Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Makamasining qaroriga SHARH
14:11 / 2019-10-15

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Makamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini toʻliq joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2019-yil 14-oktyabrdagi 866-son qaroriga SHARH


Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Makamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini toʻliq joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2019-yil 14-oktyabrdagi 866-son qaroriga 

SHARH

Joriy yilning 2-oktyabr kuni Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining “Gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash yuzasidan” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Hukumatiga murojaati qabul qilindi va ommaviy-axborot vositalarida eʼlon qilindi.

Ushbu murojaatda gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining moliyaviy mustaqilligini taʼminlash maqsadida gʻallaga narx belgilash amaliyotiga chek qoʻyish va gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga moddiy-texnik resurslar yetkazib berish hamda gʻalla yetishtirishni kreditlash tizimini yanada takomillashtirish masalalari koʻtarildi.

Agrar sohada olib borilgan islohotlar natijasida joriy yilda gʻalladan 7 mln. tonnadan ortiq hosil yigʻib olindi va birinchi marotaba fermer xoʻjaliklari gʻallani bozor narxlariga yaqin narxlarda sotishdi.

Oldingi yillarda fermer xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilgan gʻalla mahalliy hokimlik, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari ishtirokida omborlarga tashib olingan boʻlsa, bu yil birinchi marotaba fermerlarning oʻzi don korxonalariga kelib qoʻshimcha gʻallani qabul qilishni talab qilishdi.

Buning asosiy sababi davlat tomonidan gʻalla salkam bozor narxida yaʼni, oʻrtacha 1 tonnasi 1 mln. 420 ming soʻmdan sotib olindi. Reja boʻyicha davlat resurslariga 3 mln. tonna gʻalla sotib olish koʻzda tutilgani holda amalda 3 mln. 556 ming tonnadan ortiq gʻalla sotib olindi.

Bugungi kungacha fermer xoʻjaliklari tomonidan topshirilgan
3 mln. 556 ming tonna gʻalla uchun belgilangan xarid narxida 1200 soʻmdan toʻliq hisob-kitob qilinib, hisoblangan 778 mlrd. soʻmlik ustamalarning 580 mlrd. soʻmi hozirgacha toʻlab berilmagan.

Natijada, juda koʻp fermer xoʻjaliklari Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashiga murojaat qilib davlatga sotilgan gʻalla uchun hisob-kitobni toʻliq yakunlashga yordam berishni soʻragan. Oʻz navbatida xoʻjaliklarning murojaatlari asosida Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tomonidan fermerlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Hukumatiga murojaati qabul qilindi.

Murojaatda koʻtarilgan masalalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2-oktyabr kuni oʻtkazilgan yigʻilishda koʻrib chiqilib, murojaatda koʻtarilgan masalalarni oʻrganish maqsadida deputatlar guruhlari tashkil etilgan hamda ular respublikaning barcha hududlarida oʻrganishlar olib borgan. Deputatlar tomonidan joylarda fermer xoʻjaliklari, un ishlab chiqaruvchi, qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalar va aholi bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda fermerlarining talablari haqli ekanligi ular bilan topshirilgan gʻalla uchun hisob-kitoblar oxiriga yetmaganligi, un va qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalarning moliyaviy holati yomonligi, eng yomoni davlat tomonidan belgilab qoʻyilgan arzon narxdagi un aksariyat hollarda aholiga yetib bormayotganligi aniqlandi.

Murojaatda koʻtarilgan masalalar hamda joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlarda aniqlagan muammoli masalalar yechimini topish maqsadida Oliy Majlis tomonidan qayd etilgan masalada parlament eshituvi oʻtkazildi. Parlament eshituvida tegishli vazirlik va idoralarning, fermer xoʻjaliklarining hamda deputatlarning koʻtarilgan muammo boʻyicha fikrlari eshitildi. Parlament eshituvi yakuni boʻyicha Oliy Majlisning Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi Murojaatini koʻrib chiqish yakunlar boʻyicha qarori qabul qilindi va qarorda Hukumatga Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining Murojaatida koʻtarilgan masalalarni hal etish choralarini koʻrish tavsiya etildi.

Qayd etish lozimki aholining keng qatlamlarini arzon un va non mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida yillar davomida un va qolipli nonning chakana narxi davlat tomonidan belgilab kelindi. Gʻalla fermer xoʻjaliklaridan bozor narxlaridan past, davlat idoralari tomonidan belgilangan narxlarda sotib olindi. Shuningdek un va qolipli nonning narxi ham davlat idoralari tomonidan belgilab berildi. Jumladan, joriy yil hosilidan davlat resurslariga bir tonna gʻalla oʻrtacha
1 mln. 420 ming soʻmdan sotib olingani holda unning bir tonnasi
1 mln. 400 ming soʻmdan sotilayotgani bunga yaqqol misol.

Vaholanki bir tonna un ishlab chiqarish uchun 1 tonna
333 kilogrammdan ortiq bugʻdoy sarflanishini hisobga olsak, bir tonna un ishlab chiqarish uchun oʻrtacha xarid narxida hisoblaganda salkam
1,9 mln.soʻmlik bugʻdoy sarflanadi. Yaʼni, unning belgilangan ulgurji narxi bilan sarflanadigan bugʻdoy qiymati oʻrtasidagi farqning oʻzi, boshqa xarajatlarni hisoblamagan taqdirda ham 500 ming soʻmni tashkil etmoqda yoki un ishlab chiqaruvchi shuncha zarar koʻrmoqda.

Oʻrganishlar un va non narxini sunʼiy ravishda ushlab turish siyosati amalda oʻzini oqlamaganini, davlat tomonidan belgilab berilgan arzon narxdagi un va non mahsulotlari aksariyat hollarda aholiga yetib bormayotganligini va davlat tomonidan don yetishtirish, un va non ishlab chiqarish sohalariga berilayotgan imtiyozlar kutilgan natijani bermayotganligini koʻrsatdi. Shu bilan birgalikda iqtisodiyotning barcha sohalariga toʻliq bozor munosabatlari joriy etilgan bir davrda koʻrsatilgan sohalarda davlat aralashuvining saqlab qolinishi shu sohalardagi tadbirkorlarning erkinliklarini cheklab qoʻymoqda. Bu oʻz navbatida shu yoʻnalishlarda samaradorlikni oshirishga boʻlgan intilish oʻta past darajaga tushib qolishiga sabab boʻlmoqda.

Fermer xoʻjaliklari, un va qolipli non ishlab chiqaruvchilarga tadbirkorlik subyekti sifatida toʻliq erkinlik yaratib berish va Oliy Majlis qonunchilik palatasining Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining Murojaatini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha qarorida berilgan tavsiyalar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini toʻliq joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori qabul qilindi.

Qarorda joriy yil 15-oktyabridan boshlab davlatning un va qolipli non ishlab chiqaruvchilar faoliyatiga aralashuviga toʻliq chek qoʻyish belgilandi. Bu qaror qaysidir maʼnoda tarixiy qarordir. Taʼkidlab oʻtish lozimki bizga qoʻshni boʻlgan Qozogʻistonda, Tojikistonda va Qirgʻizistonda don, un va non mahsulotlarining narxi bundan 20 yil oldin erkinlashtirilgan.

Bugungi kunda 1 kilogramm 1 navli un Qozogʻistonda - 2 900 soʻm, Qirgʻizistonda – 3 900 soʻm va Tojikistonda - 4 300 soʻmgacha sotilmoqda. Shuningdek, qoʻshni mamlakatlarda qolipli nonning donasi 2 200 soʻmdan 4 700 soʻmgacha sotilmoqda.

Alohida qayd etish lozimki un va non mahsulotlarining narxlari erkinlashtirilishi bu hamma narsa oʻzi boʻlarchilikga tashlab qoʻyiladi degani emas. Endi ushbu mahsulotlarning bozor narxiga, davlat bozor ishtirokchisi sifatida taʼsirini oʻtkazadi. Yaʼni, bozordagi narx oshib ketmasligi uchun birja savdolariga qoʻyiladigan un hajmi, yaʼni davlat resurslariga sotib olingan bugʻdoydan ishlab chiqarilgan va savdoga qoʻyiladigan un hajmi talabni qondiradigan darajagacha oshiriladi. Shu bilan birgalikda bozordagi ayrim isteʼmolchilarning yoki “nohalol tadbirkorlarning” narxni sunʼiy ravishda oshirishga boʻlgan harakatlari oʻrganib boriladi. Narxni sunʼiy ravishda oshirishga boʻlgan harakatlar aniqlangan holda ushbu harakatlarning oldini olish uchun birja savdolariga yana qoʻshimcha un hajmlari qoʻyiladi va un narxining sunʼiy oshishi oldi olinadi.

Shuningdek qaror bilan un ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladigan bugʻdoydan boshqa barcha gʻallani barcha isteʼmolchilarga hech qanday cheklovlarsiz toʻliq birja savdolari orqali sotish joriy etiilmoqda.

Bundan tashqari aholini qolipli non bilan taʼminlashda uzilishlar yuzaga kelishining oldini olish, qolipli non ishlab chiqaruvchilarning erkin bozor munosabatlariga moslashuv davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelib qolishlari oldini olish maqsadida joriy yilning 1-dekabriga qadar yoki oʻtish davrida qolipli non ishlab chiqaruvchilarga birja savdolarida sotib olingan un uchun oldindan toʻlov miqdori 30 foiz miqdorida belgilanib, yakuniy hisob-kitobni 10 kun ichida amalga oshirishga ruxsat berilmoqda.

Isteʼmolchilar birja savdolariga qoʻyiladigan un mahsuloti boʻyicha toʻliq axborotga ega boʻlishlarini taʼminlash hamda un narxining asossiz oshib ketishining oldini olish maqsadida qaror bilan “Oʻzdonmahsulot” kompaniyasi tizimi korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan hamda savdoga chiqariladigan un hajmlari boʻyicha korxonalar va unni sotish sanalari (kunlar) kesimidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston tovar-xom ashyo birjasi veb-saytiga joylashtirilishi belgilab qoʻyildi.

Bundan tashqari qaror bilan bozordagi talab va taklifdan kelib chiqib barcha isteʼmolchilarning talablarini toʻliq qondirish va shu orqali narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida zarur hollarda birja savdolariga qoʻshimcha un hajmlarini chiqarish masalasini ham belgilab berildi.

Qayd etilganlar bilan birgalikda unning birja narxi asossiz oshib ketishi oldini olish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Oʻzbekiston tovar-xom ashyo birjasi bilan birgalikda birja savdolarida isteʼmolchilarning talablaridan kelib chiqqan holda bir xaridor tomonidan sotib olinadigan mahsulotning maksimal miqdorini belgilab beriladi va zarur hollarda ushbu miqdor oʻzgartirib boriladi. Yaʼni, bozorda narx sunʼiy ravishda oshib ketishining oldini olish maqsadida maʼlum bir xaridor tomonidan savdoga qoʻyilgan unning barchasini sotib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shuni ham alohida taʼkidlab oʻtish kerakki mazkur qarorning qabul qilinishi davlatning, byudjetning daromadlari oshishiga emas, aksincha, xarajatlarining oshishiga olib keladi.

Xususan, qaror bilan un narxi keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida un ishlab chiqarishga beriladigan bir tonna bugʻdoyning ulgurji narxi 1 mln. 300 ming soʻm miqdorida belgilanmoqda. Yaʼni, bugʻdoyning oʻrtacha xarid narxi 1 mln. 420 ming soʻmligini hisobga olsak har bir tonna bugʻdoyning narxidan 120 ming soʻmi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Shuni ham alohida qayd etib oʻtish lozimki joriy yil iyul oyidan boshlab 15-oktyabrgacha bir tonnasi 1 mln. 400 ming soʻmdan sotilgan un ishlab chiqarish uchun sarflangan 521 ming tonna bugʻdoyning 1 420 ming soʻmlik oʻrtacha xarid narxi va ulgurji narxi oʻrtasidagi 349 mlrd. soʻmdan ortiq salbiy farq davlat tomonidan qoplab beriladi. Bundan tashqari
2019-yil hosilidan tayyorlangan bugʻdoyning bir tonnasi 1,3 mln. soʻmdan un ishlab chiqarishga berilishini hisobga olsak prognoz koʻrsatkichlardan kelib chiqib hisob-kitob qilinganda oʻrtacha xarid narxi va ulgurji narx oʻrtasidagi salbiy farqni qoplashga yana 180 mlrd. soʻm mablagʻ davlat tomonidan ajratilishi kerak.

Davlat xarajatlarining oshishiga olib keluvchi keyingi sabab un va non mahsulotlari narxlari erkinlashtirilishi natijasida aholining ehtiyojmand qatlamlarining yuzaga keladigan qoʻshimcha xarajatlarini qoplashga beriladigan pul kompensatsiyasi miqdorining oshirilishidir.

Jumladan, qaror bilan yoshga doir pensiya, nogironligi boʻyicha nafaqa, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolalikdan nogiron boʻlgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, 16 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalar va 18 yoshga toʻlmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqa, hamda belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning miqdoridan kam pensiya oluvchilarga hamda ikki yoshgacha boʻlgan bola parvarishi uchun tayinlangan nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalarga beriladigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab 22,3 ming soʻmdan 50 ming soʻmga oshirildi.

Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida, pul kompensatsiyasi oluvchilarining amaldagi 9 toifasiga qoʻshimcha ravishda 14 yoshgacha boʻlgan bolalari uchun tayinlangan nafaqa oluvchi oilalar hamda belgilangan eng kam yoshga doir pensiya miqdorida pensiya oluvchilar kiritilib, ularga ham 2019-yil
1-oktyabrdan boshlab 50 ming soʻm miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi berish joriy etildi.

Mazkur qaror bilan kompensatsiya toʻlovlari miqdori joriy yil
1-oktyabridan oshirilishi munosabati bilan yoshga doir pensiya, nogironligi boʻyicha nafaqa, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolalikdan nogiron boʻlgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, 16 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalar va 18 yoshga toʻlmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqa, hamda belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning miqdoridan kam pensiya oluvchilarga pul kompensatsiyalari miqdori oktyabr oyi uchun Pensiya jamgʻarmasining axborot tizimida avtomatik tarzda qayta hisoblanadi hamda oshirilgan miqdorlar farqi boʻyicha pul kompensatsiyasi qoʻshimcha toʻlov vedomostlari tuzilgan holda tijorat banklari va Xalq banki filiallari tomonidan oktyabr oyida toʻlab beriladi.

Yaʼni, oktyabr oyi uchun 22 300 soʻm toʻlov vedomostlariga kiritilgan boʻlsa, joriy oy uchun qoʻshimcha ravishda 27 700 soʻm, jami 50 000 soʻm (22 300+27 700=50 000) toʻlanadi. Shuningdek, noyabr oyidan boshlab, har oyda 50 000 soʻmdan kompensatsiya toʻlovlari amalga oshirilib boriladi.

Oʻz-oʻzini boshqarish organlari tomonidan tayinlangan bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar har oylik pul kompensatsiyasi oktyabr oyi uchun qayta hisob-kitob qilinib, noyabr oyida toʻlanishi taʼminlanadi.

Yaʼni, oktyabr oyida 22 300 soʻm toʻlanadi hamda oktyabr oyi uchun
27 700 soʻmlik farq noyabr oyi kompensatsiyasiga qoʻshib, jami 77 700 soʻm (50 000+27 700=77 700) toʻlanadi. Dekabr oyidan boshlab esa har oyda 50 000 soʻmdan kompensatsiya toʻlovlari amalga oshiriladi.

Kompensatsiya oluvchilar toifasiga 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga beriladigan nafaqa oluvchilar hamda eng kam yoshga doir pensiya miqdorida pensiya oluvchilar ham kiritilayotganligi sababli ushbu toifadagilarga oktyabr oyida toʻlanishi kerak boʻlgan pul-kompensatsiyasi noyabr oyi pul kompensatsiyasiga qoʻshib toʻlab beriladi.

Yaʼni, oktyabr oyi uchun hisoblangan 50 000 soʻm kompensatsiya noyabr oyiga qoʻshilib, jami 100 000 soʻm (50 000+50 000=100 000) toʻlanadi. Dekabr oyidan boshlab esa har oyda 50 000 soʻmdan kompensatsiya toʻlab boriladi.

Joriy yil 1-oktyabrigacha 22 300 soʻmdan pul kompensatsiyasi oluvchilar 1 674 945 nafarni tashkil etgan boʻlsa mazkur qaror bilan kompensatsiya oluvchilarning yana ikki toifasi qoʻshilishi sababli oktyabr oyidan boshlab, respublika boʻyicha 2 mln. nafardan oshiq pensiya, ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalarga kompensatsiyalar toʻlanadi. Kompensatsiyalarni tayinlash yoki miqdorlarini qayta hisoblash (oshirish) uchun fuqarolar tomonidan qoʻshimcha hujjat yoki arizalar talab etilmaydi.

Kompensatsiya toʻlovi miqdorining oshirilishi hamda pul-kompensatsiyasi oluvchilarga yangi toifadagi aholi qoʻshilishi munosabati bilan yuzaga keladigan barcha qoʻshimcha xarajatlar toʻligʻicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan qoplab beriladi. Umuman olganda ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan davlat byudjetining yillik xarajatlari amaldagi 448 mlrd. soʻmdan 1 trln. 393 mlrd. soʻmgacha yoki
945 mlrd. soʻmga
ortmoqda.

Qaror bilan belgilangan yana bir muhim masala bu gʻallaga davlat tomonidan xarid narxi belgilash amaliyotiga chek qoʻyish boʻlmoqda. Xususan qaror bilan Qishloq xoʻjaligi va Moliya vazirliklariga Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda rivojlangan davlatlar tajribasini tahlil qilgan holda
2021-yil hosilidan boshlab qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan yetishtirilgan gʻallani bozordagi talab va taklif asosida shakllangan erkin narxlarda sotish tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi.

Umuman olganda mazkur qaror bilan belgilangan vazifalar mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha olib borilayotgan tizimli islohotlarning yana bir bosqichini amalga oshirishga, gʻalla hosildorligi va yalpi hosilning oshishiga buning natijasida fermer xoʻjaliklarining moliyaviy mustahkamligi oshishiga, mamlakatimizning gʻalla mustaqilligini yanada mustahkamlashga va umuman xalqimiz dasturxonining toʻkin sochin boʻlishiga xizmat qiladi.