French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili institutini ta’sis etish to‘g‘risida
23:15 / 2017-05-05

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni 

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuvini oldini olish, xususiy mulk daxlsizligining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari huquqlarining ustuvorligi prinsipini ta’minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili instituti (keyingi o‘rinlarda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil deb yuritiladi) ta’sis etilsin.

2. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;

davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;

tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlash;

tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganish;

qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga ta’siri samaradorligini baholash;

tadbirkorlik subyektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularning rivojlanishini rag‘batlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi, o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdordir;

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tizimli ravishda davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi;

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va uning o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil maqomi, mehnat haqi, tibbiy va transport ta’minoti shart-sharoitlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining o‘rinbosariga, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning o‘rinbosari esa – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni sho‘ba mudiriga tenglashtiriladi;

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning faoliyati yuridik shaxs hisoblangan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni tomonidan ta’minlanadi;

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni xodimlari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar, ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni xodimlari uchun belgilangan tibbiy xizmat ko‘rsatish, moddiy rag‘batlantirish va mehnatga haq to‘lash shart-sharoitlari tatbiq etiladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni xodimlarining cheklangan soni 8 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga:

tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilishga doir qonun hujjatlari davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan so‘zsiz ijro etilishini o‘rganish;

tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshirishlar amalga oshirilishi qonuniyligining monitoringini olib borish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuv holatlarining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan takliflar kiritish;

tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish bo‘yicha qonun hujjatlarining buzilishi mumkin emasligi to‘g‘risida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini yozma ravishda ogohlantirish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan aniqlangan qonunbuzilish holatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish;

tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan arizalar va da’volar bilan murojaat qilish;

davlat organlari va tashkilotlaridan o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan statistik, tahliliy materiallar, xulosalar hamda boshqa axborot so‘rash va olish;

davlat organlarining tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq yig‘ilishlarida ishtirok etish;

zarur bo‘lgan holatlarda o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlar rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qilish, ishchi guruhlar tashkil etish huquqi berilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish uchun ikki oy muddatda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik masalalar hal etilishini;

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va uning devonini joylashtirish uchun qulay bino (xonalar) ajratilishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning devonini zarur aloqa vositalari va turlari, shu jumladan, hukumat aloqa vositalari bilan jihozlanishini, shuningdek, keng polosali internet tarmog‘iga ulanishini ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq qo‘shimchalar kiritilsin.

10. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                          Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 5-may


* * * 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi 
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy 
manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili institutini 
ta’sis etish to‘g‘risida”gi Farmoniga

SHARH 

Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xususiy mulkning qonuniy hamda amaliy jihatdan ustuvor rolini ta’minlash, iqtisodiyotda davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Bu borada qabul qilingan qator qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralarining tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvini bartaraf etish yo‘lida qat’iy tartib o‘rnatildi.

Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari bilan o‘zaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qilmoqda. Qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati subyektining foydasiga hal etilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilish davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga to‘sqinlik qilish sifatida qaralmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqildi va qabul qilindi. U xususiy mulk huquqiga g‘ayriqonuniy tajovuzlarni, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga qaratilgan qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish tizimini tubdan soddalashtirish va tadbirkorlik faoliyatini yuritishni yanada yengillashtirish masalalari ham davlatimiz e’tiborida turibdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarining faoliyati sifati va samaradorligini tubdan oshirish, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar turlarini yanada kengaytirishga qaratilgan aniq choralar belgilandi.

Bu sa’y-harakatlar tadbirkorlik subyektlarining mamlakatimiz iqtisodiyotidagi roli va ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Natijada aholining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish xohish-istagi oshib, yildan-yilga tadbirkorlik subyektlarining soni ko‘paymoqda. Tadbirkorlik faoliyati aholini ish bilan ta’minlashda, odamlarning hayot darajasi va sifatini oshirishda hal qiluvchi omillardan biriga aylandi.

Islohotlar samaradorligi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimining yangi ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish hamda mamlakatimizda yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish bilan uzviy bog‘liqligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili institutini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (keyingi o‘rinlarda – Vakil) ta’sis etilmoqda. Ushbu institut kelgusida tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari o‘rtasidagi samarali muloqotning yangi mexanizmlarini joriy qilishga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan davlat himoyasining qo‘shimcha kafolatlarini yaratishga xizmat qiladi.

Farmon bilan Vakilning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilanmoqda. Unga ko‘ra, Vakil mazkur sohada davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish, tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalarni bajaradi. Shuningdek, sohadagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganish, ularning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga ta’sirini baholash, tadbirkorlikning huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularning rivojlanishini rag‘batlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash Vakil faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

Vakil Farmonda belgilangan o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi. Vakil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdor hisoblanadi. Bu qoida Vakilning o‘z faoliyatini faqatgina O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga bo‘ysungan holda amalga oshirishida, tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining har qanday shaklda buzilishiga nisbatan adolat, qonun ustuvorligi hamda tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi nuqtai nazaridan xolisona baho berishida, qonunbuzilishlarga o‘z vaqtida barham berish uchun qat’iy choralarni ko‘rishida, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan barcha mansabdor shaxslar uchun jazoning muqarrarligi prinsipini ta’minlashida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Farmon bilan Vakilga o‘z vazifalarini bajarishi uchun qator huquq va vakolatlar berilmoqda. Jumladan, Vakil tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish bo‘yicha qonunchilikning so‘zsiz ijro etilishini o‘rganish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshirishlar amalga oshirilishi qonuniyligining monitoringini olib borish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuv holatlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilish yuzasidan takliflar kiritish, davlat organlari va tashkilotlaridan o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish huquqiga ega.

Shu bilan birga, Vakil davlat organlari va boshqa muassasalar mansabdor shaxslarini yozma ravishda ogohlantirishi, ularga aniqlangan qonunbuzilish holatlarini, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritishi mumkinligi ko‘zda tutilayapti. Vakil tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan arizalar va da’volar bilan murojaat qilishi, davlat organlarining tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq yig‘ilishlarida ishtirok etishi mumkin.

Ushbu huquq va vakolatlarning amalda ro‘yobga chiqarilishi sohadagi qonunchilik talablarini tadbirkorlik subyektlari fikrlari, taklif va ehtiyojlaridan, mavjud muammolar, huquqni qo‘llash amaliyotining har tomonlama tahlilidan kelib chiqqan holda, doimiy ravishda takomillashtirib borishga hamda qonun hujjatlari ijrosi samaradorligini oshirish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga zamin yaratadi. Eng muhimi, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning, shu jumladan, har xil asossiz tekshiruvlar o‘tkazish yo‘li bilan aralashuvlarning zudlik bilan barham berilishiga, ularning huquq va qonuniy manfaatlari buzilishining har qanday shaklining oldini olish uchun samarali choralar ko‘rilishiga, tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini tiklash, shu jumladan, sud orqali tiklash mexanizmlaridan unumli foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Farmonda Vakil devoni faoliyati tashkil etilishi belgilanib, uning tuzilmasi tasdiqlandi. Vakil va uning devoni faoliyatini samarali tashkil qilish uchun zarur tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik masalalarni hal etish ham nazarda tutilmoqda.

Ushbu hujjatda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Unda Vakil faoliyatining huquqiy asoslari va kafolatlari, asosiy prinsiplari, uning huquq va majburiyatlari, tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi, davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik tartibini belgilash rejalashtirilmoqda.

Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning hayotga tatbiq etilishi, shubhasiz, iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari manfaatlari ustuvorligini amalda ta’minlash, Vakil zimmasidagi vazifalarni to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida samarali muloqotni mustahkamlash, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini rag‘batlantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini biror-bir shaklda buzish holatlariga barham berish imkoniyatini yaratadi. Pirovardida mamlakatimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish, aholini barqaror va sifatli ish bilan ta’minlash, odamlar turmush sifati va darajasini yanada yaxshilash, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.