Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Missisipi: keng ko‘lamli hamkorlik
12:21 / 2020-01-22

Bugungi kunda O‘zbekiston va Missisipi shtati o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik yuqori va jadal sur’atda o‘sib borish xususiyatiga ega.


O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Favqulodda va Muxtor elchisi Javlon Vahobov Missisipi shtatida bo‘lib, Jekson shahrida gubernator sifatida yangidan saylangan Teyt Rivzning inauguratsiya marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Missisipi shtati o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik yuqori va jadal sur’atda o‘sib borish xususiyatiga ega.

O‘tgan yilning may oyida O‘zbekiston – AQSh munosabatlari tarixida ilk bor mazkur shtatdan gubernatori Fil Brayantning mamlakatimizga rasmiy tashrifi uyushtirildi.

Tashrif chog‘ida qishloq xo‘jaligi, ta’lim, investitsiya kabi muhim sohalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro madaniy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha ahamiyatli kelishuvlarga erishildi. Klinton va Zarafshon shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarni o‘rnatish, Missisipi davlat universiteti hamda Alkorn universiteti va Toshkent davlat agrar universiteti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash instituti o‘rtasida akademik hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Jekson shahrida o‘tgan tadbirlar doirasida shtatning yangi saylangan rahbari ofisi vakillari, iste’fo bergan gubernator Fil Brayant, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi vazirlari Glen Makkolux va Endi Gibson bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Yangi gubernator idorasida kechgan muloqot vaqtida tomonlarning savdo-iqtisodiyot, investitsiya sohalaridagi sheriklik munosabatlarini davom ettirish va yanada kengaytirishga tayyorligi ta’kidlandi.

Shtatning yangi rahbari Teyt Rivzning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish haqida kelishuvga erishildi.

Missisipi sobiq gubernatori Fil Brayant uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonda o‘tgan kunlarini, shaxsan Davlat rahbari qabul qilganini katta hayajon va iliq hissiyotlar bilan yodga oldi: “Men mamlakat mustaqillikka erishgandan keyingi davrda O‘zbekistonga tashrif buyurgan ilk amerikalik gubernator ekanligimdan faxrlanaman. Prezident Shavkat Mirziyoev bilan suhbatlashib shunga amin bo‘ldimki, sizning davlatingiz bugun ishonchli qo‘llarda va taraqqiyot, farovonlik sari ishonch bilan, dadil odimlamoqda. Hozirgi O‘zbekiston – jadal rivojlanayotgan, butun mintaqa uchun kun tartibini belgilayotgan, qolaversa jahonning ko‘plab davlatlariga o‘rnak bo‘layotgan islohotchi-mamlakat”. Fil Brayant, shuningdek, joriy yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan biznes-forumda ham qatnashish istagini bildirdi.

Shtatning iqtisodiyot vaziri Glen Makkolux bilan uchrashuvda Amerika tomoni Missisipi O‘zbekiston bilan qalin sheriklik doirasida erishilgan natijalarni yuksak qadrlashini, kelgusida savdo aloqalarini yanada kuchaytirishga tayyorligini qayd etdi. Vazirning fikricha, istiqbolli sohalar qatorida qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, farmasevtika, energetika, turizm, qurilish va infrastrukturaviy rivojlanish yo‘nalishlari ko‘rilyapti.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Endi Gibsonda elchixona tomonidan mamlakatimizda go‘sht, parranda go‘shti va baliq mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, kelajakda ushbu mahsulotlarni Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘onistonga eksport qilish bo‘yicha bildirilgan taklif jiddiy qiziqish uyg‘otdi. Gubernator ham o‘z navbatida Jizzax viloyatida to‘qimachilik klasterini rivojlantirishga qaratilgan loyihani amalga oshirish maqsadida “Silverleafe International LLC” kompaniyasi tomonidan Missisipi shtati fermerlari uchun brifing tashkil etish rejasini ma’lum qildi.

Muloqot yakunida agrar yo‘nalishdagi hamkorlikning yangi, istiqbolli qirralarini muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jaevning Missisipi shtatiga tashrifi bo‘yicha kelishuvga erishildi.