Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy tendensiyalari nimalardan iborat edi?
18:08 / 2020-01-09

Mamlakatning ravnaqi va kelajagi uning iqtisodiy muvaffaqiyatlari bilan bog‘liq.


Makroiqtisodiy siyosat va iqtisodiy o‘sish

Mamlakatning ravnaqi va kelajagi uning iqtisodiy muvaffaqiyatlari bilan bog‘liq. Shu bois, yil yakunida qilingan ishlar sarhisob qilinib, keyingi rejalar belgilanib olinadi.

Xo‘sh, respublikamizda o‘tgan yilda erishilgan yutuqlarda qanday tendensiyalar muhim rol o‘ynadi?

2019 yil yakunlariga ko‘ra, yalpi ichki mahsulotning (YaIM) o‘sish sur’ati 5,4 foiz belgilangan prognoz ko‘rsatkichi o‘rniga 5,5 foizni tashkil etdi hamda 2018 yilda erishilgan 5,1 foiz ko‘rsatkichidan yuqori bo‘ldi.

YaIM o‘sish sur’ati asosan sanoatning 6,4 foizga (prognoz – 5,2 foiz), qurilish 11,8 foizga (8,4 foiz) va xizmatlarning 6,1 foizga (6,3 foiz) oshishi hisobiga ta’minlandi.

Aholi jon boshiga YaIM hajmi 1 741 dollarni tashkil etib, 2018 yilga qaraganda 13,6 foizga oshdi (2018 yilda – 1 533 dollar). 2017 yilda milliy valyutaning ikki marta qadrsizlanishiga qaramasdan, 2019 yilda dollar ekvivalentidagi YaIM hajmi deyarli devalvatsiya amalga oshirilgan davrdagi ko‘rsatkichni qayd etdi.

Ma’lumot uchun aytish joizki, nominal YaIMning dollar ekvivalentidagi hajmi 2017 yilda 59,1 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda qariyb 58,3 milliard dollarni yoki 99 foizini tashkil etdi. 2018 yilda bu ko‘rsatkich
50,5 milliard dollardir.

YaIM umumiy o‘sishida 1,9 foiz bandi xizmatlar, 1,5 foiz bandi sanoat, 0,9 foiz bandi qishloq xo‘jaligi, 0,6 foiz bandi qurilish va 0,6 foiz bandi mahsulotga sof soliqlar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Iqtisodiy o‘sishning barqarorligi iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan yalpi taklif va ichki talab o‘rtasidagi o‘zaro muvozanati, investitsiyalarni yuqori sur’atda ya’ni 28,6 foizga hamda aholi real daromadlarini 10 foizga o‘sishini qo‘llab-quvvatlash hisobiga ta’minlandi.

Bu kabi erishilgan natijalarga qaramasdan, aholi jon boshiga YaIM hajmi jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichidan anchagina orqada qolmoqda va demografik holatni inobatga olganda iqtisodiyot qamrov darajasining pastligi, aholi daromadlari va jamg‘armalarining cheklanganligidan dalolat beradi.

Mehnat bozorida kuchli demografik bosimning saqlanib qolinishi va natijada yetarli miqdordagi ish o‘rinlarini yaratish muammosi ishsizlik darajasini kamaytirish masalalarini hal etishni murakkablashtiradi.

Murakkab vaziyatning asosiy sabablari

Bu birinchidan, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq muammolarni hal etish jarayoni jahon tajribasidan kelib chiqib, uzoq muddatni talab etadi. Ikkinchidan esa bozor iqtisodiyotini shakllantirishda fundamental xarakterga ega bo‘lgan muammolar xususan, mulkchilikka bo‘lgan munosabat, tovar va xizmat bozorlarini monopoliyadan chiqarilishi, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va uning natijalarini taqsimlash hamda fuqarolik jamiyatini boshqarish jarayonlariga imkoni boricha ko‘proq aholini jalb qiladigan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda inklyuziv institutlarni shakllantirish to‘liq hal etilmadi.

Inflyatsiya darajasi

2019 yilda inflyatsiya darajasi 15,2 foizni tashkil etdi va bu prognoz bo‘yicha 15,5 foizdir.

Yil davomida oziq-ovqat tovarlari 18,6 foizga oshdi, xususan, narxlarning erkinlashtirilishi natijasida 1-navli bug‘doy unidan tayyorlangan non o‘rtacha 44,6 foizga hamda go‘sht mahsulotlaridan mol go‘shtining narxi 26,6 foizga qimmatlashdi.

Nooziq-ovqat tovarlar narxlari 10,9 foizga o‘sib, ular orasida inflyatsiya darajasining o‘sishi avtotransport vositalariga yonilg‘i narxlarining 20,8 foizga oshishi bilan bog‘liq.

Xizmatlarga tariflar 15,2 foizga o‘sib, bunda asosan tartibga solinadigan tariflar ya’ni uy-joy kommunal to‘lovlari o‘rtacha 17,8 foizga, Oliy ta’lim muassasalarida to‘lov shartnoma asosida o‘qish 30,6 foizga oshgan.

Inflyatsiya darajasining yuqori bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun cheklovchi qator choralar ko‘rildi. Bunda tovarlar bozorida raqobat muhitini cheklovchi, manzilli va individual xarakterdagi soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish amaliyoti bekor qilindi.

2019 yilda yuqori inflyatsiya darajasini saqlanib qolinishining asosiy sabablari, tartibga solinadigan narxlarning erkinlashtirilishi (3,6 foiz), milliy valyuta kursining devalvatsiyasi (3,7 foiz), iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalarining o‘sishi, davlat budjeti taqchilligi va ish haqi (4,1 foiz), inflyatsiya kutilishi (2,1 foiz) va boshqa omillar (1,7 foiz) hisobiga to‘g‘ri keldi.

Inflyatsiyaga ta’sir etuvchi tarkibiy omillardan kelib chiqib, 2020 yilda narxlarning o‘sishi prognoz parametrlarini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari qanday bo‘ladi?

Bu tarif siyosati bilan birgalikda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini monopoliyadan chiqarish va tarkibiy o‘zgarish jarayonlarini faollashtirish, kreditlarning o‘sishini (25 foiz) prognoz doirasida ta’minlash va haddan tashqari davlat budjeti taqchilligining o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab etadi. Bundan tashqari, bank tizimida direktiv kreditlash amaliyotidan voz kechib, moliya bozorida raqobat muhitini yaratishga qaratilgan islohotlar davom ettiriladi.

Shuningdek, iqtisodiyotda mehnat unumdorligini o‘sishiga muvofiq ish haqi miqdorini oshirishga o‘tilishini ta’minlash, biznes va aholi o‘rtasida energiya resurslari tariflarining o‘sishi to‘g‘risida xabardorlikni oshirish choralarini ko‘rish lozim.

Umuman olganda, vakolatli organlar inflyatsiyani pasaytirish tamoyiliga tayangan holda, samarali tarkibiy o‘zgarishlarni, investitsiya faolligining o‘sishi va iqtisodiy o‘sishdan olingan daromadlarni inklyuziv taqsimlash omillari orqali amalga oshiradi.

Davlat budjetining ijrosi

2019 yilda Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 137 trillion so‘mni (YaIMga nisbatan 26,1 foiz) yoki 2018 yilga nisbatan 27 foizga ko‘paydi (2018 yilda daromadlar 108 trillion so‘mni tashkil etgan).

2019 yilda Davlat budjeti daromadlari ijrosi 112,1 trln. so‘mni tashkil etib, yil davomida belgilangan prognoz 9,5 trln. so‘mga oshirib bajarilgan.

Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining daromadlari 24,3 trln. so‘mni tashkil etib, belgilangan 19,0 trillion so‘m prognoz, 5,4 trillion so‘mga oshirib ijro etildi.

Davlat budjeti va Pensiya jamg‘armasi daromadlarining ko‘payishiga quyidagi asosiy omillar ta’sir etgan:

iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmining real o‘sishi;

olib borilgan soliq islohotlariga muvofiq QQS, yuridik shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, mulk solig‘i va yer solig‘ining soliq bazalari kengayishi;

jismoniy shaxslar daromad solig‘ida yagona 12 foizli stavkaning joriy etilishi va Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badalining bekor qilinishi hisobiga ish haqining sezilarli o‘sishi hamda soliq ma’muriyatchiligini kuchaytirish munosabati bilan ish o‘rinlarini tashkil etish va legallashtirishi;

2019 yil 1 oktabrdan boshlab, import qilingan tovarlar uchun bir qator bojxona imtiyozlari bekor qilindi.

Import qilinadigan tovarlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishi munosabati bilan qo‘shimcha daromad 828 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Bunda asosan, yog‘och mahsulotlari - 220 mlrd. so‘m va avtomobilsozlik sanoati - 213 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

2019 yilda Konsolidatsiyalashgan budjetning (Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari) xarajatlari 144,7 trillion so‘mni (YaIMga nisbatan 27,6 foiz)ni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan 37 foizga ko‘paydi. Ulardan davlat budjeti xarajatlari 117,8 trillion so‘mni (o‘sish 49 foiz)
yoki tasdiqlangan xarajatlarga nisbatan 12,2 trillion so‘mga ortiqni tashkil etdi.

Davlat budjetining qo‘shimcha xarajatlari asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi, davlat hokimiyati organlarining qarorlariga muvofiq “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlarini amalga oshirishga, ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish (kapital ta’mirlash) uchun sarf-xarajatlar hajmini oshirishga hamda davlat sektori xodimlariga ish haqi to‘lashga yo‘naltirilgan.

Ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar, jumladan kapital xarajatlar hisobga olgan holda 61,3 trillion so‘mni yoki davlat budjeti xarajatlarining 52 foizini tashkil etdi. Davlat sektori xodimlariga ish haqini to‘lash xarajatlari hajmi 52,5 trillion so‘mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan 39 foizga ko‘paydi.

Davlat qarzi bilan bog‘liq xizmat xarajatlari (foiz xarajatlar) 1,1 trillion so‘mni tashkil qilib, 2018 yilga nisbatan 3 baravarga ko‘pdir.

Konsolidatsiyalashgan budjet (Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari bilan birga) taqchilligi 2019 yilda 7,7 trln. so‘mni yokida YaIMga nisbatan 1,5 foizni tashkil qildi. Bunda davlat budjetining taqchilligi YaIMga nisbatan 1,1 foizni tashkil etdi.

Shu bilan birga, budjet taqchilligi hamda 2,1 trillion so‘m asosiy qarzni qoplash xarajatlari quyidagi moliyaviy manbalar:

2019 yil boshiga nisbatan respublika budjeti va Pensiya jamg‘armasining qoldiq mablag‘lari - 3,1 trillion so‘m;

davlat tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar - 1,1 trillion so‘m;

budjetni qo‘llab quvvatlash uchun Xalqaro moliya institutlarining qarz mablag‘lari - 5,6 trillion so‘m yoki 621 million AQSh dollar ekvivalenti hisobiga qoplanadi.

Tarkibiy islohotlarni jadallashtirish va tarmoqlarni moliyalashtirish

2019 yilda markazlashmagan investitsiyalar birinchi navbatda iqtisodiyot tarmoqlarida tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirishga olib keladigan yoqilg‘i-energetika, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj, kimyo, elektrotexnika, zargarlik, metallurgiya va boshqa sanoat tarmoqlarini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltirildi. Natijada, 145 ta yirik ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilib, iqtisodiyotda sanoatlashuv darajasi o‘sish tendensiyasi kuzatilib, YaIM tarkibida sanoatning ulushi 2018 yildagi 26,3 foizdan 2019 yilda 29,0 foizga oshdi.

Yil yakuni bilan iqtisodiyotga investitsiyalar hajmi 128,6 foizga o‘sib, qariyb 21 milliard dollarni tashkil etdi.

Biroq bugungi kunda investitsiyalar tarkibida sanoatga yo‘naltirilgan investitsiyalarning ulushi 33,4 foizini tashkil etganligi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqaradigan raqobatbardosh tarmoqlarni yaratish uchun yetarli emas.

Shu o‘rinda, investitsiya va eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlarni rivojlantirish o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik mavjud bo‘lmay qolmoqda. Xususan, investitsiyalarning katta oqimi, jumladan xorijiy va respublikaning tijorat banklari mablag‘lari konchilik tarmoqlariga (neft xom-ashyosi, tabiiy gaz va metall rudalarini qazib olish) to‘g‘ri keladi. Qayta ishlovchi sanoat tarmoqlarida yengil sanoat va qurilish materiallari asosiy o‘rin egalamoqda.

Ta’kidlash joizki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining o‘tgan yilga nisbatan keskin o‘sishi asosan neft xom-ashyosi va tabiiy gaz qazib olish, qurilish materiallari va yengil sanoat tarmoqlariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, yuqori eksport salohiyatiga ega bo‘lgan mashinasozlik, elektrotexnika, metallurgiya, kimyo va farmasevtika kabi sanoat tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish nisbatan past darajada bo‘ldi.

Shuningdek, neft va gaz, elektr energiya va havo transporti kabi bazaviy tarmoqlarda boshlangan tarkibiy o‘zgartirishlar hali yakuniga yetkazilmadi.

Tariflarni oshirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilamaydi balki, sohaga qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishni ta’minlovchi neft-gaz
va elektr energiya tarmoqlarida tarkibiy o‘zgarishlarga qaratilgan
chora-tadbirlarni kechiktirmasdan o‘z vaqtida amalga oshirishni talab qiladi.

Iqtisodiyotda sanoatning diversifikatsiya jarayoni past darajada saqlanib qolmoqda, bundan kelib chiqib, holatni yaxshilash uchun sanoat tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan 13 ta tarmoq dasturlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish lozim.

Ayrim mahsulotlar bozorida (neft mahsulotlari, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqalar) talab va taklif o‘rtasida nomutanosibliklar kuzatilmoqda.

Iqtisodiyotning qator tarmoqlarida tannarxning yuqoriligi va mehnat unumdorligining pastligi mahalliy mahsulotlarning ichki va tashqi bozordagi raqobatbardoshligini pasaytirmoqda.

Asosiy tovar va xizmatlar bozorida davlat korxonalarining monopol mavqei saqlanib qolinmoqda. Jumladan, Oziq-ovqat, yog‘-moy va paxta tozalash sanoatini boshqarish tizimida ularning iqtisodiyotdagi monopol mavqeini pasaytirishga qaratilgan islohotlar yakunlanmadi.

Markazlashgan investitsiyalar hajmi ijtimoiy va sanoat infratuzilmalari, shuningdek, boshqa davlat ob’ektlar loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lib, 2018 yilga nisbatan 66 foizga oshdi.

Vazirlik, idora va mahalliy boshqaruv organlari kapital qo‘yilmalarning yuqori o‘sish sur’atlariga qaramasdan, kelgusi moliyaviy davr uchun ajratilgan budjet mablag‘lari hajmiga mos kelmaydigan va belgilangan muddatlar inobatga olinmasdan kiritiladigan, investitsiya arizalarni taqdim etish bo‘yicha budjet intizomi mavjud emas.

Shuningdek, ayrim ijtimoiy yo‘nalishlardagi tarmoqlarni rivojlantirish strategiya va konsepsiyalarining mavjud emasligi, loyiha tashabbuskorlariga ajratilgan kapital qo‘yilmalarni kompleks va samarali o‘zlashtirishini ta’minlamayapti.

Vazirliklar, idora-buyurtmachilarda loyiha hujjatlarini texnik tavsiflarni ishlab chiqish tizimi mavjud emas, bu esa bajariladigan ishlar xarajatlarining asossiz o‘sishiga, shuningdek, tasdiqlangan hujjatlarni o‘zgartirishga olib keladi.

Bundan tashqari, alohida loyihalar (ob’ektlar) bo‘yicha ishlarni bajarish bilan loyiha hujjatlar bir vaqtda ishlab chiqish amaliyoti saqlanib qolmoqda, bu esa budjet ajratmalarini rejalashtirishda zarur bo‘lgan kapital qo‘yilmalar miqdorini aniq belgilashga imkon bermaydi.

Ishlarni bajarish vaqtida loyiha hujjatlarining mavjud emasligi bajarilgan ish hajmi narxining oshishiga, ishlab chiqarish va qurilish jarayonlarini tashkil etish sifatini zaruriy nazoratini zaiflashishiga olib keladi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat

Sanoat o‘sishining rag‘batlantiruvchi muhim omillaridan biri tashqi talab bo‘lib, u eksportning o‘sishi bilan ifodalanadi. 2019 yilning 11 oyi natijalariga ko‘ra, tovarlar va xizmatlar eksporti (qimmatbaho metallar va tabiiy gazdan tashqari) 122,7 foizga va eksportyor korxonalar soni 1 138 taga oshdi.

Shu bilan birga, umumiy eksport tarkibida xom-ashyoga yo‘naltirilganlik darajasi saqlanib qolmoqda (57,2 foiz), yoki tovarlar eksportida ushbu ko‘rsatkich 70,8 foizni tashkil etmoqda.

Xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar tomonidan tovarlar va xizmatlar eksporti 2,3 mlrd.dollarni (umumiy eksportning 14,1 foiz), shundan xizmatlar eksporti 54,1 mln.dollarni tashkil etdi.

Eksportning xom-ashyoga yo‘naltirilishining asosiy sabablari:

- tayyor mahsulot tannarxining yuqoriligi natijasida raqobatbardosh emasligi (masalan qo‘shni davlatlardan maishiy elektr texnikalarini import qilish, bojxona to‘lovlari va transport xarajatini inobatga olgan holda ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlaridan arzonga tushadi);

- milliy sifat standartlarini xalqaro satandartlarga nomuvofiqligi yoki ularni ko‘plab xorijiy mamlakatlarda tan olinmasligi hisoblanadi.

Meva va sabzavotlar ulushi jami eksportda 7 foizni tashkil etib o‘tgan yilga nisbatan 137,9 foizga o‘sdi. Bunda asosiy ulushni sabzavotlar (38,7 foiz) egalladi. Ushbu mahsulotlarni eksport qilinishiga to‘sqinlik qiluvchi omillar:

mazkur mahsulotlarning sifati import qiluvchi mamlakatning fitosanitar talablariga mos kelmasligi; saqlash quvvatlarining yetarli emasligi; xorijiy ulgurji va chakana savdo tarmoqlari bilan aloqalarning yo‘qligi hisoblanadi.

Qayta ishlash tarmoqlarida eksportning eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi to‘qimachilik mahsulotlariga (124,6 foiz) to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, ushbu mahsulotlar eksportida ip kalava eksportining yuqori ulushi saqlanib qolinmoqda. Bunda, tarmoqda GSP+ tizimiga qo‘shilish jarayonlari yakunlanmaganligi, aralash gazlamaning yo‘qligi tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Shuningdek, metallurgiya, charm-poyabzal sanoatida ishlab chiqarish hajmlari o‘sishiga qaramay, ushbu tarmoqlar bo‘yicha eksport hajmi pastligicha qolmoqda.

2019 yilning yanvar-noyabr oylarida eksportdan tushgan valyuta tushumi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,1 foizga o‘sib, tabiiy gaz eksporti bilan birga 8,4 mlrd.dollarga yetdi. Bunda, 2019 yilning 1 dekabr holatiga eksport amaliyotlari bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzi 501,7 mln.dollarni tashkil etdi.

2019 yilning 11 oyida tovarlar importi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,5 mlrd.dollarga o‘sib, 19,8 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Uning tarkibida asosiy ulushni mashina va uskunalar, shu jumladan butlovchi va ehtiyot qismlar (44,1 foiz), kimyo va undan tayyorlangan mahsulotlar (13 foiz), shuningdek oziq ovqat mahsulotlari (7,6 foiz) egalladi.

2019 yilning yanvar-noyabr oylarida import to‘lovlarining summasi 18,6 mlrd.dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizga o‘sgan. Bunda, 2019 yilning 1 dekabr holatiga import amaliyotlari bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzi 490,8 mln.dollarni tashkil etdi.