Oʻzbekiston hududida shu paytgacha qanday epidemiyalar yuzaga kelgan?
Osiyoda esa oʻrta asrlarda tarqalgan epidemiyalarning aksariyati Hindistonda yuzaga kelgan
Yevropalik tarixchilar oʻrta asrlarda qitʼada tarqalgan turli epidemiyalar Osiyodan kelganligiga qattiq ishonishgan. “Antik davrdayoq yuzaga kelgan Buyuk ipak yoʻlining Markaziy Osiyodan oʻtishi oʻlat, vabo, maxov, chechak va boshqa shu kabi turli kasalliklarning tarqalishiga sabab boʻlgan. Bu yoʻlda karvonlar va odamlarning harakatlanishi epidemiya geografiyasining kengayishiga, aksariyat hollarda Osiyoda paydo boʻlgan kasalliklarning Yevropaga ham kirib kelishiga sabab boʻlgan”ligini yozadi fransuz tadqiqotchisi.
Ammo tarixga nazar tashlasak, epidemiyalarning aksariyati Yevropada tarqalgan. Kommunikatsiyaning zaifligi oqibatida oʻsha taraflardan boshqa joyga chiqmagan. Albatta bunga tozalik va ozodalik bilan bogʻliq baʼzi jihatlar ham sabab boʻlgan. Yaʼni Yevropa shaharlaridagi aholining turmush tarzi ham turli yuqumli kasalliklarning tarqalishiga olib kelganligini unutmaslik lozim. Shu bilan birga oʻrta asr Yevropa shaharlari doimiy tarzda feodallar zugʻumi ostida boʻlgan va buning oqibatida aksariyati kichik maydonni egallagan, koʻchalari tor, kanalizatsiya tizimi boʻlmagan. Chiqindilarni chiqarib tashlash yoki zararsizlantirish oʻrniga toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchaga tashlashgan. Tez-tez yoqqan yomgʻir esa chiqindiga toʻlgan koʻchalarda zaharli koʻlmaklar hosil qilib, Yevropada tez-tez oʻlat tarqalib, epidemiyalarga sabab boʻlgan.
Osiyoda esa oʻrta asrlarda tarqalgan epidemiyalarning aksariyati Hindistonda yuzaga kelgan. Garchi Hindiston bizga yaqin joylashgan boʻlsada, har doim ham oʻlat hududimizga kirib kelavermagan.
Movarounnahrda XVIII asrda yuz bergan siyosiy inqiroz davrida oʻlat tarqalganligi oʻsha davr mualliflari asarlarida qayd etilgan. Hatto Samarqanddek katta shahar uzoq yillar kimsasiz qolganligini, Buxoro amiri Shohmurod davrida shaharning qayta tiklanganligini tarixdan bilamiz. Biroq bunday holatlar tez-tez kuzatilmagan.
XIX asrga kelib vaziyat oʻzgardi. Birgina XIX asr oxiri XX asr boshlarida – 1872, 1892, 1904, 1905, 1907, 1908, 1910, 1915, 1918, 1921, 1922, 1923-yillarda 12-marta oʻlat epidemiyasi tarqalganligi eʼtiborni tortadi. Ushbu epidemiyalar dastlabkilari Hindistondan Afgʻoniston orqali bizning oʻlkaga kirib kelgan boʻlsa, keyinchalik Rossiyadan kelib, oʻlkada tarqalgan.
Rossiya imperiyasiga qaram boʻlgan Oʻrta Osiyoning shaharlari ikki qismga – aholining yevropaliklar yashaydigan qismi va mahalliy aholi guzarlariga boʻlingan edi. Biroq “koʻrinmas yov” na chegarani, na toʻsiqlarni va na mafkurani biladi. Sogʻliqni saqlash tizimi esa faqatgina Rossiyadan koʻchib kelganlar va ularning oilalariga xizmat qilardi. Mahalliy aholi uchun esa shifoxonalar juda kam edi. 1880-yillarning oxirida Turkiston general-gubernatori M.Chernyayev davrida mahalliy ayollar va bolalar uchun har bir shaharda 10-20 kishiga moʻljallangan shifoxonalar qurildi, xolos. Oʻlatdan davo istagan mahalliy aholi koʻp hollarda anʼanaviy davolash usullari, tabiblar xizmatidan foydalanishgan, turli oʻsimliklar damlamalari, oziq-ovqatlarni dori sifatida qabul qilishgan.
1872 va 1892-yillarda Oʻzbekiston hududida tarqalgan oʻlat bosqinchilarning sogʻliqni saqlash tizimidagi siyosatini oʻzgartirishiga undadi. Kasallik haqida odamlarni ogohlantirish va undan saqlanish boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqilib, imomlar va oqsoqollar orqali aholiga yetkazildi.
1892-yilgi oʻlat Turkistonda nafaqat sanitar vaziyatni, balki ijtimoiy-iqtisodiy sohani ham izdan chiqardi. Podsho hukumati “Turkestanskiye vedomosti” gazetasining 1892-yil 2-iyundagi sonida tibbiyot xodimlari hamda aholini rus va va oʻzbek tillarida oʻlatga qarshi koʻriladigan choralar haqida ogohlantirib bordi. Ushbu gazetada tibbiyot sohasidagi yevropalik kashfiyotchi-olimlar Lui Paster va Robert Kox ixtirolari haqida ham maqolalar chop etilib, aholi vaboga qarshi kurashda zamonaviy fanga ishonishga chaqirildi.
Biroq viruslarga qarshi vaksinalar hali yaratilmagan edi. Oqibatda Rossiya imperiyasining aholini “qismlarga” ajratishdek segregatsiya siyosati oqibatida Turkistonda birgina 1872-yilda tarqalgan epidemiya oqibatida 72 205 kishi, 1892-yilda 47520 kishi vafot etgan. Bu ham aniq raqamlar emas. Chunki aksariyat hollarda oʻz yaqinini diniy rasm-rusmlar doirasida dafn etishni xohlagan odamlar kasallikni yashirishgan. Bu esa kasallikning yana-da keng yoyilishiga olib kelgan.
1872-yilgi epidemiyadan Markaziy Rossiya bilan, Eron hamda Afgʻonistondan kasallik kirib kelgan Kaspiyorti viloyati bilan doimiy aloqada boʻlgan Toshkent eng koʻp jabr koʻrdi. Turkistonning ichki shaharlarida Erondan kirib kelgan epidemiya kamroq, lekin tez-tez tarqalib turdi va faqatgina 1892-yildagi epidemiya davrida 38 ming kishini hayotdan olib ketdi. Dastlab 1881-yilda Arabistonda paydo boʻlgan ushbu oʻlat 1884-yilda Yevropa, Osiyo va Amerikaning katta qismiga tarqaldi. 1887-yilda biroz susayib, 1892-yilda yangidan toʻlqinlandi va Afgʻoniston orqali Turkistonga kirib keldi. Keyin ushbu kasallik Transkaspiy temiryoʻli orqali oʻlkaning boshqa joylariga ham tarqaldi. Balki shuning uchun oʻsha davrda temiryoʻlga “shayton aravasi” deb nom berishgandir. Harholda temiryoʻl kasallik tarqalishining asosiy omili boʻlgani haqiqat. Buni arxiv manbalaridagi raqamlardan ham bilish mumkin. Yaʼni, temiryoʻl orqali safar qiluvchilar soni yildan-yilga koʻpayib bordi: 1899-yilda 443 ming, 1907-yilda 1 million 900 ming, 1908-yilda 2 million 710 ming, 1909-yilda esa qariyb 3 million kishi ushbu xizmatdan foydalangan.
XX boshiga kelib epidemiya tarqalishining anʼanaviy “Hindiston-Afgʻoniston-Eron” yoʻlidan mutlaqo yangi – shimoldan janubga va gʻarbdan sharqqa qarab yoʻnalgan yoʻli paydo boʻldi. Bu paytda Rossiyaning markaziy va gʻarbiy hududlarida yuzaga kelgan oʻlat Turkistonda ham paydo boʻlib, uni yuqtirganlar soni oʻsib bordi.
Birgina 1908-yildan 1921-yilgacha Rossiyadan Turkistonga toʻrtta oʻlat epidemiyasi kirib keldi. Ulardan birinchisining oʻchogʻi 1904-yilda Eronda paydo boʻlgan boʻlsa, qolganlari 1907, 1910 va 1921-yillarda Astraxan va Kavkazda yuzaga kelgan.
Barcha davrlarda dunyoda yuzaga kelgan epidemiya tarqalishi sharoitida koʻproq va aksariyat hollarda shaharlar talofat koʻrganligi ayni haqiqat. Bunga bir tomondan shaharlarda aholining zichligi sabab boʻlsa, ikkinchi tomondan shaharlarning xalqaro savdo aloqalardagi faol ishtiroki sabab boʻldi.
Davrlar orasidagi katta farqlar, siyosiy tuzim va yondashuvlarga qaramasdan oʻlat epidemiyasi va koronavirusning quruqlik, suv va havo yoʻllari orqali tarqalish tezligi ularni birlashtirib turuvchi omildir. Harakatlanishning cheklanishi, taʼlim muassasalarining yopilishi, dafnga oid diniy va boshqa marosimlarning cheklanishidan koʻzlangan maqsad, garchi bu iqtisodiyotga katta zarar boʻlsa-da epidemiyaning oldini olishga xizmat qiladi.
Oʻz-oʻzini yakkalash tarixda yuz bergan turli oʻlatlar tarqalishi davrida ham mavjud boʻlib, 40 kunni tashkil etgan. Hozir esa kasallik tarqalishi zanjirini uzish uchun 14 kun kifoya. Lekin oʻsha 14 kun haqiqatdan ham kishilar tomonidan oʻzini oʻzi yakkalash bilan oʻtishi lozim.
Mahmudxon YUNUSOV,
Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi bosh muhofizi