English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston Prezidentining Yevropa kengashi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi
18:39 / 2020-04-20

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 20-aprel kuni Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqot qildi.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 20-aprel kuni Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi, birinchi navbatda siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda koʻp qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda sheriklik jadal rivojlanib borayotgani va turli darajalardagi almashinuvlar faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, oʻtgan yil yakunlariga koʻra Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan oʻzaro savdo hajmi sezilarli darajada ortdi. Germaniya, Fransiya, Italiya, Belgiya, Vengriya va Yevropaning boshqa davlatlari yetakchi kompaniyalari ishtirokida muhim investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, qoʻshma korxonalarning umumiy soni esa 1 mingdan oshdi.

Bundan tashqari, asosiy moliyaviy institutlar, shu jumladan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki bilan samarali hamkorlik kengaymoqda.

Inson kapitali hamda fuqarolik jamiyati institutlari, fan, madaniyat va taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha muloqotda muvaffaqiyatga erishilgani alohida qayd etildi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi yangi bitimni qabul qilishga tayyorgarlikni yil yakuniga qadar yakunlash maqsadida ushbu hujjat loyihasi boʻyicha faol muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.

Yevropa kengashi Prezidenti Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash va pandemiyaning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha koʻrilayotgan mislsiz qatʼiy chora-tadbirlarni yuksak baholadi va toʻliq qoʻllab-quvvatladi.

Sharl Mishel Yevropa Ittifoqi ushbu global xatarga qarshi kurashishda Oʻzbekistonga zarur yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi, mamlakatimizga ushbu maqsadlar uchun moliyaviy-texnik koʻmak ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilingani toʻgʻrisida xabar qildi.

Suhbatda mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar ham alohida koʻrib chiqildi.

Yevropa kengashi Prezidenti Markaziy Osiyoda katta ijobiy oʻzgarishlar roʻy bergani va mintaqa mamlakatlarining umumiy saʼy-harakatlari bilan erishilgan doʻstlik va ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik munosabatlarining bugungi darajasini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, ushbu sezilarli muvaffaqiyatlar Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasi maqsad va vazifalariga toʻliq mos keladi.

Birinchi navbatda savdo, investitsiya, innovatsiya, transport va energetika sohalarida dastur va loyihalarni ilgari surish orqali butun mintaqaning oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirish va barqaror taraqqiyot maqsadida birgalikda faol ishlash muhimligi qayd etildi. Shu bois yil yakuniga qadar mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan birinchi galdagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha vazirlar koʻp tomonlama konferensiyasini oʻtkazish masalasi koʻrib chiqiladi.

Telefon muloqoti chogʻida, shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik qator masalalar hamda boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

Suhbat yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi konstruktiv muloqot va keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirishga intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.