French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston – Rossiya taʼlim forumi boshlandi
10:07 / 2018-10-18

Poytaxtimizda Oʻzbekiston – Rossiya taʼlim forumi boshlandi.


Poytaxtimizda Oʻzbekiston – Rossiya taʼlim forumi boshlandi. 

Mazkur yirik xalqaro forum davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida oʻtkazilmoqda. 

Maʼlumki, yurtimizda oliy taʼlim tizimiga mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim boʻgʻini sifatida eʼtibor qaratilib, sohada jamiyat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlariga mos ravishda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Birgina 2018/2019 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalarida zamonaviy yoʻnalishlarda malakali kadrlar tayyorlash hajmi va sifatini oshirish boʻyicha keng koʻlamdagi tadbirlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 13 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi, ularning uchtasi nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallaridir.

Iqtisodiyotning real sektorida mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda joriy oʻquv yilidan boshlab 66 ta zamonaviy taʼlim yoʻnalishi va 48 ta magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Jamiyatda oliy taʼlim olishga boʻlgan talabdan kelib chiqqan holda taʼlim shakllari va qabul kvotalari muntazam oshirilmoqda. Bugungi kunda fuqarolar kunduzgi, kechki, sirtqi, maxsus sirtqi, ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim kabi taʼlim shakllarida oliy taʼlim olish imkoniyatiga egalar. Qabul kvotalari jamiyatdagi mavjud ehtiyoj va rivojlanish surʼatiga qarab oshirib borilmoqda, oxirgi uch yilda bu koʻrsatkich ikki barobar koʻpaydi.

Yangi oʻquv yilidan 15 ta oliy taʼlim muassasasida yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma diplom dasturi asosida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilib, ularda faoliyat koʻrsatadigan 500 dan ortiq professor-oʻqituvchilar xorijiy taʼlim markazlarida stajirovka oʻtab kelishdi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan 8 ta filial, 22 ta qoʻshma fakultet, 46 ta ikki tomonlama qoʻshma dasturlarni joriy qilish boʻyicha muzokaralar olib borildi. Mingdan ortiq xorijiy mutaxassisni respublika oliy taʼlim muassasalarida pedagogik va ilmiy faoliyatga jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanish hamda oʻzaro tajriba almashish borasida, ayniqsa, Rossiya Federatsiyasi bilan strategik ahamiyatga ega hamkorlik aloqalarini olib bormoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda Rossiyaning M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, G.Plexanov nomli Rossiya iqtisodiyot universiteti kabi dunyo miqyosidagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarining Toshkent shahridagi hamda Rossiya “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filiallari faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda 2140 nafar malakali kadr tayyorlanmoqda.

Birgina joriy oʻquv yilidan boshlab respublikamizdagi toʻrtta oliy taʼlim muassasasida Rossiyaning nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikda ikki tomonlama diplom berish boʻyicha qoʻshma dasturlar asosida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyuldagi qarori bilan Toshkent shahrida “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasining filiali tashkil etildi va keyingi oʻquv yilidan filialda oʻquv jarayonlari boshlanadi.

2018 yil 1 avgustda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Moskva shahridagi yadro tadqiqotlari, muhandislik-fizika sohasiga oid institutlar bilan magistratura boʻyicha hamkorlik qilish yuzasidan shartnoma imzoladi. Shartnomaga koʻra mazkur oliy taʼlim muassasasida oʻzbekistonlik talabalar uchun 2018/2019 oʻquv yilida “Yadroviy energetika va issiqlik fizikasi” hamda “Yadro fizikasi va texnologiyalari” mutaxassisliklari boʻyicha qadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.

Shu yilning oktyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi S.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti bilan institutning Toshkent shahrida filialini ochish va kino sohasida yetuk mutaxassislarni tayyorlash, malaka oshirish va tajriba almashish borasida hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishdi.

Ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim tizimidagi oʻzaro strategik hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasining qator yetakchi oliy taʼlim muassasalari tashabbusi bilan ilk marotaba Oʻzbekiston – Rossiya taʼlim forumi oʻtkazilmoqda.

Xalqaro forum ishida ikki davlat Prezidentlari administratsiyalari, Hukumat rahbarlari, Oʻzbekiston oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri va Rossiya Federatsiyasining taʼlim va fan vaziri hamda Rossiyaning 80 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirok etayapti. 

Xalqaro forumning maqsadi Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida zamonaviy yoʻnalish va mutaxassisliklar boʻyicha malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot sohasida oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.

Oʻzbekiston – Rossiya taʼlim forumida Oʻzbekiston va Rossiya oliy taʼlim muassasalari rektorlari oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish barobarida dolzarb vazifa va masalalarni toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotda birgalikda muhokama etadi.

Mazkur nufuzli anjuman Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma dasturlar asosida talabalarni oʻqitish, fakultet va kafedralar filiallarini tashkil qilish, oʻqituvchilar malakasini oshirish, maqsadli ilmiy izlanishlar olib borish, oʻquv va ilmiy adabiyotlar almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish uchun zamin yaratiladi.

Xalqaro forum doirasida Rossiyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalari va respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida malakali mutaxassislarni hamkorlikda tayyorlash maqsadida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha shartnomalar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Oʻzbekiston – Rossiya taʼlim forumining muvaffaqiyatli oʻtkazilishi natijasida Rossiya Federatsiyasidagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarining yurtimizda filiallarini tashkil etish, ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida akademik tayyorgarlik, qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, talabalarning ilmiy va innovatsion forumlarini oʻtkazish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar va boshqa tadbirlarni olib borish borasida kelishuvlarga erishiladi. Kelishuvga erishilgan yangi filial va qoʻshma dasturlarda iqtisodiyotimizning real sektorlarida ehtiyoj mavjud boʻlgan kadrlar xalqaro standartlar asosida tayyorlanadi. Ikki davlat oliy taʼlim muassasalari uchun muloqot kanali tashkil etilib, kelgusida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va kelishuvga erishish uchun imkoniyat yaratiladi.