O‘zbekiston – iste’dodlar mamlakati
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodning intellektual va jismoniy salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasida yurtimizda shaxmat ham jadal rivojlanmoqda. O‘zbek shaxmat maktabi vakillari shaxmat olimpiadasi, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarga erishmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodning intellektual va jismoniy salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasida yurtimizda shaxmat ham jadal rivojlanmoqda. O‘zbek shaxmat maktabi vakillari shaxmat olimpiadasi, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarga erishmoqda.Rustam Qosimjonovdan o‘rnak olib, o‘z oldiga kuchli shaxmatchi bo‘lib yetishishni maqsad qilgan va bu niyatini amalga oshirish uchun tinimsiz izlanayotgan o‘g‘il-qizlar safi tobora kengayib bormoqda. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasidan ma’lum qilishlaricha, hozirgi kunda shaxmat bilan muntazam shug‘ullanayotganlar sakson mingdan oshib ketgan.
Shaxmat aql-zakovat, iroda va e’tiborni bir joyga jamlash, o‘nlab-yuzlab kombinatsiyalarni o‘ylab topishni talab etadi. Shaxmatchi bolaning aqli boshqa sport turi bilan shug‘ullanayotgan tengdoshlariga nisbatan tezroq rivojlanadi, fanlarni yaxshi o‘zlashtiradi.
Go‘daklikdan shaxmatni o‘rganish, yuzlab himoya va hujum taktikalarini yod olish, har bir donaning vazifasi va imkoniyatlari, ularni yurish yo‘llarini o‘z tafakkuridan qayta-qayta o‘tkazish, eng to‘g‘ri va samaralisini tanlashga har kimning ham sabru toqati, intellektual va jismoniy imkoniyati yetmaydi. Ana shunday salohiyatli, iste’dod sohiblari aka-uka Javohir va Islombek Sindorovlardir. Javohir Sindorov poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 300-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi to‘rtinchi sinf o‘quvchisi. Ukasi ham shu maktabning ikkinchi sinfida tahsil olmoqda.
– Onamning aytishlaricha uch yoshligimdan komputerga juda o‘ch bo‘lganman, – deydi Javohir. – O‘sha yoshda karra jadvalini to‘liq o‘rganganman. Bir kuni bobom yangi shaxmat doskasini olib keldi va ukam bilan menga shaxmat o‘ynashni o‘rgatdi. Yodimda, birinchi bor o‘ynaganimizda shaxmat figuralarini terishni o‘rganganmiz. Bobom yiqqan figuralarni o‘n sekund davomida kuzatgach, o‘zim qayta shu shaklni terib chiqdim va shundan so‘ng shaxmatga qiziqishim ortdi. Shaxmat bilan 5 yoshimdan shug‘ullanaman. 305-maktabgacha ta’lim muassasasida birinchi ustozim Sabohat Zayniddinova rahbarligida shug‘ullana boshladim. Shaxmat qoidalarini mukammal o‘rganishga intildim. 2011-yil Toshkent shahar birinchiligida ilk g‘alabamni qo‘lga kiritdim.
– Shaxmatchi irodali, mehnatsevar bo‘lishi kerak, – deydi bobosi Komil Sindorov. – Har bir bolaga alohida yondashuv talab etiladi. Ba’zan bola iste’dodli bo‘lsa-da, mehnat qilishga, bosh qotirishga erinadi, toqati yetmaydi. Shu bois qobiliyatni aniqlash uchun tinimsiz mashq qilish lozim. Bunday mashg‘ulotlar chog‘ida bolada fikrlash va eslab qolish, noodatiy vazifalarni hal etish qobiliyati shakllanadi.
Javohir shaxmatdan tashqari futbol va suzishga qatnaydi. Matematika, ingliz tili, ona tili fanlariga qiziqishi yuqori. Kelajakda qaysi kasb egasi bo‘lmoqchiligi haqida so‘raganimizda shunday javob berdi:
– Avvalo, shaxmat bo‘yicha xalqaro grossmeyster unvonini olish orzusidaman. Buning uchun hamma sharoit yaratilgan. Faqat o‘z ustimda ko‘proq mashg‘ulot o‘tkazishim kerak. Kelajakda huquqshunos bo‘lmoqchiman.
Akasiga ergashib, shaxmat maktabiga qatnab yurgan Islombek ham ulkan yutuqlari bilan barchaning e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Shaxmatning murakkab sir-asrorlarini juda tez va puxta o‘rganayotgan bu zehnli bolakayning o‘yin uslubi ko‘plab mutaxassisu muxlislarning e’tiborini tortmoqda.
– Menga hujumkor o‘yin uslubi yoqadi, – deydi Islombek. – O‘yin davomida tez va to‘g‘ri qaror qabul qilishga harakat qilaman, bu g‘alaba qozonishga yordam beradi. Menga Rustam Qosimjonovning o‘yin uslubi yoqadi.
2012-yil Hindistonning Dehli shahrida shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan VIII Osiyo chempionatining yetti yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida ishtirok etgan Javohir Sindorov to‘qqiz partiyaning yettitasida g‘alaba qozonib, bittasida durang natija qayd etdi va kumush medalni qo‘lga kiritdi. Iste’dodli shaxmatchimiz olti turdan iborat blits turnirda barcha raqibini mot qilib, 6 ochko jamg‘argan holda birinchi o‘rinni egalladi. Ukasi Islombek blits turnirda o‘z yosh toifasida ikkinchi o‘rinni egalladi.
2013-yil Eronning Mozandaron shahrida 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida tezkor shaxmat – rapid bo‘yicha 6 yoshgacha shaxmatchilar o‘rtasida Islombek Sindorov barcha partiyada g‘alaba qozonib, Osiyo chempioni bo‘ldi. Javohir ushbu chempionat doirasida o‘tkazilgan blits turnirida kumush medal sohibi bo‘ldi. O‘sha yili poytaxtimizda 10 va 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Javohir bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Intilish yangi marralarga yetaklaydi. 2014-yil ham aka-ukalar uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi. Gretsiyaning Kavala shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan rapid – tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida Javohir va Islombek o‘z yosh tofasida jahon chempioni bo‘ldi. Nufuzli musobaqaning yetti yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar bahsida ishtirok etgan Islombek to‘qqizta turning barchasida g‘alaba qozondi. To‘qqiz yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘z iqtidorini namoyish etgan Javohir Sindorov ham turnir davomida mag‘lubiyatsiz o‘ynadi.
Joriy yilda Tailandning Pattayya shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida Javohir Sindorov Vatanimiz sharafini yana bir bor munosib himoya qildi. U musobaqaning oltin medalini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston – iste’dodlar mamlakati. Ana shu iste’dodlarni yuzaga chiqarish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.