O‘zbekiston – Marokash vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi bilan Marokash Podshohligi tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi maslahatlashuvlarning birinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi bilan Marokash Podshohligi tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi maslahatlashuvlarning birinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov va Marokash Podshohligi tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha Davlat kotibi Mounia Bousetta rahbarlik qildi.
Uchrashuvda tomonlar vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning yangi shakli umumiy kun tartibidagi barcha masalalarni muntazam ravishda muhokama qilish va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga e’tibor qaratish imkonini berishiga ishonch bildirdi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama, shuningdek, BMT, IHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi O‘zbekiston – Marokash munosabatlarining joriy holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, hamkorlik yo‘nalishlari, shu jumladan, xalqaro maydondagi muhim masalalar bo‘yicha mamlakatlarimiz qarashlari yaqin yoki o‘xshash. Bu, o‘z navbatida, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash, rivojlantirish imkonini beradi.
Tadbirda O‘zbekiston – Marokash munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ularga uzoq muddatli, keng qamrovli va tizimli tus berishning huquqiy asoslarini yaratish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Maslahatlashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Marokash hukumatlararo komissiyasini tuzish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, Marokash yetakchi kompaniyalarining O‘zbekistonda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Ikki davlat ilmiy muassasalari hamkorligida islom merosini o‘rganish bo‘yicha munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Marokashlik mutaxassislarning Samarqand shahridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatida ishtirok etishi yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida maslahatlashuvlar va hamkorlik bo‘yicha bayonnoma hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Marokashning Diplomatiya akademiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy bazasida ilk hujjat sifatida qayd etildi.