Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston kubogi: chorak finalchilar maʼlum, ular orasida amaldagi chempion yoʻq
11:11 / 2019-08-05

Kecha Oʻzbekiston kubogining 1/8 final bosqichidan oʻrin olgan yana toʻrtta uchrashuv oʻtkazildi va chorak final ishtirokchilari maʼlum boʻldi.


Kecha Oʻzbekiston kubogining 1/8 final bosqichidan oʻrin olgan yana toʻrtta uchrashuv oʻtkazildi va chorak final ishtirokchilari maʼlum boʻldi.

Bir kun avval boʻlgan oʻyinlarda Superliganing “Bunyodkor“, “Soʻgʻdiyona“ va AGMK, Pro-liganing esa “Oq-tepa“ jamoalari chorak finalning dastlabki vakillariga aylanishgan edi. Kechagi bahslarda ham deyarli kimlar zafar quchishi oldindan maʼlum edi guyo. Birgina Termizdagi oʻyin natijasini oldindan bashorat qilish qiyin edi.

Sababi, Superliganing debyutant jamoasi amaldagi chempionga qarshi kurash olib borardi. Buning ustiga uchrashuvning boshidayoq “temiryoʻlchilar”ning hisobni ochishi oʻyin taqdirini deyarli hal etgandi. Ammo amalda buning aksi boʻldi. Avvaliga mezbonlar birinchi boʻlimdayoq hisobni tenglashtirishdi, ikkinchi boʻlimda garchi oʻyin surʼati teng koʻrinsada maydon egalari oʻz uyida bayram qilishga muvaffaq boʻldi.

“Nasaf”ning oʻz uyida “Andijon”dan ustun kelishini bashorat qilganlar koʻpchilik edi. Uch kun oldin oʻz maydonida Superliga doirasida “Metallurg”ga imkoniyatni boy bergan qarshiliklar qanday boʻlmasin bu gal gʻalaba qozonishi shart edi. Aks holda uning muxlislari soni ozmi-koʻpmi kamayishi xavfi bor edi. Buni his qilgan mezbonlar maydonda borini berdi va niyatlariga yetishdi. Ayniqsa, Humoyun Murtazoyev dublga erishib, jamoadoshlarining gʻalabasini taʼminladi.

Vodiy derbisida “Navbahor”ning yutugʻiga shubha qilganlar deyarli yoʻq edi. Pro-ligada iqtisodiy muammolarini hal etishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan “Neftchi”ning Superligada chempionlik uchun kurashayotgan jamoaga qarshi turib berishini tasavvur qilish qiyin edi. Aksincha, namanganliklarning yirik gʻalabasini bashorat qilayotganlar koʻpchilik edi. “Neftchi” esa bunga yoʻl qoʻymadi, yutqazdi, lekin “osongina jon taslim qilmadi”.

“Paxtakor” nimchorak finalga qurʼa tashlangan paytdayoq keyingi bosqichga chiqib boʻlgandi. Superligada navbatdagi chempionlik unvoniga yaqinlashayotgan “sherlar” Pro-liga “V” guruhi oʻrtamiyona jamoasiga magʻlub boʻlishi dengizdan quruq tosh topishdek gap edi. Ammo birinchi boʻlimda “paxtakor“chilarning atigi bitta toʻp farqi bilan oldinda borishi, bu golni ham penaltidan kiritishi “Yashnobod”ning kuchli raqibga qarshi jiddiy tayyorgarlik koʻrganidan darak berayotgandi. Ammo ikkinchi boʻlim “kim aslida kim”ligini isbotlab berdi. Shu tariqa chorak final ishtirokchilarining nomi maʼlum boʻldi.

Oʻzbekiston kubogi. 1/8 final

“Surxon” - “Lokomotiv” - 3:1

Gollar: Azamat Isroilov (39), Abdulaziz Yusupov (82), Darko Stanoyevich (90+2, pen.) – Sardor Mirzayev (7).

“Nasaf” - “Andijon” - 3:0.

Gollar: Azizjon Gʻaniyev (20), Humoyun Murtazoyev (50, 73).

“Navbahor” - “Neftchi” - 3:1.

Gollar: Azizbek Turgʻunoyev (32), Ivan Solovyev (38, 44) – Jamshidbek Toʻraqulov (90).

“Paxtakor” - “Yashnobod” - 5:0.

Gollar: Dragan Cheran (3-pen.), Dostonbek Hamdamov (67), Sardor Sobirxoʻjayev (70), Jaloliddin Masharipov (74), Shohruh Mahmudxojiyev (78).

Shunday qilib, chorak finalga “Paxtakor“, “Bunyodkor“, “Navbahor“, “Nasaf“, AGMK, “Soʻgʻdiyona“, “Surxon“ hamda “Oq-tepa“ jamoalari yoʻllanma olishdi.

1/4 final juftliklarini aniqlash uchun bugun qurʼa tashlanadi. Ushbu marosim soat 19:00 dan boshlab “Sport“ telekanali orqali jonli tarzda efirga uzatiladi.