French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston meva-sabzavotlari shirinligi, ekologik sofligi va rang-barangligi bilan shuhrat qozongan
17:48 / 2016-07-14

O‘zA muxbirlari Toshkent shahrida o‘tayotgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ishtirokchilarining taassurotlari bilan qiziqdi.

O‘zA muxbirlari Toshkent shahrida o‘tayotgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ishtirokchilarining taassurotlari bilan qiziqdi.

Manuel Munoz, «Iberus» kompaniyasi savdo direktori (Ispaniya):

– Yuksak saviyada tashkil etilgan xalqaro yarmarka davomida O‘zbekistonning meva-sabzavotchilik sohasida ulkan salohiyatga ega ekaniga, bu yerda agrar sanoat yuksak darajada rivojlanganiga ishonch hosil qildik. Mamlakatingizda nafaqat shirin-shakar mevalar, totli sabzavotlar yetishtirilishiga, balki ular xalqaro standartlar asosida qayta ishlanayotganiga ham amin bo‘ldik.

Yarmarka stendlaridagi xilma-xil meva-sabzavotlarni, ularni qayta ishlash orqali tayyorlangan mahsulotlarning ko‘pligi va xilma-xilligini ko‘rib, ko‘z quvonadi. Ular eng nozikta’b, talabchan xaridorga ham manzur bo‘lmoqda. O‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, mavjud munosabatlarni yanada mustahkamlash, O‘zbekistondan Ispaniyaga katta hajmdagi meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish niyatidamiz. Xususan, mamlakatingiz viloyatlaridagi tadbirkorlar bilan no‘xat, loviya, yong‘oq sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzmoqchimiz. Yarmarka doirasida «Jizzax» maxsus industrial zonasida meva-sabzavotni qayta ishlash korxonasi barpo etish uchun 10 million dollarlik investitsiya kiritishga kelishib oldik.

Luiji Iperti, “Italiya-O‘zbekiston” qo‘shma savdo palatasi prezidenti, “Techint Industrial Corporation Spa” kompaniyasi ijrochi direktori (Italiya):

– Mamlakatingizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va aholiga yetkazib berish jarayoni puxta shakllangani va bu bo‘yicha katta tajriba to‘plangani e’tiborga molik.

O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi aloqalar savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi kabi ko‘plab sohalarda izchil taraqqiy etmoqda. Tashkilotimiz 16-yildan buyon mamlakatingiz bilan savdo va sarmoyaviy sohalarda hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda faol ishtirok etish niyatidamiz. Bu borada Toshkentda o‘tayotgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasining ahamiyatga katta. Ushbu forum mamlakatingizda agrar sanoatning istiqbolli yo‘nalishlari bilan yanada yaqinroq tanishish, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bo‘yicha foydali shartnomalar imzolash, o‘zaro fikr va tajriba almashish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokara olib borish imkonini bermoqda.

Kazumi Mayeda, “Chuo Sangyo Shinko” uyushmasi rahbari (Yaponiya):

– Xalqaro yarmarka yuksak saviyada tashkil etilgan. U har tomonlama foydali bo‘layotganini alohida ta’kidlashni istardim. Anjumanda ishtirokchilarga muzokaralar o‘tkazish, bitim va shartnomalar tuzish uchun barcha qulaylik va shart-sharoit muhayyo etilayotganidan minnatdormiz.

O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar mazasi, tabiiyligi va xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Mamlakatingiz korxonalari tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlar g‘oyat xaridorgir, eng muhimi, xalqaro sifat standartlariga mos.

O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligi sohasi, ayniqsa, meva-sabzavotchilik tarmog‘i jadal rivojlanib borayotgani va mamlakatingiz bozori katta istiqbolga ega ekani tahsinga sazovordir. O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarimizni yanada mustahkamlash niyatidamiz.

Gintaras Paktis, «Agro Top Servis» kompaniyasi direktori (Latviya):

– O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar xorijliklarning hamkorlikka qiziqishini oshirmoqda. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, ko‘plab mamlakatlarda O‘zbekistonda yetishtiriladigan meva-sabzavotlar va poliz mahsulotlari sevib iste’mol qilinadi, juda qadrlanadi. Boisi, serquyosh mamlakatingizda yetishtiriladigan meva-sabzavotlar shirinligi, ekologik sofligi va rang-barangligi bilan shuhrat qozongan.

Yarmarka doirasida Jizzax viloyatining «Zomin eko sanoat» mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan quritilgan piyoz, qalampir, bulg‘or qalampiri, olxo‘ri va o‘rik eksporti bo‘yicha shartnoma imzolash niyatidamiz.

Irina Yatsuxno, “Karavan XXI vek” kompaniyasi savdo direktori (Belarus Respublikasi):

– Yarmarka doirasida “Ekoagroprodukt” fermer xo‘jaligining intensiv bog‘larida bo‘ldik. Mahsulot yetishtirish jarayoni ilg‘or zamonaviy texnologiyalarga asoslangan, daraxtlarga ishlov berish, ularni oziqlantirish va boshqa tadbirlar xalqaro talablarga to‘la javob beradi.

Kompaniyamiz Belarus Respublikasida 60 dan ortiq savdo nuqtalariga ega. O‘zbekistonning sarxil qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ushbu tarmoq orqali iste’molchilarga yetkazib beramiz. Ishonchim komilki, bunday ekologik toza va sifatli mahsulotlardan xaridorlarimiz mamnun bo‘ladi.

Alan Reno, «Food Beverage» kompaniyasi vakili (AQSh):

– O‘zbekiston haqida, bu yerda yetishtiriladigan meva-sabzavotlar haqida ko‘p eshitgandim, o‘qiganman. Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida ishtirok etib bu mahsulotlarni tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Mamlakatingizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar o‘zining xushta’mligi, vitaminlarga boyligi bilan ajralib turadi.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tanqis bo‘lib borayotgan bir paytda O‘zbekistonda bu turdagi mahsulotlarni yetishtirish hajmi ortayotgani tahsinga sazovordir.

Yarmarka davomida o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan faol hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz.

Piter Andersen, «Radisson Blu Hotel Tashkent» bosh direktori:

– Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida O‘zbekiston iqtisodiyoti izchil taraqqiy etmoqda. Qulay ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlik subyektlarining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, xorijiy sarmoyadorlarga berilayotgan imtiyozlar bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi O‘zbekistonda mustaqillik yillarida qishloq xo‘jalik sohasida amalga oshirilgan tub islohotlarning natijalarini dunyo jamoatchiligiga keng namoyish etish uchun qulay maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Zero, mamlakatingiz nainki o‘zining me’moriy obidalari, balki betakror tabiati, ko‘rkam bog‘-rog‘lari, totli mevalari bilan ham xorijliklarni maftun etayotgani O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimining ortib borayotganida ham namoyon bo‘lmoqda.