English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
22:42 / 2017-05-12

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5041-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:

1. Toshkent viloyati hokimligi tasarrufidagi Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i va uning tarkibiga kiruvchi Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi, Ohangaron va Burchmulla o‘rmon xo‘jaliklari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimining suv xo‘jaligi tashkilotlari tarkibidagi irrigatsiya o‘rmon xo‘jaliklari O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimiga berilsin.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimiga kiruvchi tashkilotlar va boshqarmalar ro‘yxati 1a-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 48 nafardan iborat markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi tuzilmasi va viloyatlar o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3- va 3a-ilovalarga muvofiq;

Davlat qo‘riqxonalari, milliy tabiat bog‘lari va ovchilik xo‘jaliklari boshqarmasi tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

davlat o‘rmon xo‘jaliklarining namunaviy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisiga xodimlarning belgilangan shtat soni doirasida markaziy apparat tuzilmasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, viloyatlar o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari va qo‘mita tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar tuzilmalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasini va uning tarkibiy bo‘linmalarini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy tadbirlarni muvofiqlashtirish va uni amalga oshirishga ko‘maklashish Komissiyasi 6-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi qoshidagi O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi etib (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) qayta tashkil qilinsin.

5. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi markaziy apparatini – O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti va Jamg‘arma mablag‘lari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, viloyatlar o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalarini – Jamg‘arma mablag‘lari;

Davlat qo‘riqxonalari, milliy tabiat bog‘lari va ovchilik xo‘jaliklari boshqarmasini hamda davlat o‘rmon xo‘jaliklarini – O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari va byudjetdan tashqari mablag‘lar;

O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutini – O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari va grantlar;

“O‘rmonloyiha” davlat unitar korxonasini, “Shifobaxsh” dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazini – byudjetdan tashqari mablag‘lar;

O‘rmon va dorivor o‘simliklar urug‘chiligini tahlil qilish markazini – O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari;

Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ini – Toshkent viloyati mahalliy byudjeti mablag‘lari va byudjetdan tashqari mablag‘lar moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi markaziy apparati ta’minoti xarajatlarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin, 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi markaziy apparatini moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlab qolinsin.

7. Quyidagilar:

2017-2021-yillarda o‘rmon xo‘jaliklari faoliyatini samarali tashkil etish, tarmoqqa ilg‘or fan-texnika yutuqlarini joriy etish, moddiy-texnika bazasini yangilash, xalqaro grantlarni tarmoqqa jalb etish chora-tadbirlari Dasturi 7-ilovaga muvofiq;

2017-2019-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar kesimida o‘rmon maydonlarini kengaytirish (rekonstruksiya qilish), ko‘chatlar yetishtirish, dorivor o‘tlar yig‘ish, chorva mollari uchun yaylov maydonlari ajratish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha chora-tadbirlar 8-ilovaga muvofiq;

2017-2019-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar davlat o‘rmon xo‘jaliklari kesimida o‘rmon maydonlarni kengaytirish (rekonstruksiya qilish), ko‘chatlar yetishtirish, dorivor o‘tlar yig‘ish, chorva mollari uchun yaylov maydonlari ajratish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha chora-tadbirlar 9 – 19-ilovalarga muvofiq;

2017-2019-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar davlat o‘rmon xo‘jaliklari kesimida o‘rmonlarni yaratish va ekish materiallarini yetishtirish bo‘yicha chora-tadbirlar 9a – 19a-ilovalarga muvofiq;

2017-2019-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar davlat o‘rmon xo‘jaliklari kesimida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish prognoz ko‘rsatkichlari 9b – 19b-ilovalarga muvofiq;

2017-2019-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar davlat o‘rmon xo‘jaliklari kesimida asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik va sanoat mahsulotlari yetishtirish, shuningdek, aholiga pullik xizmat ko‘rsatish prognoz ko‘rsatkichlari 9v-, 19v-ilovalarga muvofiq;

2017-2019-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar davlat o‘rmon xo‘jaliklari kesimida dorivor o‘simliklar yetishtirish va tayyorlash prognoz ko‘rsatkichlari 9g – 19g-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari rahbarlari zimmasiga 7 – 19 ilovalarda ko‘rsatilgan tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishini tashkil etish yuzasidan mas’uliyat yuklansin.

8. 2017-2021-yillarda o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan manzarali va mevali daraxtlarning nihol va ko‘chatlarini yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlari 20-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari ikki oy muddatda 20-ilovaga muvofiq 2017-2021-yillarda o‘rmon xo‘jaliklarida manzarali va mevali daraxtlarning nihol va ko‘chatlarini yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari kompleksi rahbariga tasdiqlash uchun belgilangan tartibda kiritsin.

9. “Agrobank” ATBga O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, viloyatlar o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari, tarkibiy korxona va tashkilotlariga mazkur qarorda tasdiqlangan Dasturni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan moliyalashtirish stavkasidan yuqori bo‘lmagan stavka bo‘yicha imtiyozli kreditlar ajratish tavsiya etilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan birgalikda:

ikki oy muddatda o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’limning davlat ta’lim standartlari, kasb-hunar kollejlarida o‘rmon xo‘jaligi texnigi mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni inobatga olgan holda, o‘rmon xo‘jaligi tizimi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘quv rejalar va dasturlarni tanqidiy ko‘rib chiqsin, ta’lim standartlari, o‘quv rejalar va dasturlarni zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, belgilangan tartibda yangi tahrirda ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab joriy etsin;

bir oy muddatda jadval ishlab chiqilsin hamda zamonaviy talablar va halqaro tajribani inobatga olgan holda, kasb-hunar kollejlarida “o‘rmon xo‘jaligi texnigi” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitiladigan maxsus fanlar bo‘yicha yangi darslik va o‘quv qo‘llanmalari tayyorlash va chop etishni ta’minlasin;

o‘rmon xo‘jaligi uchun kadrlar tayyorlayotgan kasb-hunar kollejlarini yo‘nalish bo‘yicha maxsus bilimga ega malakali o‘qituvchilar bilan mustahkamlashga alohida e’tibor qaratsin;

o‘rmon xo‘jaligi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni amalga oshirayotgan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini bevosita tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashishiga yordam bersin va nazoratni kuchaytirsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining o‘quv jarayonini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash, zarur o‘quv ishlab chiqarish bazasini shakllantirish maqsadida kasb-hunar kollejlarini 21-ilovaga muvofiq shartnoma asosida muayan davlat o‘rmon xo‘jaliklariga biriktirish haqidagi takliflari qabul qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi biriktirilgan kasb-hunar kollejlarini ularga zarur bo‘lgan o‘quv-metodik materiallar, asbob-uskunalar, avvalambor laboratoriya jihozlari, komputer texnikasi bilan jihozlash, shuningdek, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi fundamental, amaliy va innovatsion davlat ilmiy-texnika dasturlarini shakllantirishda ularga quyidagilarni nazarda tutgan holda, ilmiy loyihalarning kiritilishini ta’minlasin:

respublikamizning tuproq-iqlim sharoitlariga to‘liq moslashgan noyob manzarali, mevali daraxtlar, butalar va dorivor o‘simliklarning kasallik va zararkunandalarga chidamli yangi, eksportbop navlarini yaratish;

o‘rmon fondi yerlarida daraxt ko‘chatlarini ekish, parvarishlash, hosilini yig‘ib-terib olish va boshqa agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha yangi turdagi qishloq xo‘jaligi texnikasi, agregat va asbob-uskunalarini ishlab chiqarishni tashkil qilish.

13. “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining buyurtmanomalari bo‘yicha o‘rmon fondi yerlarida o‘rmonlarni ko‘paytirish maqsadida daraxt ko‘chatlarini ekish va parvarishlash, o‘rmon-meva mahsulotlari hosilini yig‘ib olish, shuningdek, boshqa agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan texnika, agregat va asbob-uskunalarning belgilangan tartibda ishlab chiqarilishini va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga lizing asosida yetkazib berilishini ta’minlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi yerlarida hosildorlikni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan shamol va suv eroziyalaridan himoyalash uchun ihota daraxtzorlari barpo etish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda taklif kiritsin;

o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, oliy ta’lim muassasalarini o‘rmon xo‘jaligi mutaxassisliklari bo‘yicha tamomlagan yosh mutaxassislarni sohaga jalb etish mexanizmini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizomni;

viloyatlar o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni;

Davlat qo‘riqxonalari, milliy tabiat bog‘lari va ovchilik xo‘jaliklari boshqarmasi to‘g‘risidagi nizomni;

O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti haqidagi nizomni tasdiqlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Toshkent viloyati, Qibray tumani, Universitet ko‘chasi, 2-uyda joylashtirilsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasini zarur telekommunikatsiyalar, internet axborot tarmog‘iga kirish va telefon aloqasi, shu jumladan, hukumat telefon aloqasi bilan belgilangan tartibda ta’minlasin.

18. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzayev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                               Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 11-may