English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston - Rossiya: kengaytirilgan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligi sari
13:30 / 2020-08-20

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ishonchli munosabatlar rivojining yuqori surʼati hamda turli darajadagi ikki tomonlama hamkorlikning ochiq va konstruktiv xususiyati qayd etildi.


Hukumatimiz delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida Moskva shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi oʻrinbosari Aleksey Overchuk oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqot chogʻida oʻzaro savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligi masalalarining keng koʻlami muhokama qilindi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ishonchli munosabatlar rivojining yuqori surʼati hamda turli darajadagi ikki tomonlama hamkorlikning ochiq va konstruktiv xususiyati qayd etildi. Tomonlar ustuvor sohalardagi hamkorlik dinamikasini ijobiy baholab, iqtisodiy sheriklik va sanoat kooperatsiyasining yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish aniq kelishuvlarga erishishda muhim ahamiyatga ega ekani toʻgʻrisida yakdil fikrga keldilar.

Rossiya va Oʻzbekistondagi epidemiologik vaziyat barqarorlashishi asnoida yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va savdo shartnomalari tuzish maqsadida vazirlik, idoralar va hududiy maʼmuriyatlar rahbarlari hamda tadbirkorlik vakillari tashriflarini tashkil etish istiqboli koʻrib chiqildi.

Shuningdek, birgalikda oʻtkazilishi rejalashtirilgan bir qator tadbirlar, jumladan, II Mintaqalararo hamkorlik forumi, Xalq xoʻjaligi yutuqlari koʻrgazmasi (XXYUK) hududida “Oʻzbekiston Respublikasi koʻrgazma madaniy markazi”ning ochilishi, Moskva shahrida “Made in Uzbekistan” Milliy koʻrgazmasi, Taʼlim forumi va Mediaforumini yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida ikki davlat tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Rossiya Federatsiyasida Oʻzbekiston fuqarolari mehnat faoliyatini tashkil etishning oshkora mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutgan holda RF hududidagi oʻzbekistonlik migrantlar faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar amaliy hamkorlik va aniq choralarni amalga oshirish, shu jumladan, tegishli hukumatlararo bitimlarni tezkor ravishda tuzish hamda mehnat migratsiyasi sohasida maxsus mexanizmlar yaratish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha yaqin kelajakda ikki tomonlama hamkorlikni ilgari surish yuzasidan amalga oshiriladigan qoʻshma tadbirlar kelishib olindi va muhokama etilgan yoʻnalishlar doirasida kelgusida birgalikda ish olib borish boʻyicha aniq choralar belgilandi.