Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi qonuniga 30 yil...
11:37 / 2020-10-30

30 yil... Bir qarashda tarix uchun bir chimdimdek boʻlsada, ammo u ana shu tarixning navbatdagi sahifalari uchun oʻziga xos oʻtish raundidir.


30 yil... Bir qarashda tarix uchun bir chimdimdek boʻlsada, ammo u ana shu tarixning navbatdagi sahifalari uchun oʻziga xos oʻtish raundidir. 

Boshqacha aytganda, shu bosqich oʻtilmasdan qolmaydi-da.

Qonun 1990-yil 31-oktyabrda 152-XII-son va “Oʻzbekiston SSJda mulkchilik toʻgʻrisida”gi (J – jumhuriyat) degan nom bilan qabul qilingan edi. Ushbu sanadagi qonun matnida 40 modda mavjud edi. Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasi (asosiy qonuni)ga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi 1991-yil 30-sentyabrdagi 364-XII-sonli Qonuniga muvofiq mazkur Qonunning nomidagi hamda matnidagi “Oʻzbekiston SSJ” degan soʻzlar tegishli kelishikdagi “Oʻzbekiston Respublikasi” degan soʻzlar bilan almashtirilgan. Shuningdek, “Qoraqalpogʻiston ASSR”, “Qoraqalpogʻiston MSSJ” degan soʻzlar tegishli kelishikdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasi” degan soʻzlar bilan almashtirilgan. Shaklan yana bir oʻziga xos jihat kamdan-kam qonunlarimizda “muqaddima” uchraydi. 

“Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonun ana shunday kam sondagi qonunlardan biridir. Oʻtgan yillar mobaynida qonundan 7 ta modda chiqarilib, 3 ta yangi norma kiritildi. De yure/de facto hozirda 36 ta moddadir.

Qonun bilan Respublikada birinchi marta mulkiy huquq tan olindi va qonun bilan muhofaza etiladigan kategoriya ekanligi, mulkdor oʻziga tegishli mol-mulkka oʻz ixtiyoriga koʻra egalik qilishi, undan foydalanishi va tasarruf etishi belgilandi. Qonun oʻsha davr, tarix va mafkuraviy jihatdan oʻta progressiv ahamiyatga ega edi.

Qonunga koʻra, mulkning keng shakllari eʼtirof etildi. Mulkdor oʻz mulkidan qonun bilan taqiqlanmagan har qanday xoʻjalik yoki boshqa faoliyatni amalga oshiradigan boʻldi.
Mulk va mulk shakllari barcha makon va zamonlarda uzoq bahs-munozaralarga sabab boʻlib kelgan. Kishilar (shaxslar) oʻz qoʻllarida toʻplagan mol-mulk (boylik)lariga qarab, aytish mumkinki, ularning jamiyatdagi ijtimoiy mavqei belgilangan. Mulk shakllari barcha davrlarda ikki xil maʼnoda talqin etilgan. Birinchidan, iqtisodiy maʼnodagi mulk shakllari, ikkinchidan, yuridik maʼnodagi mulk shakllari.

Umumiy qoidaga koʻra, iqtisodiy maʼnoda mulk aynan kimga yoki kimlarga foyda keltirishiga qarab shakllarga boʻlinsa (ayni ushbu qonun aynan shu nuqtayi nazardan mulkni shakllarga boʻlgan), yuridik maʼnoda esa mulk moddiy neʼmatlarning subyektlarga tegishli boʻlishiga (aynan ashyoga nisbatan tasarruf etish elementining tegishliligiga qarab) koʻra shakllarga ajratiladi.

Mulkning shakllarga boʻlinishi xususida fanda turlicha qarashlar mavjud. Baʼzilar “mulk shakli” iborasi huquqiy mezon emas, aksincha iqtisodiy mezondir, deydilar. Bu holat, birinchidan, mulk shakllari iqtisodiy mezon sifatida nafaqat mulk huquqi shaklida huquqiy ahamiyat kasb etadi, balki boshqa shaklda ham ahamiyatlidir; ikkinchidan, iqtisodiy va huquqiy munosabatlardagi mulk subyektlari har doim bir xil emasligi bilan ifodalanadi. Shunday ekan, iqtisodiy maʼnoda mulkning bir necha shakli boʻlishi mumkin, yuridik maʼnoda esa faqat bitta mulk huquqi mavjud. 

Darhaqiqat, mavjud ashyoga (yoki mol-mulkka) bitta mulk huquqi shakli mavjud, yaʼni mulkni egallash, undan foydalanish va uni tasarruf etish bilan bogʻliq huquqlar majmui – mulk huquqining yagona shaklini tashkil etadi. Biroq mulkning yagona shakli mavjud boʻlsada, mulk huquqi tegishli boʻlgan subyektlar turli-tumandir. Bular fuqarolik huquqining subyektlari hisoblangan fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat boʻlib, ana shu subyektlarga tegishli mol-mulklar shartli ravishda, yaʼni mol-mulkni boshqarish va unga nisbatan mulkiy huquqlarni amalga oshirishda qulaylik tugʻdirish hamda majburiyatlar yuzasidan javobgarlik holatlarini aniqlashtirish maqsadida xususiy mulk va ommaviy mulk shakllariga boʻlingan (Fuqarolik kodeksi, 167-modda). Xususiy mulk, oʻz navbatida, fuqarolar mulki va nodavlat yuridik shaxslar mulkidan iborat boʻlsa, ommaviy mulk (davlat mulki) respublika mulki va maʼmuriy-hududiy tuzilmalar mulki (munitsipal mulk)ga boʻlinadi. Yuridik shaxslar bir vaqtning oʻzida fuqarolar tomonidan ham, davlat tomonidan ham tashkil etilishi hisobiga ularning mulki yuqoridagi ikki mulk shakliga kiritiladi.

Shu oʻrinda milliy qonunchiligimizdagi “mulk shakllari” bilan bogʻliq “kolliziya”ni ham aytish kerak. FKning 167-moddasi mulkning xususiy mulk va ommaviy mulk shakllarini normalasa, “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunning 1993-yil 7-maydagi tahriri mulkning quyidagi shakllarini belgilaydi:

- xususiy mulk;

- shirkat (jamoa) mulki;

- maʼmuriy-hududiy tuzilmalarning mulkidan (kommunal mulkdan) iborat davlat mulki;

- aralash mulk;

- boshqa davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar yuridik va jismoniy shaxslarining mulki.

Bu yerda bizni qiziqtirayotgan masala bitta predmetni, munosabatni, voqelikni, xatti-harakatni ikkita qonun ikki xil taʼriflashidadir. Agar oʻxshatish mumkin boʻlsa, “Semerenko” navli olmani FK boshqa bir shakl-shamoyilda, mazmun-mundarijada, joriy qonun esa, boshqacha talqin qilmoqda. Toʻgʻri, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri) Qonunning 16-moddasiga koʻra, “teng yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovut boʻlgan taqdirda keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi...”.

Ushbu norma talabidan kelib chiqsak, albatta, FKning normasi amal qiladi. Ammo nafsilamrini aytganda, qolaversa, yuridik rakursdan turib, baho beriladigan boʻlsa, bu qonunchiligimizdagi oʻziga xos kemtikdir. Uni tezda birxillashtirishimiz lozim boʻladi. Fikrimizcha, bu yerda qaysi bir qonundagi holatni qoldirishni jiddiy mushohada qilish lozim. Ayniqsa,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 05.04.2019-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi F–5464-son Farmoyishi kun tartibiga qoʻygan – Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida bu hol yana-da ahamiyatlidir. Konsepsiyada mulk shakllarini belgilash tartibini qayta koʻrib chiqish – sohadagi ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangan. Zero, mulk taqdiri, uning huquqiy rejimi nobarqaror boʻlmasligi kerak.

Mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar fonida hozirgi sharoitda davlat mol-mulki “geografiyasi”ning qisqartirilishi mulkni davlat tasarrufidan chiqarishning huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirishga turtki boʻldi.

Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayoni davom eta borib, bir paytlar fuqarolarimizning tasavvurida faqat va faqat davlat mulki obyekti boʻlishi mumkin boʻlgan mol-mulklar, komplekslar va qator obyektlar ham davlat tasarrufidan chiqarildi. Bu jarayon yangi formatda davom etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 27.10.2020-yildagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–6096-son Farmoni bu bordagi yana bir yirik qadam boʻldi. Unga koʻra, iqtisodiyotda davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushini keskin qisqartirish va ularning faoliyati samaradorligini oshirish nazarda tutilmoqda: bir qism yirik davlat korxonalari va xoʻjalik birlashmalari (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ kabi) transformatsiya qilinmoqda; bir qism davlat ishtirokidagi korxonalar (“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ, “Oʻzbekkoʻmir” AJ) korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etiladigan, operatsion samaradorligi oshiriladigan tizimga oʻtkazilmoqda; bir qism korxonalar davlat aksiya paketlari (ulushlari) toʻliqligicha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotilmoqda (“Piskent paxta tozalash” AJ, 109 nomdagi gazeta, nashriyot va jurnallar, “Oromgoh” DUK (Chorvoq) kabi); bir qism davlat koʻchmas mulk obyektlari xususiy sektorga sotilmoqda (“Afrosiyob Palas” DUK mehmonxona mulkiy majmuasi (Samarqand), “Sijjak” dam olish maskani (Boʻstonliq), “Ichan qalʼa” mehmonxonasi majmuasi (Toshkent) kabi).

Maqsad aniq: bozor mexanizmlariga oʻtish, yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, mehnat unumdorligini oshirish, xususiy kapitalni faol jalb qilgan holda yangi ish oʻrinlari yaratish.

30 yil avval boshlangan mulkiy plyuralizm bugungi kunda ushbu bekatga keldi. 2020-yil 1-dekabrga qadar “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi va “Xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini ishlab chiqish vazifasi ham topshirildi. Bu oʻz-oʻzidan “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunni tubdan oʻzgartirishi, shubhasiz.


Mirodil Baratov,
yuridik fanlar doktori, TDYUU professori