Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11-12-sentabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotining Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sammitida ishtirok etdi
02:17 / 2014-09-13


Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11-12-sentabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotining Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sammitida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari Tojikiston poytaxtida 11-sentabr kuni ShHT sammiti doirasida Eron, Tojikiston va Rossiya rahbarlari bilan ikki tomonlama muhim muzokaralar o‘tkazdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Dushanbega ShHTda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan davlat rahbari sifatida tashrif buyurgan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashdi. Tomonlar turli sohalardagi o‘zaro munosabatlarning bugungi holatini muhokama qilib, hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar. 

Prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni izchil rivojlantirish, savdo-iqtisodiy sohada ikki tomon uchun ham manfaatli aloqalarni mustahkamlash zarurligini qayd etdilar. 

Shu kuni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashdi. Davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlik va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdilar. 

Prezident Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan ham muzokara o‘tkazdi. 

Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro manfaatdorlik asosida rivojlanmoqda. Savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil kengaymoqda. 

Islom Karimov va Vladimir Putin mamlakatlarimiz o‘rtasida muntazam fikr almashish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar. 

12-sentabr kuni ShHTning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. 

ShHTga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi majlisida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov, Xitoy Raisi Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev va Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev ishtirok etdi. Kun tartibiga kiritilgan masalalarni ko‘rib chiqish tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari, kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan davlatlar, qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, shuningdek, faxriy mehmonlar ishtirokida o‘tgan kengaytirilgan majlisda davom ettirildi. 

Prezident Islom Karimov o‘z nutqida bugun Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat, jahon iqtisodiyotidagi hozirgi ahvolga to‘xtaldi, shuningdek, Ukrainadagi muammoni bartaraf etishga doir o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildi. 

ShHTga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining majlisida tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash istiqbollari va umumiy manfaatga ega boshqa masalalar muhokama etildi. 

Sammit yakunida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlarining Dushanbe deklaratsiyasi, ShHTga a’zo bo‘lish istagini bildirgan davlatlarning majburiyatlariga taalluqli qaror va boshqa hujjatlar imzolandi. Shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar hukumatlari o‘rtasida xalqaro avtomobilda yuk tashish bo‘yicha qulay sharoitlar yaratish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

ShHT Xartiyasiga muvofiq, tashkilotga navbatdagi raislik Rossiya Federatsiyasiga o‘tdi.