Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston karate Milliy federatsiyasida seleksiya jarayoni qizgʻin
21:58 / 2019-02-11

Bugun yoshlarimiz orasida sharqona yakkakurash turlariga boʻlgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Bu bejiz emas, zotan soʻnggi yillarda vatanimiz sportchilarining xalqaro arenalarda qoʻlga kiritayotgan olamshumul gʻalabalari murgʻak qalb sohiblarini sport toʻgaraklari tomon yetaklamoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi.


Bugun yoshlarimiz orasida sharqona yakkakurash turlariga boʻlgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Bu bejiz emas, zotan soʻnggi yillarda vatanimiz sportchilarining xalqaro arenalarda qoʻlga kiritayotgan olamshumul gʻalabalari murgʻak qalb sohiblarini sport toʻgaraklari tomon yetaklamoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Oʻzbekiston karate Milliy federatsiyasi rahbariyati tomonidan mamlakatimizda ushbu sport turini yanada keng ommalashtirish, hududlarda seleksiya jarayonlarini oʻtkazish orqali iqtidorli yoshlarni saralash, shu orqali oʻsmirlar hamda yoshlar terma jamoalarimizga munosib zaxira shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda joriy yil 9-10 fevral kunlari Termiz shahrida bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida Surxondaryo viloyat chempionati oʻtkazildi. Unda viloyatning barcha tumanlaridan yosh va umidli sportchilar gʻoliblik uchun tatamiga chiqishdi.

– Mazkur tadbirdan koʻzlangan maqsad – avvalo hudud yoshlari orasida Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan karate turini keng ommalashtirish hamda eng iqtidorli yoshlarni saralab olishdan iborat. Bugungi kunda Oʻzbekiston karate Milliy federatsiyasi barcha terma jamoalar uchun teng kuchli bir nechta tarkibni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Negaki raqobat bor joyda oʻsish boʻladi. Qolaversa, bugun karate sportida reyting tizimi joriy etilgan boʻlib, endi sportchilar eng nufuzli musobaqalar, xususan Olimpiya oʻyinlariga reyting ochkolari beriladigan A Seriyali turnirlarda muntazam qatnashib turishmasa, reytingdagi mavqeini boy berishi mumkin. Shuning uchun seleksiya jarayoniga jiddiy eʼtibor qaratmoqdamiz, - dedi biz bilan suhbatda Oʻzbekiston karate Milliy federatsiyasi vitse-prezidenti Komiljon Odilov.

Surxondaryoda boshlangan seleksiya ishlari endi Qashqadaryo viloyatiga koʻchadi. Shu zaylda Oʻzbekiston karate Milliy federatsiyasi maxsus ishchi guruhi yurtimizning barcha hududlarida boʻlib, yosh sportchilar orasidan eng iqtidorlilarini saralab oladi. Bu esa tabiiyki yurtimizda karate sportining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.