Oʻzbekiston – Rossiya ishbilarmonlar kengashi majlisi boshlandi
ONLAYN. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida “Oʻzekspomarkaz”da Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi I hududlararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtmoqda.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida “Oʻzekspomarkaz”da Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi I hududlararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtmoqda.
Ayni paytda “Xalqaro savdo markazi”da (ITC) Oʻzbekiston – Rossiya ishbilarmonlar kengashi majlisi boshlandi.
Majlisda Oʻzbekiston – Rossiya oʻrtasidagi savdo-investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy va hududlararo iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirish, mamlakatlarimizning savdo aylanmasi hajmini oshirish, kooperatsiya, ishlab chiqarish, sanoat, oziq-ovqat, toʻqimachilik, turizm, qishloq xoʻjaligi, energetika, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi aloqalar istiqbollari haqida soʻz yuritilmoqda.
Mazkur mavzular boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri B.Xoʻjayev, Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari G.Kalamanov, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Rossiya – Oʻzbekiston ishbilarmonlar kengashi prezidenti, Rossiya Federatsiyasi Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi va kengashi aʼzosi F.Degtyarev va boshqa mutasaddilar maʼruza qilmoqda.
Majlisda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Andijon, Namangan viloyatlari, Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari, Tatariston Respublikasi, Orenburg, Ivanov, Rostov, Astraxan, Sverdlovsk, Novosibirsk, Tyumen, Leningrad, Nijegorod, Penzan oblastlaridan kelgan ishbilarmon doira vakillari ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston – Rossiya ishbilarmonlar kengashi majlisi Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi I hududlararo hamkorlik forumi doirasidagi muhim tadbirlardan biridir. Ushbu kengash ikki davlat savdo-sanoat palatalari negizida 2005 yili tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadi mamlakatlarimiz ishbilarmonlari oʻrtasida faol sheriklik oʻrnatish uchun qulay sharoit yaratish, hamkorlikda sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, kooperatsiyani rivojlantirish yoʻlidagi mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish sanaladi.
Majlisda ikki mamlakatdan 300 dan ziyod vakil qatnashmoqda.