Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi
18:36 / 2020-06-11

Xabaringiz bor, xalqaro Fan, taʼlim va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti – ISESCO tomonidan “2020-yil Buxoro shahri — islom olami madaniyati poytaxti”, deb eʼlon qilindi.


Xabaringiz bor, xalqaro Fan, taʼlim va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti – ISESCO tomonidan “2020-yil Buxoro shahri — islom olami madaniyati poytaxti”, deb eʼlon qilindi.

Shu munosabat bilan yurtimizda qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad — dunyo jamoatchiligi, shu jumladan, xalqimiz va yoshlarimizni yurtimizning buyuk tarixi, ulugʻ allomalarimiz ilmiy-maʼnaviy merosidan xabardor qilish, ularning jahon sivilizatsiyasi tamadduniga qoʻshgan beqiyos hissasini tadqiq etishi hamda yangidan-yangi ilmiy topilmalarni keng jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ICESCO” kafedrasi tomonidan “Oʻzbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi” mavzusida onlayn anjuman tashkil etildi.

Hozirgi pandemiya sharoitida karantin qoidalariga amal qilgan holda “ZOOM” dasturi orqali oʻtkazilgan konferensiyada olimlar, professor-oʻqituvchilar, ilmiy-tadqiqotchilar, doktorant va magistrant hamda talabalar ishtirok etdi.

Anjumanni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Diniy-maʼrifiy faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha birinchi prorektori, siyosiy fanlar doktori, professor Shuhrat Akmalovich Yovqochev kirish soʻzi bilan boshladi. Olim bugungi kunda diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirish, allomalarimiz ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish boʻyicha yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ularning amaliy samaralari haqida fikr yuritib, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

– Bugun dunyo nigohida oʻzbek diyori deyilganda, avvalo, bu yurtdan tugʻilib, kamoliga yetgan buyuk allomalar – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Nasafiy, Maxmud Zamaxshariy, Imom Moturidiy kabi minglab jahon sivilizatsiyasiga oʻz munosib hissasini qoʻshgan ajdodlarimiz nomi yodga kelishi tabiiy, – dedi oʻz nutqida Shuhrat Yovqochev. – Qayda boʻlmasin bobolarimiz nomlari tilga olinganda yoki ularning asarlari haqida dunyo olimlari tomonidan qimmatli fikrlar aytilganda, albatta, har birimizning qalbimizda faxr-iftixor tuygʻulari joʻsh uradi. Beixtiyor bu ezgu hislar bizning ana shunday ulugʻ ajdodlarimizga qanchalik munosib voris boʻla olayotgan ekanmiz, degan fikr va savolni yuzaga keltiradi. Xususan, yurtimizda buyuk allomalarimizga bagʻishlab oʻtkazilayotgan har bir maʼrifiy tadbirlarimiz, ilmiy tadqiqotlarimiz zamirida ham aynan bobolar hikmatiga yaqin borish, oʻz maʼnaviy ildizimizni topish, voris sifatida ajdodlarimizga oʻxshashga harakat qilishimiz, milliy va asriy anʼanalarimizni asrab-avaylashimiz zarurligi bilan bogʻliq boʻlgan mohiyat zohir.

Darhaqiqat, tarixiy xotira bilan yashaydigan, milliy maʼnaviyati va madaniyatini, asriy anʼanalari, ota-bobosini unutmagan millat taraqqiy etaveradi. Buyuk ajdodlarining qoldirgan boy maʼnaviy merosiga tayangan holda farzandlarini kamolga yetkazayotgan xalq esa yurt uchun haqiqiy xalqparvarlarni tarbiyalab beradi.

photo_2020-06-11_22-34-11.jpg

Konferensiyada Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ICESCO” kafedrasi mudiri, tarix fanlari nomzodi, dotsent Davronbek Maxsudov ham soʻz olib, yurtimizda diniy va dunyoviy ilmlarni oʻrgatishga qaratilayotgan eʼtibor, jumladan, Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Termiziy va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Mir Arab oliy madrasasi faoliyati haqida ham maʼlumot berishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida ham aynan tizimda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab berilgan. Unga muvofiq soha yoʻnalishidagi barcha taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, taʼlim sifatini yana-da oshirish boʻyicha qator chora-tadbirlar belgilangan.

Masalan, Davlatimiz Rahbarining 2019-yil 17-18-oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashriflari davomida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan kuni kecha Surxondaryo viloyati Termiz shahrida “Imom Termiziy” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasining ham tashkil etilishi ham islomshunos olimlarni birdek quvontirdi.

Shu nuqtayi nazardan, «Oʻzbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi» mavzusida oʻtkazilgan onlayn anjumanda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti M.Qosimov “Shamsu-l-Aimma Saraxsiyning “Mabsut” asarida moddiy mulkni kafolatlash”, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani boʻlimi rahbari Sh.Mamadiyev “Oʻzaro diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik oʻzbek xalqiga xos xislat”, Akademiyaning “Islom tarixi va manbashunosligi” yoʻnalishi 3-kurs talabasi Sh.Sobirova “Toshkentda turizmni rivojlantirishda “Shayx Xovand Tohur va Qaldirgʻochbiy” maqbaralarining tarixi va tutgan oʻrni”, Akademiya tayanch doktoranti N.Toʻrayev “Imom Buxoriyning “Sabotli” Roviylar toʻgʻrisidagi qarashlari” (“At-Tarix Al-Kabir” asari asosida), “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ICESCO” kafedrasi oʻqituvchisi Sh.Umaraliyev “Sirojuddin Oʻshiyning “Fatovoi Sirojiyya” asarida fatvo berish uslubi”, Hadis ilmi maktabi oʻqituvchisi B.Mamashukorov “Xulosat ul-fatovo asarining qoʻlyozma nusxalari”, Mir Arab oliy madrasasi 3-bosqich talabasi D.Solixov “Imom Sakkokiy va uning “Mifathul ulum” (“Ilmlar kaliti”) asari, Akademiya “Ziyorat turizm” mutaxassisligi magistranti N.Sobirova “Nasaf va keshlik allomalarning ilm-fan va islom sivilizatsiyasi rivojida tutgan oʻrni” mavzularida maʼruza qilishdi.

Shuningdek, anjumanda Oʻzbekiston diyorida islom tamaddunining rivoji hamda yurtimiz allomalarining jahon sivilizatsiyasidagi oʻrni,Insonparvarlik — oʻzaro totuvlik va hurmat, bagʻrikenglik – Islom sivilizatsiyasining asosi sifatida,Movarounnahrda diniy va dunyoviy ilmlar uygʻunligi hamda islom manbalarining ahamiyati, Buxoroda islom ilmlari rivoji va tasavvufning ahamiyati kabi masalalar ham muhokama qilindi.

Konferensiya yakunida sohada mavjud muammolar ilmiy jihatdan tahlil qilinib, bu borada oʻz yechimini kutayotgan masalalarga eʼtibor qaratildi hamda anjuman ishtirokchilari tomonidan taklif va tavsiyalar berildi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati