Oʻzbekiston maktablarida anʼanaviy kundalik va jurnallar foydalanishdan chiqarilmoqda
Mutaxassislar fikricha, bu oʻqituvchilarning vaqtini tejaydi, ota-onalar va maktab oʻrtasida masofaviy hamkorlikni yana-da faollashtiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi 2020/2021 oʻquv yilidan 1200 maktabda anʼanaviy (qogʻoz) kundaliklar va jurnallardan foydalanishni bekor qilmoqchi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Mutaxassislar fikricha, bu oʻqituvchilarning vaqtini tejaydi, ota-onalar va maktab oʻrtasida masofaviy hamkorlikni yana-da faollashtiradi.
Elektron kundalik onlayn rejimda maktabdagi oʻquv jarayonlari, baholardan xabardor boʻlish, sinf rahbari va boshqa oʻqituvchilar bilan aloqa qilish, oʻquvchiga taʼlim jarayonidagi qiyinchiliklarni yengib oʻtishga oʻz vaqtida yordamlashish imkonini beradi.
Kundalik.com TAS-IX zonasida joylashgan boʻlib, ishlaganda internet trafik sarflanmaydi. Foydalanuvchilar haqidagi hamma maʼlumotlar “Oʻzbektelekom” serverlarida saqlanadi. Bu taʼlim jarayonining barcha ishtirokchilari haqidagi shaxsiy maʼlumotlar ishonchli himoya ostida ekanini bildiradi.
Ushbu tizimga toʻliq oʻtish orqali, ota-onalar sinf rahbari bilan telegram va boshqa messenjerlar orqali bogʻlanishiga hojat qolmaydi, natijada internet trafigi ham tejaladi.
Tizimga obuna boʻlish bahosi 1 yil uchun 10 ming soʻm. Dastlabki oy davomida ota-onalarga tizimdan sinov tariqasida foydalanish imkoni beriladi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda 9 ming 942 umumtaʼlim maktabi bor.