French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Koreya Respublikasi: o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi ufqlari
21:14 / 2015-05-28

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening taklifiga binoan 27-may kuni davlat tashrifi bilan Seul shahriga keldi.

Seul. 28-may. O‘zA maxsus muxbiri Anvar Samadov xabar qiladi.

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening taklifiga binoan 27-may kuni davlat tashrifi bilan Seul shahriga keldi.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentimizning Koreya Respublikasi mustaqilligi yo‘lida jon fido qilgan qariyb 170 ming odam xoki qo‘yilgan Milliy yodgorlik majmuini ziyorat qilishi bilan boshlandi.

Davlatimiz rahbari vatanparvarlar xotirasiga hurmat bajo keltirib, Yodgorlik poyiga gulchambar qo‘ydi. 

Koreya Respublikasi rahbarining “Chong Va De” (“Moviy saroy”) qarorgohida oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul oldidan o‘tdilar. 

Davlatimiz rahbari saroyning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat bitdi. 

Islom Karimov bilan Pak Kin Xening tor doiradagi muzokarasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligi xalqlarimiz o‘rtasidagi qadimiy do‘stlikdan quvvat oladi. Afrosiyob devorida aks etgan Samarqand hukmdorining qadimgi Koreya – Choson elchisini qabul qilish marosimi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar uzoq tarixga borib taqalishidan dalolat beradi. 

O‘zbek va koreys xalqlarining madaniyati, mentaliteti o‘xshash. Vatanparvarlik, mehnatsevarlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat, kattaga hurmat, kichikka izzat, sabr-matonat kabi fazilatlar ularga birdek xosdir. Taqdir taqozosi bilan bir paytlar yurtimizga kelib qolgan koreyslar o‘zbeklar bilan do‘st-birodar bo‘lib ketgan, jamiyatimizning faol a’zolariga aylangan. Koreys millatiga mansub vatandoshlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida, mahalliy Kengashlarda, boshqaruv organlarida, iqtisodiy-ijtimoiy hayotning barcha sohalarida faoliyat yuritayotgani, istiqlol yillarida ularning 300 nafarga yaqini davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgani buning yaqqol tasdig‘idir. 

O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi aloqalari 2006-yilda imzolangan Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, 2014-yilda qabul qilingan Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya asosida izchil rivojlanmoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam muloqotlar va xalqlarimizning mushtarak intilishlari samarasida bu munosabatlar tobora mustahkamlanib, mazmunan boyib bormoqda. 

Islom Karimov O‘zbekiston uchun Koreya Respublikasi vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli strategik sherik ekanini, ochiqlik, o‘zaro anglashuv va manfaatlarga hurmat asosida qaror topgan hamkorlikni yuksak qadrlashini alohida ta’kidladi. Janubiy Koreya yuksak darajada rivojlangan, ulkan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, innovatsion va intellektual salohiyatga ega davlat sifatida dunyoda e’tibor qozonganini qayd etdi.

Pak Kin Xe Islom Karimov O‘zbekiston Prezidenti etib qayta saylanganidan keyin davlat tashrifi bilan birinchi bo‘lib Janubiy Koreyaga kelgani ushbu mamlakat xalqi uchun quvonchli voqea, tomonlarning oliy darajadagi an’anaviy muloqotlarni davom ettirish va yanada rivojlantirishga qat’iy intilishi ifodasi bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Tomonlar bir-birining ichki va tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha nuqtai nazar va yondashuvlar o‘xshash yoki yaqindir.

O‘zbekiston Respublikasi Koreya Respublikasining Koreya yarimoroli, umuman, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi chuqur o‘ylangan, har tomonlama muvozanatli tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Koreya Respublikasi mamlakatimizning Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini, harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, barcha davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish siyosatini yuksak baholaydi. 

Mamlakatimiz Janubiy Koreyaning “Evroosiyo tashabbusi”ni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu munosabat bilan tomonlar ushbu konsepsiyani amalga oshirish yo‘lida, avvalambor, transport va tranzit sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish niyatini bildirdilar.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tanqisligi muammolarini bartaraf etish masalalarida ham hamfikrdir. 

Parlamentlararo aloqalar rivojlanmoqda, hukumat delegatsiyalari o‘rtasidagi tashriflar soni va samaradorligi ortmoqda. Mamlakatlarimiz BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar doirasida ham yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. 

Prezidentlar muloqoti ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom etdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga oid masalalarni muhokama qildilar.

Global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz ta’siri hamon davom etayotgani, jahon bozori beqaror bo‘lib turganiga qaramasdan, O‘zbekiston va Janubiy Koreya iqtisodiyoti izchil o‘sib bormoqda. 

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan taraqqiyotning «o‘zbek modeli» samarasida barcha sohalar jadal rivojlanmoqda. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining yillik o‘sish sur’atlari keyingi o‘n yil davomida 8 foizdan ziyod bo‘lib kelmoqda. 

Pak Kin Xe tashabbusi bilan qabul qilingan «kreativ iqtisodiyot» modeli muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bu Janubiy Koreya iqtisodiyotini yanada jadal rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi hamkorligi keng ko‘lam kasb etgan. Savdo, sarmoya, eksport-import, yoqilg‘i-energetika, kimyo, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, avtomobilsozlik, tog‘-kon sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, tibbiyot, turizm, fan-ta’lim va madaniyat kabi ko‘plab sohalarni qamrab olgan. 

Savdo-sotiq sohasida mamlakatlarimiz o‘rtasida 1992-yildan buyon eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi amal qilmoqda. O‘zbekistonda koreyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 412 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 68 tasi to‘la ushbu mamlakat kapitali asosida tuzilgan. Yurtimizda Janubiy Koreyaning 79 kompaniyasi vakolatxonalari ochilgan. 

2014-yili Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening mamlakatimizga tashrifi chog‘ida imzolangan bitim va kelishuvlar o‘zaro hamkorlik rivojiga yangi sur’at bag‘ishladi. O‘tgan yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollardan oshdi. 

O‘zbekiston avtomobilsozligiga ham mustaqilligimizning ilk yillarida Janubiy koreyalik sheriklar bilan hamkorlikda asos solingan. Endilikda bu soha mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biriga aylandi. Avtomobilsozlikka ixtisoslashgan o‘nlab zamonaviy korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu sohaga Janubiy Koreyaning 20 kompaniyasi jalb qilingan, 17 qo‘shma korxona tuzilgan.

Engil sanoat hamkorlikning ustuvor sohalaridan biridir. Bu yo‘nalishda umumiy qiymati 231 million dollardan oshiq 10 qo‘shma loyiha amalga oshirildi. Xususan, “DEU Interneshnl” kompaniyasi bilan Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida, “Shindong Enerkom” va “Tekstayl Teknolojiz” kompaniyalari bilan Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida tashkil etilgan to‘qimachilik korxonalari muvaffaqiyatli ish yuritmoqda. 

Tog‘-kon sanoati sohasida ham samarali hamkorlik qilinmoqda. “Neoplant” kompaniyasi bilan hamkorlikda texnik kremniy ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirildi. “Shindong Risorsez” kompaniyasi bilan volfram koni o‘zlashtirilmoqda. Mamlakatlarimiz mutaxassislari hamkorligida istiqbolli uglevodorod konlarini aniqlash bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya muqobil energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida ham ulkan imkoniyatlarga ega. Namangan viloyatida 130 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha sinov tartibidagi loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgani bu fikrning yorqin dalilidir.

Koreya Respublikasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida dunyoda yetakchi mamlakatlardan hisoblanadi. Mamlakatimizda ham bu soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi asosida izchil ishlar amalga oshirilmoqda, barcha jabhalarga zamonaviy axborot texnologiyalari keng joriy qilinmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan Koreya Respublikasi Fan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kelajakni rejalashtirish vazirligi o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Janubiy koreyalik mutaxassislar yurtimizda “elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishga ko‘maklashmoqda. 

Toshkent shahrida Inxa universiteti filialining tashkil etilishi bu boradagi hamkorlik ko‘lami va istiqbolining yorqin ifodasi bo‘ldi. Mazkur oliy o‘quv yurtida talabalar dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqarish, axborot tizimlari va komputer tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro standartlar darajasida ta’lim olmoqda. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzurida “Elektron hukumat” o‘quv markazi, O‘zbekiston-Janubiy Koreya axborot texnologiyalari markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Madaniy-gumanitar aloqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda. Fan, ta’lim, san’at, sport, turizm kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik tobora rivojlanmoqda. 

Janubiy koreyalik san’atkorlar Samarqand shahrida o‘tkaziladigan an’anaviy “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam ishtirok etib keladi. 2012-yilda Navro‘z bayrami va mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 20-yilligi munosabati bilan Seulda o‘zbek estrada artistlarining konserti tashkil qilindi. O‘tgan yili Toshkentda ochilgan Seul bog‘i xalqlarimiz mustahkam do‘stligining yana bir ifodasi bo‘ldi. 

Koreyaning Tegu va Pusan chet tillari universitetlarida o‘zbek tili, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik va Samarqand davlat chet tillari institutlarida koreys tili o‘rgatilmoqda. Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari Koreya Respublikasining o‘ttizdan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilib kelayotir. 

Muzokarada tomonlar oliy darajadagi muloqotlarni izchil davom ettirishga, iqtisodiyot, energetika, moliya, sarmoya, yuqori texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirishga, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga, gumanitar aloqalarni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Prezidentlar Islom Karimov va Pak Kin Xe o‘zaro hamkorlikning bugungi holatiga munosib baho berilgan va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari belgilangan Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. 

Davlat rahbarlari ishtirokida yirik investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish, ishlab chiqarish texnologiyalarini rivojlantirish, tabiiy gazdan olefin ishlab chiqarish, ta’lim tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, vazirliklar va idoralararo hamkorlikni mustahkamlashga doir qator hujjatlar qabul qilindi.

Prezident Islom Karimovning tashrifi doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy va boshqa sohalarga oid umumiy qiymati qariyb 7,7 milliard AQSh dollariga teng 60 hujjat imzolandi. 

Tomonlar ushbu davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirish, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari – “Lotte grupp” kompaniyasi raisi Shin Dong Bin, “Lotte Kemikal” kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Xu Su Yong, Koreya gaz korporatsiyasi prezidenti Li Jong Xoni qabul qildi.

Mamlakatimizda mazkur korporatsiya va kompaniyalar bilan hamkorlik borasida yaxshi tajriba to‘plangan. Xususan, Koreya gaz korporatsiyasi, “Lotte Kemikal” va “Es-Ti-Iks Enerji” kompaniyalari konsorsiumi ishtirokida Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasi barpo etilmoqda. Yirik va istiqbolli loyiha sifatida bir necha xalqaro mukofotlarga loyiq topilgan bu majmua yiliga 4,5 milliard kub metr gazni qayta ishlash imkonini beradi.

O‘zbekistonda chet el kapitali va korporativ boshqaruvning xorijiy usullari asosida tashkil etilgan korxonalar ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda yurtimizda to‘qsondan ortiq davlat investorlari ishtirokida tuzilgan 4 mingdan ziyod korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. 

“Lotte grupp” raisi bunday qulay ishbilarmonlik muhitidan foydalanib, kompaniyaning O‘zbekistondagi biznesini kengaytirish, neft-kimyo, turizm, qandolatchilik, savdo sohalariga sarmoya kiritish, mamlakatimizning yirik aksiyadorlik kompaniyalarida aksiya paketlariga ega bo‘lish istagini bildirdi.

Koreya gaz korporatsiyasi rahbari O‘zbekistonda iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya qilish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan dastur va loyihalarni yuqori baholadi va ularda ishtirok etishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

Davlatimiz rahbari “Xanjin grupp” va “Korean Eyr” kompaniyalari raisi Cho Yang Xoni ham qabul qildi. 

“Navoiy” intermodal logistika markazida “Korean Eyr” kompaniyasining ilg‘or tajribasi, zamonaviy texnologiyalari va samarali boshqaruv tizimi joriy etilgan. Bir kecha-kunduzda 1000 tonnagacha yukni qayta ishlash, yuk terminalida 300 tonna yukni qayta ishlash va saqlash, yigirmata samolyotga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega ushbu markaz Osiyo va Yevropa mamlakatlarini bog‘lovchi muhim markazga aylangan. Bugungi kunda mazkur aviaxabdan Seul, Milan, Bryussel, Frankfurt, Vena, Dehli, Mumbay, Xanoy va boshqa shaharlarga, jami 23 yo‘nalish bo‘yicha parvozlar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, “Navoiy” intermodal logistika markazi faoliyatini kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Prezidentimizning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi tafsilotlari mazkur mamlakat ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.