmonxonalar, savdo majmualari, dam olish maskanlari tobora ko‘payib, ularda servis xizmati tubdan yaxshilanmoqda. Bularning barchasi mamlakatingizda uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan oqilona ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning samaralaridir.

Ingo Xertrix, dizayner (Germaniya):

– Bir necha kundan buyon Toshkentning maftunkor manzaralarini kuzatib, dam olib yuribman. Bu azim shaharda maroqli hordiq chiqarish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Muzey va galereyalar estetik zavq beradi, xalqingizning o‘ziga xos mehmondo‘stligi kishi bahri dilini ochadi.

Toshkentning osuda xiyobonlarida sayr qilib, yana bir jihat e’tiborimni tortdi – O‘zbekiston xalqi juda baxtli ekan. Oilasi va do‘stlari bilan sayr qilib yurgan odamlarning yuz-ko‘zlaridagi xotirjamlik, mamnuniyat shundan darak berib turibdi. Bunday mehridaryo, oilaparvar va mehmondo‘st xalqni boshqa joyda uchratish qiyin.

Yurtingizda qurilish, dizayn va interer sohalari ancha rivojlangan ekan. Binolar bir-biriga o‘xshamaydi, hammasi o‘zicha go‘zal. Mehmonxonalar, ofislar, xonadonlar eng zamonaviy interer bilan jihozlangan. Bu mamlakat iqtisodiyoti izchil rivojlanib, aholi farovonligi oshib borayotganidan dalolat.

Li Tiyedzyun, tadbirkor (Xitoy):

– O‘zbekistonga ilk bor kelishim. Ko‘p yillardan buyon mamlakatingizni, qadimiy va zamonaviy shaharlaringizni ko‘rishni orzu qilardim. Niyatimga yetdim. O‘zbekiston sehrli diyor ekan. Mamlakatingizda noyob muhandislik loyihalari asosida yaratilgan obidalar, osmono‘par minoralar, xalq amaliy san’ati durdonalarini ko‘rib hayratlandim. O‘zbekiston xalqining, ayniqsa, yoshlarining yuksak madaniyati va intellektual salohiyati menda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekistonda chet el sarmoyasini jalb etish bo‘yicha barcha shart-sharoit, imkoniyat va imtiyozlar yaratilgani xorijda keng e’tirof etiladi. Buning tasdig‘ini yurtingizning xalqaro aloqalari tobora kengayib borayotganida, taraqqiy topgan yetakchi davlatlar bilan hamkorlikda yirik loyihalar amalga oshirilayotganida ko‘rish mumkin.

Bu yurtdagi hamma narsa – odamlar yuzidagi baxtiyorlik, ahillik, milliy san’atingizning ulkan sehri meni o‘ziga mahliyo etdi. O‘zbekistonga maftun bo‘lib qoldim.

Dxaram Sarkar, o‘qituvchi (Hindiston):

– Bolalar sifatli ta’lim olishi, orzulariga yetishi uchun avvalo tinchlik-osoyishtalik kerak. Ko‘rib turibmiz, jahonning bir qator davlatlarida turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolar sabab ko‘plab bolalar ta’lim jarayoniga to‘la qamrab olinmayapti.

O‘zbekiston bolalari – baxtli bolalar. Yurtingiz tinch, yoshlar davlat rahbarining doimiy e’tiborida.

Sayohatim davomida yurtingizdagi ta’lim maskanlarini ko‘rdim, ulardagi shart-sharoitlar bilan tanishdim. O‘zbekistonda eng zo‘r binolar maktab va kollejlar ekan. Ulardagi zamonaviy komputer sinflari, zarur o‘quv-metodik adabiyotlar, turli xil laboratoriya uskunalari, sport zallari yoshlarning ma’nan hamda jismonan barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda.