Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida so‘zlagan nutqi
21:22 / 2016-06-27

Muhtaram davlat rahbarlari,

Hurmatli majlis ishtirokchilari,

Avvalo, delegatsiyalar rahbarlarining ShHTning o‘tgan davrdagi faoliyati asosiy yakunlari bo‘yicha bildirgan fikrlarini qo‘llab-quvvatlayman. Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil etilganidan buyon o‘tgan 15-yil davomida haqli ravishda nufuzli xalqaro tashkilotlar qatoridan munosib joy oldi, barqaror taraqqiyot, tinchlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish, mintaqaviy va global darajada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning ta’sirchan omiliga aylandi.

O‘tgan yillar mobaynida ShHTning shartnomaviy-huquqiy bazasini shakllantirish bo‘yicha miqyosiga ko‘ra ulkan ishlar amalga oshirildi, tashkilot tarkibiga kiradigan davlatlar o‘rtasida har tomonlama teng huquqli hamkorlikni ta’minlash uchun mustahkam institutsional asos yaratildi.

Shu bilan birga, biz bugungi kunda yon-atrofimizdagi dunyo naqadar shiddatli sur’atlar bilan o‘zgarib borayotganini, qarama-qarshilik va mojarolar kuchayib, jahon bozorlarida beqarorlik va mavhumlik saqlanib qolayotganini, alohida tashvish uyg‘otayotgan xalqaro terrorizm, ekstremizm va tobora yoyilib, tarqalib borayotgan radikalizm ko‘lami xatarli tus olayotganini yaxshi anglaymiz va tasavvur qilamiz.

Ming afsuski, hozirgi vaqtda vujudga kelayotgan xalqaro vaziyatda o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash o‘rniga qarama-qarshilik va raqobat kuchayib bormoqda. Bunday holatni ko‘rmaslik, sezmaslik mumkin emas.

Birinchidan. Yuzaga kelayotgan bunday murakkab sharoitda ShHTning Xartiyasi va boshqa asosiy hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilgan ochiqlik va hech qanday blokka qo‘shilmaslik prinsiplariga qat’iy amal qilishimiz va bunday yondashuvni yanada mustahkamlashimiz o‘ta muhim ahamiyatga ega. Vujudga kelayotgan mintaqaviy va xalqaro muammolarni hal etishda bundan keyin ham mafkuraviy va qarama-qarshilikka olib keladigan yondashuvlarning oldini olish va ularga barham berish darkor.

Ikkinchidan. Hindiston va Pokistonni a’zolikka qabul qilish jarayonining boshlanishida o‘z ifodasini topayotgan ShHTga a’zo davlatlar tarkibini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirayotgan yo‘limiz, hech shubhasiz, ShHT o‘z faoliyatida yangi, yanada murakkab bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.

Biz barchamiz yaxshi tushunamizki, ayrim davlatlarning xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotga doir dolzarb masalalarga nisbatan turlicha, ba’zan bir-biriga mutlaqo zid yondashuvlari hisobga olinadigan bo‘lsa, birinchi navbatda, tashkilot kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishda konsensus, ya’ni, umumiy kelishuvga erishish og‘ir va qiyin bo‘ladi.

Lekin bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar ShHT Xartiyasi va Tartib-taomil qoidalarida mustahkamlab qo‘yilgan konsensus prinsipidan voz kechishni hech qachon anglatmasligi zarur. Amalda o‘zini oqlagan bu prinsipga so‘zsiz rioya etish tashkilotimiz faoliyati samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaydi, uning parokanda bo‘lib ketishi, «manfaatlar bo‘yicha guruhlar» paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan bahs va kelishmovchiliklarni bartaraf etadi.

Uchinchidan. Qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatga ham qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Bu mamlakatda vujudga kelayotgan harbiy-siyosiy vaziyatni o‘zaro kurashayotgan tomonlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning asta-sekin cho‘zilib borishi sifatida ta’riflash mumkin, agar ahvol shu tarzda davom etadigan bo‘lsa, bunday beqarorlikning qo‘shni mamlakatlar va mintaqalarga ham yoyilib ketishining jiddiy va real xavfi mavjud.

Afg‘on muammosini hal etishdan manfaatdor tomonlarning aksariyati bunday vaziyatdan chiqishning faqat bitta yo‘li borligini yaxshi anglaydi. Ya’ni, bu yo‘l o‘zaro kurash olib borayotgan asosiy tomonlar o‘rtasida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligi ostida siyosiy muzokaralar o‘tkazishdan iboratdir. Hukumat va “Tolibon” kabi o‘zaro kurashayotgan kuchlar o‘rtasida muzokaralar jarayonini qayta tiklash muhim ahamiyatga ega. Bu borada tomonlar muzokaralar jarayonini boshlash uchun oldindan biron-bir shart qo‘ymasligi darkor.

Hech shubhasiz, donor davlatlar va xalqaro institutlar Afg‘onistonga bu mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol va aholining hayot darajasini yaxshilash, eng muhimi, ta’lim-tarbiya va ma’rifat sohasida yordam berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini tasdiqlashi zarur.

O‘zbekiston, Afg‘oniston bilan ikki tomonlama o‘zaro hamkorlik prinsipiga rioya etgan holda, kommunikatsiyalar, jumladan, Afg‘onistonni tashqi dunyo bilan bog‘laydigan Termiz – Mozori Sharif temir yo‘l tarmog‘ini qurishga o‘z hissasini qo‘shmoqda, Afg‘onistonga, xususan, Kobul shahriga elektr energiyasi yetkazib berishni ta’minlamoqda.

Muhtaram majlis qatnashchilari,

Tashkilotning dasturiy maqsad va vazifalariga erishishning eng muhim shartlaridan biri iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishdan iboratdir. Bizning ushbu yo‘nalishdagi umumiy vazifamiz barcha davlatlarning manfaatlariga mos keladigan, mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, birinchi navbatda, transport kommunikatsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan «Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishi»ni tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. Mazkur tashabbusni unga jalb qilingan barcha tomonlarning umumiy va o‘zaro manfaatlari asosida muvaffaqiyatli amalga oshirish mumkinligini alohida ta’kidlashni istardim.

Muhtaram hamkasblar,

So‘zimning yakunida bugungi atroflicha fikr almashish va hamkorlikdagi samarali ishimiz mamlakatlarimiz o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, amaliy va ishonchli muloqotni kengaytirish imkonini beradi, deb ishonch bildirmoqchiman.

E’tiboringiz uchun tashakkur.