French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlashda muhim mavqega ega
21:49 / 2017-09-27

Qozog‘iston parlamenti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muzokaralar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi serqirra hamkorlik, jumladan, parlamentlararo muloqotning izchil rivojlanishiga xizmat qiladi.

Do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari barcha sohada izchil rivojlanib bormoqda. Qozog‘iston parlamenti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muzokaralar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi serqirra hamkorlik, jumladan, parlamentlararo muloqotning izchil rivojlanishiga xizmat qiladi.

Delegatsiya rahbari, Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Senati Raisi Kasim-Jomart Tokayev O‘zA muxbiriga bergan intervyusida quyidagilarni so‘zlab berdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvimiz g‘oyat samarali bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston bozor iqtisodiyoti yo‘lidan dadil odimlamoqda. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida mamlakatingiz katta muvaffaqiyatlarga erishishiga ishonamiz.

Mamlakatlarimiz hamkorligi Abadiy do‘stlik to‘g‘risida shartnoma, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma va boshqa qator hujjatlar asosida yangi bosqichga chiqdi. Prezidentlarimiz uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar asosida joriy yilning yanvar-avgust oylarida savdo aylanmasi 35 foiz o‘sdi. 2020-yilga borib ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida avtomobil, temir yo‘l va havo transporti harakatining faollashgani bunda muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Prezidenti bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirish yuzasidan ilgari surayotgan tashabbuslar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Tashrif davomida O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdik, davlatlarimizning strategik sherikligini rivojlantirish va kengaytirishga xizmat qiladigan istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashdik. Ishonamizki, bu kelgusida o‘z samaralarini beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi g‘oyat ta’sirchan va mazmundor nutqida o‘ta dolzarb masalalar, xususan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan tashabbuslarni o‘rtaga tashladi, bu borada mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. Ushbu takliflarni ro‘yobga chiqarishda parlamentlararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Prezidentining mazkur tashabbuslari mintaqa barqarorligi va xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladi.