Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston meva-sabzavotlari sifati, raqobatbardoshligi bilan dunyoda mashhur
17:54 / 2016-07-13

Toshkentda I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi davom etmoqda.

Toshkentda I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi davom etmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan yarmarkada AQSh, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Fransiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston, Qozog‘iston kabi qirqdan ziyod mamlakatdan ko‘plab xalqaro savdo tashkilotlari, savdo-sanoat palatalari, qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan vazirlik va idoralar, logistika kompaniyalari, mamlakatimizning meva-sabzavotchilik sohasida ish yurituvchi korxonalari ishtirok etmoqda.

O‘zA muxbirlari yarmarka qatnashchilari bilan suhbatlashdi.

Eduard Stiprays, Latviya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari:

– I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yuksak saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidlashni istardim. Unda ko‘plab latviyalik tadbirkorlar ishtirok etmoqda. Yarmarka stendlarining har biri o‘ziga xos tarzda bezatilgani, ekspozitsiyalar dizayni betakrorligi bilan ajralib turibdi.

O‘zbekistonning totli qovun-tarvuzlari va uzumlari Latviyada juda xaridorgir. Ular o‘zining sifati va xushta’mligi bilan barchaga manzur. Mamlakatingizda ishlab chiqarilayotgan sifatli oziq-ovqat mahsulotlari, quritilgan mazali mevalar Riga shahrida 2014-yilning aprel oyida ochilgan O‘zbekiston savdo uyi yordamida Latviya bozoriga yetkazib berilmoqda.

O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorligimiz izchil rivojlanayotgani bizni g‘oyat quvontiradi. Ayni paytda mamlakatingizdagi qator fermer xo‘jaliklari, sohaga oid ilmiy muassasalar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelyapmiz.

Prezident Islom Karimovning Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini har yili o‘tkazishga oid qarori nihoyatda dolzarb hujjat ekanini alohida qayd etish joiz. Bu mavjud eksportchilar faoliyatini yanada rivojlantirishga, meva-sabzavotchilik sohasiga yangi ishlab chiqaruvchi va eksportchilarni jalb etishga xizmat qiladi. Yarmarka O‘zbekiston tadbirkorlari uchun ham, Latviya xaridorlari uchun ham juda foydali bo‘lib, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash imkonini bermoqda.

Jang Guyen, «SNP System» kompaniyasi prezidenti (Janubiy Koreya):

– O‘zbekiston ko‘rkam bog‘-rog‘lari, shirin-shakar mevalari bilan dunyoga mashhur. Quyosh nuriga to‘yingan bunday mazali mevalarni boshqa hech qaysi mamlakatda uchratmaganman. Mamlakatingizda yetishtirilayotgan meva va sabzavotlar, ulardan tayyorlanayotgan mahsulotlar yuqori sifati, xushta’mligi va tabiiyligi bilan havasimizni tortdi. Mevalarning bu qadar ko‘pligi, turlarining xilma-xilligi, bir-biridan mazali ekani bizni lol qoldirdi.

Kompaniyamiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi qator korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishish, tadbirkorlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, o‘zaro foydali shartnomalar imzolash niyatidamiz.

Oliver Dyuran, Jahon bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi:

– Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati ham izchil rivojlanmoqda. Jahon banki mamlakatingiz bilan turli sohalar qatori meva-sabzavotchilik tarmog‘ida ham amalga oshirilayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali samarali hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik sohasi investitsiyalarimiz jalb etilayotgan asosiy tarmoqlardandir. Zero, mazkur sohani rivojlantirish mamlakat iqtisodiyotini yanada taraqqiy ettirishga, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Mamlakatingizda xususiy sektorni yanada takomillashtirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuksak baholaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyoti yanada yuksalishi yo‘lida barcha sohalarda, jumladan, qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavotchilik va xususiy sektorni yanada rivojlantirish bo‘yicha faol hamkorlik qilishga doimo tayyormiz.

Jak Kazor, Fransiya iqtisodiyot vazirligi vakili:

– O‘zbekistonda aholini yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ijtimoiy siyosatning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilangani e’tiborga molik. Meva-sabzavotlaringiz inson salomatligi uchun eng muhim bo‘lgan mikroelementlar va turli foydali biologik moddalarga boyligi, sifati, raqobatbardoshligi, lazzatli ta’mi bilan dunyoga mashhur.

O‘zbekistonlik olimlar va ishbilarmonlar bilan muntazam tajriba almashib turish, qishloq xo‘jaligi va agrobiznes sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, hamkorlikda qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish niyatidamiz.

Florens Yansons, Latviya Savdo-sanoat palatasining O‘zbekistondagi vakili:

– I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini yuksak saviyada o‘tkazish borasida olib borilgan barcha tashkiliy ishlar tahsinga sazovor. O‘zbekiston fermerlari bilan meva-sabzavotlarni saqlash va qayta ishlash texnologiyalarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Mamlakatingizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni xorijiy mamlakatlarga yetkazishga ko‘maklashish borasida ham aloqalarni yo‘lga qo‘yish istagidamiz.

O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Prezident Islom Karimov tomonidan O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish qat’iy vazifa qilib belgilangani diqqatga molik. Mazkur sohani rivojlantirish, fermer va ishbilarmonlarga imtiyozlar yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunday yuksak e’tibor O‘zbekiston iqtisodiyotining muttasil rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda.

Ali Abdulla al Mazroviy, Birlashgan Arab Amirliklaridagi “Tashkent vagetables fruits trading” kompaniyasi bosh menejeri:

– O‘zbekiston meva-sabzavot va uzum yetishtirish bo‘yicha yetakchi mamlakatlardan biri. Kompaniyamiz meva-sabzavotlar savdosi bilan shug‘ullanadi. Yarmarka doirasida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan suhbatlashib, bir qator yangi navlar va ularning xususiyatlari haqida bilib oldik. Toshkent viloyatidagi korxonalardan birida ana shunday mevalarni saralash, saqlash va eksportga tayyorlash jarayoni bilan tanishdik. Bu yerda faoliyat yuritayotgan yoshlarning g‘ayrati tahsinga loyiq, ishlab chiqarish jarayonida tozalik va sanitariya me’yorlariga qat’iy rioya qilinayotgani xalqaro talablarga to‘la javob beradi. O‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro manfaatli shartnoma imzolash niyatidamiz.

Jafar Husayn, “Muez-Nest India” kompaniyasi menejeri (Hindiston):

– Tashkilotimiz o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan uzoq yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelayotir. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi ko‘payib, sifati tobora oshib borayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Xususan, biz Toshkent, Kattaqo‘rg‘on va Urganch shaharlaridagi yog‘-moy korxonalariga zamonaviy uskunalar yetkazib berayotirmiz. Yarmarkada qo‘shma loyihalarimiz qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdik.

Varvik Isdoun, Xalqaro sabzavotchilik markazining Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori:

– Keyingi 20-yil davomida jahonda sabzavot iste’moli yiliga o‘rtacha 5 foizdan o‘sib kelmoqda. O‘zbekiston nafaqat o‘z aholisi ehtiyojini to‘la qondirmoqda, balki ko‘plab mamlakatlarga ushbu mahsulotlarni eksport ham qilayotir. Mamlakat eksportni yanada kengaytirish uchun katta salohiyatga ega – transport infratuzilmasi jadal rivojlanmoqda, tashqi savdo aloqalari kengaymoqda. Yarmarka doirasida viloyatlarda soha rivoji borasida amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami bilan yaqindan tanishmoqdamiz. O‘zbekistonda meva-sabzavotlarning aksariyat qismi fermer xo‘jaliklarida yetishtirilishi ham e’tiborga loyiq. Bu tez o‘zgarib turadigan bozor talabiga moslashish imkonini beradi.