Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘ZBEKISTON KUBOGI: “Paxtakor” va AGMK finalda
11:19 / 2019-09-27

Kecha O‘zbekiston Kubogining yarim final o‘yinlari o‘tkazildi.


Kecha O‘zbekiston Kubogining yarim final o‘yinlari o‘tkazildi. Unda “Paxtakor” “Nasaf”ni, AGMK esa “Bunyodkor” jamoasini qabul qildi. Eng qizig‘i, Kubokning o‘tgan yilgi mavsumi finalchilari yarim final o‘yinlarini o‘z foydalariga hal qilgan holda bu yilgi finalda ham o‘zaro ro‘baro‘ kelishadigan bo‘ldi. Xabaringiz bor, o‘tgan yilgi Kubok AGMK jamoasiga nasib etgan, olmaliqliklar ilk bor bosh sovrinni qo‘lga kiritishgan edi.

“Paxtakor” “Nasaf”ga qarshi yarim final o‘yinini muvaffaqiyatsiz boshladi. 21-daqiqada Bobir Abdiholiqov jamoadoshlari tomonidan qanotdan oshirilgan to‘pni darvozaga aniq yo‘llab, hisobni ochdi. Biroq mehmonlarning xursandchiligi uzoqqa bormadi. Oradan o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmay Dragan Cheran Odil Hamrobekovning pasini boshi bilan golga aylantirib, hisobni tenglashtirdi. G‘alabani saqlab qolishning uddasidan chiqmagan qarshiliklar hech bo‘lmasa mag‘lubiyatga uchramaslikning oldini olishga urinishdi. Biroq bu urinishlar birinchi bo‘limning o‘zidayoq samarasiz ketdi. Tinib-tinchimas Jaloliddin Masharipov jamoadoshlari uchun muhim bo‘lgan g‘alaba to‘pini kirita oldi. Ikkinchi bo‘limda har ikkala jamoa a’zolari qanchalik harakat qilishmasin, darvozalarga boshqa gol kiritilmadi.

Ikkinchi o‘yinda mezbonlar mehmonlarga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi. Olmaliqliklar birinchi bo‘limni o‘z foydalariga hal etishdi. Ikkinchi bo‘limning boshida ikkinchi gollarini kiritishib, vaziyatni o‘zlari tomonga ancha yaxshilab olishdi. Garchi “qaldirg‘ochlar” hisobni qisqartirishga erishgan bo‘lsada, maydon egalari uchinchi golni ham kiritishib, “Bunyodkor” futbolchilari hafsalalarini tushirishdi.

Shu tariqa 2019 yilgi mavsumda O‘zbekiston Kubogining hal qiluvchi final o‘yinida “Paxtakor” va AGMK jamoalari ketma-ket ikkinchi marotaba o‘zaro kuch sinashadigan bo‘lishdi.

O‘zbekiston Kubogi. Yarim final:
“PAXTAKOR” – “NASAF” - 2:1

Gollar: Dragan Cheran (33), Jaloliddin Masharipov (39) - Bobur Abduholiqov (21).

Hakamlar: Temur To‘xtasinov, Anvar Marajabov, Ziyodulla Abdurahmonov, Akmal Rahimov.
Nazoratchi: Rashid Aytekov Komissar: Diyor Imomxo‘jaev Ogohlantirishlar: Farrux Sayfiev (80) – Sardor Abduraimov (42), Bobur Abduholiqov (45).

AGMK – “BUNYoDKOR” - 3:1

Gollar: Shahzodbek Nurmatov (8), Elguja Grigalashvili (50), Sardor Rahmonov (85) - Nurillo To‘xtasinov (58)

Hakamlar: Sherzod Qosimov, Sanjar Shoyusupov, Timur Galeev, Ravshan Abdivohidov
Nazoratchi: Ma’mur Saidqosimov
Komissar: Aleksandr Davidenko

Ogohlantirish)lar: Shahzodbek Nurmatov (40), Dilshod Jo‘raev (45, Elguja Grigalashvili (62), Saydullo Raxmatov (70) – Sanjar Tursunov,( 60), Nurillo To‘xtasinov (71).