French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston paxtasi va to‘qimachilik sanoati: yuksak sifat, yuqori talab
22:44 / 2014-10-13

Toshkentda 13-oktabr kuni Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan X Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi boshlandi.


Toshkentda 13-oktabr kuni Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan X Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi boshlandi.

Mamlakatimizda paxta yarmarkasini yuksak saviyada o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi. O‘n yildirki bu yerda dunyoning turli mamlakatlaridan paxta va to‘qimachilik sanoati vakillari, treyderlar tarmoqni rivojlantirish tendensiyalari, jahon bozoridagi narxlar konyunkturasini muhokama etish, O‘zbekiston paxta sanoati bilan tanishish, paxta tolasi va undan tayyorlangan mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha bevosita shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘lmoqda. 

O‘zbekiston bilan paxta biznesida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga bo‘lgan qiziqish yil sayin ortib borayotir. 2005-yilda Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasida 30 mamlakatdan 170 ga yaqin kompaniya vakillari qatnashgan bo‘lsa, joriy yilda ellikka yaqin davlatdan 1000 dan ortiq firma va kompaniya vakillari tashrif buyurdi. So‘nggi 10-yilda O‘zbekiston paxtasini eksport qilish geografiyasi ancha kengaydi. Masalan, 2000-yilda yurtimiz dalalarida yetishtirilgan hosil asosan Yevropa davlatlaridagi bozorlarda sotilgan bo‘lsa, keyingi vaqtda Xitoy, Bangladesh va Janubi-Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlariga ham eksport qilinmoqda.

22c.JPG

Yarmarkada qatnashish uchun poytaxtimizga kelgan xorijiy ishtirokchilar O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz jahonda paxta yetishtirish bo‘yicha oltinchi, uni eksport qilish bo‘yicha beshinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistonning ushbu sohadagi sa’y-harakatlari paxta tolasini ishlab-chiqarish bo‘yicha yangi texnologiyalarni joriy qilish, uning sifat va texnik xususiyatlarini yaxshilash, yengil sanoatni yanada rivojlantirish, xomashyoni chuqur qayta ishlashni kengaytirish va qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan. 

– Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasida o‘ninchi marta ishtirok etmoqdaman, – deydi «Cotton Outlook» xalqaro agentligining boshqaruvchi direktori R.Batler. – Ushbu yarmarka paxta hamda to‘qimachilik biznesi ishtirokchilarida tobora katta qiziqish uyg‘otmoqda. Yarmarka O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik sanoati salohiyatini namoyish etuvchi boy dasturga ega. Bularning barchasi sohada salmoqli yutuqlarga erishilayotganidan dalolat beradi. Agentligimiz yuqori sifat ko‘rsatkichlariga ega va jahon bozorida xaridorgir O‘zbekiston paxtasi bo‘yicha alohida kotirovkalarni muntazam chop etib kelmoqda. Samarali hamkorligimiz bundan buyon ham davom etishiga ishonaman. 

Bugungi kunda mamlakatimiz seleksionerlari tomonidan 107 yangi paxta navi yaratilgan, ulardan 27 tasi davlat reyestriga kiritilgan va yurtimizning turli viloyatlarida ekish uchun tavsiya qilingan. Olimlarimiz seleksiya ishlarini rejalashtirishda iqlim sharoitlarini inobatga olib, tolaning yuqori unumdorligi va sifati, sho‘rlanish va nam yetishmasligi, kasallik hamda zararkunandalar va yuqori havo haroratiga chidamliligini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. 

29c.JPG

«O‘zekspomarkaz»da joriy yilda mamlakatimiz paxta zavodlari tomonidan ishlab chiqarilgan barcha tola namunalari qo‘yilgan. Chet ellik ekspertlarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston paxta sanoatida amalga oshirilgan tarkibiy tub o‘zgarishlar yurtimizda yetishtirilgan paxta tolasining jahon bozoridagi nufuzi va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda. Ishlab chiqarish quvvatlarining modernizatsiya qilinishi va texnologik yangilanishi bu boradagi muhim yutuqlardan biridir. Korxonalarda ishlab chiqarish maydonlari qisqartirilmoqda, energiya tejaydigan texnologiyalar, xomashyo hamda mahsulotlarni avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qiladigan va elektron hisobga oladigan tizimlarga ega zamonaviy uskunalar joriy etilmoqda. 

Bremen paxta assotsiatsiyasi va Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan «Sifat» O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazining «O‘zpaxtasanoat» uyushmasi bilan birgalikdagi sa’y-harakatlari samarasida paxta hamda tayyor paxta mahsulotlarini tasniflash tizimining takomillashtirilgani tola sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Markaz va uning hududiy laboratoriyalarida tola xususiyatlari zamonaviy HVI yuqori texnologik tizimi yordamida tekshirilmoqda. Iste’molchilar bunday tekshiruv natijalariga to‘liq ishonadi. Negaki, ushbu tizim eng yuqori xalqaro talablarga javob beradi. 
– O‘zbekiston paxtasi tolasining yuqori sifati bilan ajralib turadi, – deydi Bangladesh paxta assotsiatsiyasi prezidenti M.Ayub. – Bu yil mamlakatingizdan 175 ming tonna paxta tolasi xarid qilishni rejalashtirmoqdamiz.

Mamlakatimizda paxta terimi mexanizatsiyalashtirilayotgani yetishtirilgan hosilni o‘z vaqtida va samarali yig‘ib-terib olish, paxtani o‘z muddatida iste’molchilarga yetkazib berish imkonini bermoqda. Shu maqsadda O‘zbekistonda modifikatsiyasi yanada yaxshilangan paxta terish mashinalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, «Uz Class Agro» O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi bazasida chigit qadash, g‘o‘za qator oralariga ishlov berish, purkash, kultivatsiya va chekanka qilish imkonini beradigan zamonaviy rusumdagi traktorlar ishlab chiqarilayotir. Joriy yilda paxta dalalarida yurtimizda ishlab chiqarilgan 1200 dan ziyod mashinadan foydalanilmoqda. 

Respublikamizda 90-yillarda paxta tolasini qayta ishlash hajmi atigi 7 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasida 2011-yil oxirida bu ko‘rsatkich 40 foizga yetdi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, 2016-yilda O‘zbekistonda paxta tolasini qayta ishlash ko‘rsatkichi 60 foizga yetishi lozim.

Mamlakatimizda paxta eksportini xomashyodan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotga bosqichma-bosqich yo‘naltirish yengil sanoat imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilayotir. Bugungi kunda «O‘zbekengilsanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibida qariyb 300 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular 385 ming tonna kalava, 284,5 million kvadrat metr gazlama, 88,3 ming tonna trikotaj mato, 225,8 million dona tikuvchilik-trikotaj buyumlari, 43,1 million juft paypoq mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. 

Barqaror xomashyo bazasining mavjudligi, paxta tolasi sifatining yuqoriligi, resurslar narxining qulayligi, yuqori malakali xodimlarning mavjudligi sohaga chet el investitsiyasini jalb qilish hajmini oshirish imkonini berayotir. Shu bois har yili mamlakatimizda yangi qo‘shma to‘qimachilik korxonalari tashkil etilib, ularda sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

«O‘zbekengilsanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda so‘nggi 4-yilda Janubiy Koreya, Shveytsariya, Singapur, Yaponiya, Hindiston va boshqa davlatlar investorlari ishtirokida saksondan ortiq korxona tashkil etilgan. Ayni paytda yengil sanoatimiz salohiyati tobora yuksalib bormoqda, bunda ishlab chiqilayotgan modellarni bozor konyunkturasi hisobga olingan holda yangilash, raqobatbardosh liboslar modellarini yaratish, korxonalarga buyurtmalar portfelini shakllantirishda ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

– O‘zbekistonda yengil sanoat korxonalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlashga katta e’tibor berilmoqda, – deydi «Riter AG» kompaniyasining katta vitse-prezidenti K.Liske. – Mamlakatingizda ilg‘or texnologiyalarning joriy etilayotgani samarasida yuqori sifatli to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, sohaga investitsiya kiritish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Masalan, 2012-yilda O‘zbekistonda ishga tushirilgan «Riter O‘zbekiston» xorijiy korxonasida tasmali, taroqli va yigiruv uskunalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda va biz bundan mamnunmiz. 

Yarmarkada mamlakatimiz yengil sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan ip, gazlama, tayyor tikuvchilik buyumlari kabi keng turdagi mahsulotlar namoyish etilmoqda. «Sharq liboslari» dizaynerlik markazining tabiiy matolardan tikilgan liboslar namoyishi xorijiy ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu O‘zbekistonda moda sanoati katta imkoniyatlarga ega ekanidan dalolatdir. 

Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining boshqaruvchi direktori A.Gitchuns, Bremen paxta birjasi boshqaruvi a’zosi F.Grobiyen, Xalqaro to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi bosh direktori K.Shindler, Janubiy Koreya to‘qimachilik sohasi texnologiyalarini rivojlantirish instituti direktori X.Pak va boshqalar O‘zbekiston bilan paxta va to‘qimachilik sohasidagi hamkorlik ko‘plab afzalliklarga ega ekanini ta’kidladi. Bu, birinchi navbatda, mamlakatimizda iqtisodiy munosabatlar erkinlashtirilayotgani, yuqori sifatli xomashyoning mavjudligi, energiya manbalari bilan barqaror ta’minlash, yirik tashqi savdo bozorlariga chiqish imkoniyati va ichki bozorning rivojlanib borayotgani bilan bog‘liqdir. Davlatimiz tomonidan investorlarga salmoqli soliq va bojxona imtiyozlari, preferensiyalar berilayotgani mamlakatimizda investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etishda muhim omil bo‘lmoqda. 

Yarmarkaning birinchi kunida mamlakatimiz hududlarining investitsiyaviy salohiyati va to‘qimachilik sohasidagi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. O‘zbekiston paxta tolasi va to‘qimachilik mahsulotlarini sotib olayotgan mamlakatlar delegatsiyalari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda yurtimizning ushbu mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilari hamda tashqi savdo kompaniyalari vakillari qatnashdi. 

X Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev so‘zga chiqdi.