Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti devoni Xalq kutubxonasining tantanali ochilish marosimidagi nutqi
01:38 / 2020-02-21

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari, aziz qardoshim!

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari, aziz qardoshim!

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, mana shunday gʻoyat muhim va shukuhli marosimga taklif qilganlari uchun Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Janobi Oliylariga, muhtarama Emine Xonim Oliyalariga, qardosh turk xalqiga chin qalbimdan minnatdorchilik izhor etaman.

Muhtaram doʻstlar!

Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi millat birinchi navbatda oʻzining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa, avvalo, insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda, desak, adashmagan boʻlamiz.

Barchangizni qadrli birodarim Erdogʻan Janobi Oliylarining tashabbusi va rahnamoligida barpo etilgan Turkiya Prezidenti devonining Xalq kutubxonasi bilan samimiy muborakbod etaman.

Qadimiy va zamonaviy meʼmorchilik anʼanalari, muhandislik sanʼatining eng soʻnggi yutuqlarini, turk xalqining buyuk oʻtmishi, bunyodkorlik salohiyati, boy maʼnaviy olamini oʻzida yorqin mujassam etgan bu mahobatli koshona har qanday yuksak tahsinga munosibdir.

Agar azim Anqara Turkiya mamlakatining toji boʻlsa, ushbu kutubxona ana shu tojga oʻrnatilgan eng yorqin, eng goʻzal gavharlardan biri boʻlibdi.

Bu tengi yoʻq maʼrifat qasri barchangizga, butun Turkiya xalqiga muborak boʻlsin.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Biz Turkiya Respublikasi Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olganini hamisha minnatdorlik bilan eslaymiz.

Bugungi kunda goʻzal mamlakatingiz ulkan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy salohiyatga ega boʻlgan davlat sifatida dunyoda tobora ravnaq va shuhrat topib bormoqda.

Zamonamizning yirik davlat va siyosat arbobi Rejep Tayyip Erdogʻan Janobi Oliylari rahbarligida Turkiya xalqi erishayotgan barcha yutuqlar zamirida, avvalambor, inson omiliga, ilm-maʼrifatga beqiyos eʼtibor mujassam ekanini biz yaxshi bilamiz. Sizlarning bu boradagi noyob tajribangizni oʻrganishga doimo intilamiz.

Soʻnggi yillarda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va xalqlarimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan doʻstlik va hamkorligimiz tarixida mutlaqo yangi sahifa ochildi. Kecha boʻlib oʻtgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi bu yoʻldagi yangi amaliy qadamdir.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik kengashiga qoʻshildi. Biz barcha aʼzo mamlakatlar qatori Turkiya bilan munosabatlarimizni yangi bosqichga koʻtarish uchun faol harakat qilmoqdamiz. Davlatlarimiz oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Ilm-maʼrifat va kitobxonlik madaniyatiga boʻlgan katta qiziqish va eʼtibor xalqlarimizni oʻzaro yaqinlashtiradigan bebaho qadriyatdir.

Mamlakatimizda 2020-yilni “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilganimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ulugʻvor gʻoyamizga toʻla mos keladi.

Aziz qardoshlar!

Tarix sahifalariga nazar solsak, xalqlarimizning madaniy hamkorligi olis davrlardan boshlanganiga guvoh boʻlamiz. Rum elida tugʻilib kamolga yetgan Qozizoda Rumiy buyuk davlat arbobi va alloma Mirzo Ulugʻbek rasadxonasining asoschilaridan biri boʻlganini biz iftixor bilan eslaymiz.

Oʻz navbatida, Mirzo Ulugʻbekning sadoqatli shogirdi, mashhur astronom va matematik Ali Qushchi hayotining soʻnggi yillarini Turkiyada oʻtkazgani va bu yurtda aniq fanlar rivojiga beqiyos hissa qoʻshganini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Ali Qushchining nabirasi Mirim Chalabiy ham bobosi singari atoqli alloma boʻlib tanilgan va bunda turk ilmiy-maʼrifiy muhitining ulkan xizmatlari borligi shubhasiz.

Oʻzaro madaniy hamkorligimiz haqida soʻz borganda, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning bu jarayonda gʻoyat muhim oʻrin tutganini taʼkidlash lozim. Tarixiy manbalar XV asrda turk hukmdori Boyazid Ikkinchining Sulton Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy bilan maktublar va elchilar orqali oʻzaro muloqotda boʻlganidan guvohlik beradi.

Turkiyaning mashhur olim va adiblari Alisher Navoiyni turkiy dunyoning eng buyuk shoiri, turk tilining himoyachisi sifatida ulugʻlab keladilar. Turkiya kitob fondlarida benazir shoirimiz asarlarining 100 dan ortiq qoʻlyozmalari saqlanayotgani ham shundan dalolat beradi.

Alisher Navoiy bebaho ijodi bilan bugun ham turkiy xalqlarni maʼnaviy jihatdan birlashtirishga xizmat qilib kelmoqda.

Qadrli anjuman ishtirokchilari!

Xalqimiz tarixining ogʻir va murakkab davri, yaʼni XX asr boshida jadid bobolarimiz Vatanimiz mustaqilligi yoʻlida fidoyilik bilan kurashganlar. Bu borada ular turkiyalik maʼrifatparvarlar bilan faol hamkorlik qilganlari, bu diyorda taʼlim olib, yangi gʻoya va qarashlarga ega boʻlganlarini yaxshi bilamiz.

Oʻsha yillarda Abdurauf Fitrat, Muhammadsharif Soʻfizoda, Said Ahroriy singari atoqli adib va arboblarimiz Turkiyada tahsil olganlar. Mahmudxoʻja Behbudiy, Ibrat, Abdulla Avloniy, Choʻlpon kabi oʻnlab ulugʻ vatandoshlarimiz turk madaniyati va adabiyoti ruhida tarbiya topganlar. Ming afsuski, ularning aksariyati mustabid tuzum davrida siyosiy qatagʻon qurboni boʻlganlar.

Bugungi kunda biz Oʻzbekistonda jadidchilik harakatining noyob merosini chuqur oʻrganish boʻyicha katta ishlarni boshladik. Oʻtgan yili mumtoz adibimiz Abdulla Qodiriy tavalludining 125-yilligini keng miqyosda oʻtkazdik. Bu yil mashhur jamoat arbobi, alloma va adib Mahmudxoʻja Behbudiyning 145-yillik tavallud sanasini nishonlaymiz. Biz bu ajdodlarimizning ibratli hayoti va faoliyatini qancha koʻp oʻrgansak, bizni oʻylantirayotgan juda koʻp savollarga toʻgʻri javob topamiz.

Ayni paytda oʻzbek mumtoz adabiyoti namoyandalari bilan bir qatorda zamonaviy shoir va yozuvchilarimizning asarlari ham Turkiyada muntazam nashr etilayotganini biz yuksak baholaymiz. Mamlakatingizning bir qator oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyoti oʻqitilayotgani, Istanbulda buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniy nomidagi universitet faoliyat olib borayotgani bizni mamnun etadi.

Goʻzal va betakror turk diyorida oʻzbek xalqi tarixi va madaniyati bilan bogʻliq oʻnlab joy nomlari – mahalla va markazlar, takyalar yuz yillar davomida bezavol saqlanib kelmoqda. Bunday bagʻrikenglik va doʻstona munosabat uchun Turkiya rahbariyati va xalqiga yana bir bor tashakkur bildirishga ijozat bergaysiz.

Bizning yurtimizda ham turk adabiyoti va sanʼatiga qiziqish tobora ortib, ular ilmiy va taʼlim maskanlarida keng oʻrganilmoqda. Mavlono Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Ahmad Posho, Saydi Ali Rais Kotibiy, Toshlijali Yahyo, Hamdi Chalabiy singari buyuk shoirlar ijodini xalqimiz sevib oʻqiydi.

Shu bilan birga, zamonaviy turk adabiyoti, xalq dostonlari, antologiyalar oʻzbek tilida nashr etilib, kitobxonlarimizning maʼnaviy mulkiga aylanganini taʼkidlash lozim.

Aziz qardoshlar!

Biz ilm-maʼrifatni keng maʼnoda tushunamiz. Shu sababli yurtimizda dunyoviy taʼlim dargohlari bilan birga diniy maktab va madrasalar, ilmiy-maʼrifiy markazlar tashkil etilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida koʻp asrlik maʼrifat xazinasini oʻzida mujassam etadigan, fundamental tadqiqotlar olib boriladigan Islom sivilizatsiyasi markazini bunyod etmoqdamiz.

Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda boshqa fanlar qatori hadis, kalom, aqida, tasavvuf, fiqh ilmlari chuqur oʻrganilmoqda.

Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Toshkent Islom maʼhadi, Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi singari oliy oʻquv yurtlarida yetuk malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Bu yil hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, aqida ilmida maktab yaratgan allomalar – Abu Mansur Moturidiy va Abu Muin Nasafiyga bagʻishlangan xalqaro ilmiy konferensiyalar oʻtkazish niyatidamiz. Shuningdek, ulugʻ alloma – nasli-nasabi turkiyalik boʻlgan Abduxoliq Gʻijduvoniy hazratlarining, Bahouddin Naqshband bobomizning tavallud ayyomlarini, Mir Arab madrasasining 500-yilligini ham yuqori saviyada oʻtkazishni niyat qilganmiz.

2020-yil Buxoro shahri – “Islom madaniyati poytaxti”, Xiva shahri – “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti”, deb eʼlon qilindi. Shu munosabat bilan joriy yil davomida mamlakatimizda bir qator xalqaro anjumanlar tashkil etiladi. Turkiyalik muhtaram olimu ulamolarimiz ushbu madaniy-maʼrifiy tadbirlarning aziz mehmonlari boʻladilar, deb ishonaman.

Qadrli doʻstlar!

Hozirgi kunda Oʻzbekistonimizning kitob fondlarida 100 mingdan ziyod noyob qoʻlyozma asarlar saqlanmoqda. Biroq, aytish kerakki, ularning aksariyati hamon oʻz tadqiqotchilarini kutib turibdi. Bu maʼnaviy xazinani har tomonlama chuqur oʻrganish va ommalashtirish oldimizda turgan muhim va sharafli vazifadir.

Fursatdan foydalanib, men Oʻzbekiston va Turkiya universitetlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirishga daʼvat etaman. Bu jarayonlarda Turkiyaning bugun ochilayotgan ushbu eng ulkan kutubxonasi va 150-yillik tarixga ega boʻlgan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tashabbuskor boʻladilar, deb umid qilaman.

Qadrli anjuman ishtirokchilari!

Bugun Turkiyada katta shodiyona, taʼbir joiz boʻlsa, maʼnaviyat va maʼrifat toʻyi boʻlib oʻtmoqda. Bizning xalqimizda “Toʻyga toʻyona bilan bormoq lozim”, degan hikmatli soʻz bor.

Shunga koʻra, biz Turkiya Prezidenti devonining Xalq kutubxonasiga 350 dan ziyod turli mavzudagi kitoblarni keltirdik. Ularning orasida dunyoda oʻta noyob boʻlgan, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan “Usmon Musʼhafi”ning mohir xattotlarimiz tomonidan koʻchirilgan nusxasi ham bor.

Butun islom olamining faxri boʻlmish mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlarining mashhur “Masnaviy” asari qoʻlyozmasining faksimile nashrini siz, azizlarga taqdim etamiz.

Maʼlumki, buyuk alloma Abu Bakr ar-Roziyning “Kasalliklar tarixi” nomli asari butun dunyoda shuhrat qozongan. Bu kitobni XVIII asrda istanbullik tabib, shoir va xattot Muhammad Rafiʼ arabchadan turk tiliga tarjima qilib, oʻz qoʻli bilan koʻchirgan. Biz keltirgan kitoblar ichida ushbu qoʻlyozmaning faksimile nusxasi ham bor.

Ayni vaqtda “Alisher Navoiy asarlarining Istanbul kutubxonalaridagi tasviriy nusxalari” nomli kitob-albom adabiy hamkorligimizning chuqur tarixiy ildizlaridan dalolat beradi.

Nafaqat Turkiya, balki butun musulmon olamining otashnafas shoiri boʻlgan Yunus Emroning “Oʻlmas koʻngul” nomli yangi kitobi yaqinda mamlakatimizda oʻzbek tilida nashr etildi. Men ushbu kitobga “Soʻzboshi” yozish sharafiga muyassar boʻlganimdan baxtiyorman.

Ijozatingiz bilan Yunus Emroning doʻstlik haqidagi sheʼriy satrlarini keltirmoqchiman:

Mening tilim – qush tilidur,

Mening qoʻlim – doʻst qoʻlidur.

Men bulbulman, doʻst gulimdur,

Biling, gulim soʻlmas mening.

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik kengashi doirasida “Turkiy adabiyot xazinasi” ruknida 100 jildlik kitoblar turkumini nashr etish gʻoyasini ilgari surgan edi. Ana shu ezgu tashabbusning ilk samarasi oʻlaroq, Yunus Emroning ushbu asarini ham Prezident devoni Xalq kutubxonasiga taqdim etish menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Aziz doʻstlar!

Sizlarni bugungi tantanali marosim bilan yana bir bor chin yurakdan qutlayman.

Bu muazzam kutubxona Turkiya xalqi, Turkiya yoshlari uchun, ilm-maʼrifatni yuksak qadrlaydigan barcha insonlar uchun chinakam maʼnaviyat saroyiga aylanishini qodir Allohdan soʻrab qolaman.

Eʼtiboringiz uchun tashakkur.