O‘zbekiston sayyohlik salohiyati yuksalib bormoqda
Samarqand shahrida 1-3-oktabr kunlari BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. O‘zA muxbiri ushbu sessiyaning mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini targ‘ib etish va yanada rivojlantirishdagi ahamiyati, sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi raisining o‘rinbosari Anvar Temirxo‘jayev bilan suhbatlashdi.
Samarqand shahrida 1-3-oktabr kunlari BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. O‘zA muxbiri ushbu sessiyaning mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini targ‘ib etish va yanada rivojlantirishdagi ahamiyati, sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi raisining o‘rinbosari Anvar Temirxo‘jayev bilan suhbatlashdi.– O‘zbekiston qadim tarixi, noyob me’moriy obidalari, madaniy yodgorliklari, go‘zal va rang-barang tabiati bilan dunyo e’tiborini o‘ziga jalb etib kelmoqda, – deydi A.Temirxo‘jayev. – Yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi, xalqimizning bag‘rikengligi va mehmondo‘stligi turizmni rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida mamlakatimizning sayyohlik salohiyati tobora yuksalib bormoqda. Yangi-yangi zamonaviy mehmonxonalar, dam olish maskanlari barpo etilmoqda. Yangi sayyohlik yo‘nalishlari ishlab chiqilib, servis yaxshilanmoqda. Bu yurtimizga kelayotgan chet ellik sayyohlar oqimining kengayishi, ichki turizmning rivojlanishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va aholi farovonligining oshishida muhim omil bo‘layotir.
Mamlakatimiz tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n davlat qatorida turadi. Yurtimizda yetti mingdan ortiq me’moriy va arxeologik obidalar mavjud. Bunday bebaho meros xalqimizning bitmas-tuganmas boyligidir.
Yurtimiz tabiati g‘oyat rang-barang, betakror. Bu yerda purviqor tog‘lar ham, dashtu cho‘llar ham, daryoyu ko‘llar ham bor. Bu ekoturizmni rivojlantirish, sayohatlarni qiziqarli tashkil etish, hududlarning sayyohlik imkoniyatlarini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Bu imkoniyatlarni keng targ‘ib etish, kurortlar hamda sayyohlik tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Har bir hududning o‘ziga xos jihatlari, ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda. Masalan, tarixiy obidalar kamroq bo‘lgan joylarda ekoturizm, geoturizm, off-road sayohatlari, tog‘li zonalarda alpinizm, rafting kabi ekstremal turistik xizmatlar tashkil etilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Jizzax va Xorazm viloyatlarida bir qancha o‘tov oromgohlari, kempinglar, dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlari barpo etildi. Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i, Amudaryo va Aydarko‘l sohillari, Qizilqum cho‘li, Nurota va Boysun tog‘ tizmalari kabi tabiat go‘shalari bo‘ylab yangi sayyohlik yo‘nalishlari tashkil qilindi.
Xalqimizning ko‘p asrlik an’analari, etnografiyasi, hunarmandchiligi xorijliklarda alohida qiziqish uyg‘otadi. Bu xalq amaliy san’ati mahsulotlarida o‘z ifodasini topadi. Sayyohlarning qiziqishi va talabidan kelib chiqib, bunday mahsulotlarni suvenir holida tayyorlash bo‘yicha ishlab chiqarish tizimi rivojlantirilmoqda. Bugungi kunda besh yuzdan ortiq korxonada tayyorlanayotgan bejirim suvenirlar dunyo bo‘ylab tarqalmoqda.
Bunday tizimli ishlar samarasida mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar safi yildan-yilga kengayib borayotir. 2011-2013-yillarda mamlakatimizga kelgan xorijlik sayyohlar soni 129,5 foizga oshdi. Turistik xizmatlar hajmi 175,8 foiz, turistik xizmatlar eksporti esa 180,2 foiz o‘sdi. Mingdan ortiq sayyohlik tashkiloti, jumladan, 550 ga yaqin turoperator va agentliklar, qariyb 500 mehmonxona ularga xizmat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan hududiy dasturlarga muvofiq sayyohlik sohasini rivojlantirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, turistik obyektlarni qurish va ta’mirlash, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, turistik mahsulotlarni diversifikatsiya qilish, mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini targ‘ib etishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xizmat ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida yo‘ldosh sohalarni takomillashtirish – turizm sohasiga axborot texnologiyalarini keng joriy etish, bank xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish, avtomobil yo‘llari, sayyohlik obyektlarining muhandislik infratuzilmasini barpo etish va modernizatsiyalashga, havo va temir yo‘l transportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Turizm sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha milliy va xalqaro seminar-treninglar tashkil qilinmoqda.
Mamlakatimizning bu imkoniyatlarini xalqaro miqyosda namoyish etish maqsadida “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi, sohaga oid ko‘plab tadbirkorlik subyektlari xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, joriy yilda yurtimiz sayyohlik tashkilotlari Madrid, Riga, Berlin, Parij, Istanbul, Tokio kabi o‘nlab shaharlarda o‘tkazilgan turizm anjumanlarida o‘z takliflari bilan qatnashdi.
Kompaniyamiz tomonidan o‘tgan yili sayyohlar uchun qator foydali loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, welcomeuzbekistan.uz sayti ishga tushirildi. Mazkur veb-sahifa orqali sayyohlar mamlakatimizdagi tarixiy yodgorliklar, sayyohlik yo‘nalishlari, gidlar, tarjimonlar, milliy qonunchilik, tarix, geografiya, iqlim, xalq amaliy san’ati, madaniyat va urf-odatlar, nabotot va hayvonot olami, muzeylar, restoranlar va boshqalar haqida zarur ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin.
“Evronyus” telekanalida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqidagi reklama roliklari namoyish qilinmoqda.
– BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasini o‘tkazishga tayyorgarlik haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.
– BMT Jahon sayyohlik tashkiloti a’zolari Ijroiya kengashning ushbu sessiyasini aynan Samarqand shahrida o‘tkazishni bir ovozdan ma’qullagani bejiz emas. Samarqandda azaldan ilm-fan, savdo va hunarmandchilik rivojlangan. Butun dunyo olimlari, savdogarlari, sayohatchilari bu yerga intilgan. Bugungi til bilan aytganda, Samarqand hamisha turizm markazi bo‘lgan. Bu ko‘hna shaharning YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani, YuNVTOning mintaqadagi yagona – Buyuk ipak yo‘lida sayyohlikni rivojlantirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha mintaqaviy ofisi shu shaharda joylashgani ham uning xalqaro ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi.
Mazkur sessiya jahon jamoatchiligini mamlakatimizning sayyohlik borasidagi ulkan salohiyati bilan yanada kengroq tanishtirish, xorijning sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash uchun yana bir qulay imkoniyatdir. Anjuman ishtirokchilari yurtimizning boy tarixiy va madaniy merosi, fusunkor tabiati va turizm infratuzilmasi, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi tarixiy, ilmiy va madaniy obidalar, istiqlol yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishadi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 1-avgustdagi farmoyishiga muvofiq ushbu tadbirlarni yuksak saviyada o‘tkazish uchun katta tayyorgarlik ko‘rildi.
Mamlakatimizda 6-8-oktabr kunlari yana bir xalqaro anjuman – “Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi o‘tkaziladi. Bu yurtimiz sayyohlik salohiyatini jahon miqyosida keng targ‘ib etish, xorijlik sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish borasidagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ladi. Tadbir doirasida mamlakatimizga sayyohlarni kengroq jalb qilish bo‘yicha chet ellik mutaxassislar bilan o‘zaro fikr va tajriba almashiladi, bu boradagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Qisqacha aytganda, ushbu anjumanlar mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirish, turizm sohasini rivojlantirish borasidagi ishlarga yangi sur’at bag‘ishlaydi.