French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Hindiston biznes va ishbilarmonlar forumi tuzildi
14:27 / 2020-02-07

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida Biznes va ishbilarmonlar forumi tuzildi.


O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida Biznes va ishbilarmonlar forumi tuzildi. Shu to‘g‘ridagi memorandum O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (FICCI) rahbarlari tomonidan imzolandi. Bu haqda palata matbuot xizmati ma’lum qilgan.

O‘zbekiston – Hindiston Biznes va ishbilarmonlar forumining asosiy vazifasi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi munosabatlarni bor imkoniyatlar darajasida amaliy jihatdan rivojlantirish va kengaytirishga ko‘maklashishdan iboratdir. Tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali hamkorlikdagi investitsiyaviy loyihalar, eksport-import shartnomalari soni va sifatini oshirish, shuningdek o‘zaro texnologiyalar va tajriba almashish ko‘zda tutilmoqda.

Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi Ayollar tashkiloti (FICCI Ladies) prezidenti Xarjinder Kaur Talvarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston – Hindiston Biznes va ishbilarmonlar forumining tuzilishi so‘nggi yillar mobaynida o‘zaro hamkorlik istiqbolini o‘rganish va axborot almashish yo‘lida olib borilgan keng ko‘lamli ishlar natijasidir.

- O‘zbekistonda bir necha marta bo‘lib shunga ishonch hosil qildimki, mamlakatlarimizni nafaqat umumiy madaniyat, balki biznes yuritishdagi qadriyatlar uyg‘unligi ham bog‘lab turadi, — deydi X.Talvar. – Men tadbirkorlik sherikligining turli yo‘nalishlarida, jumladan savdo, axborot texnologiyalari, ta’lim, farmasevtika, qishloq xo‘jaligi, turizm kabi ko‘plab sohalarda yuksak salohiyatni ko‘ryapman.

Yangi tashkilotda ishtirok etish uchun O‘zbekiston va Hindiston ishbilarmonlari, kompaniyalari va assotsiatsiyalari jalb etilyapti. Forum ikki tomonlama tashriflar, ko‘rgazmalar, ishbilarmonlar ishtirokidagi tadbirlarni tashkil etadi.

Shuningdek, muvofiqlashtiruvchi va qonunchilik bazasini takomillashtirish, biznes uchun qo‘shimcha yengillik va imtiyozlar yaratish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari suradi.

Hamkorlikning yangidan tashkil etilgan tashkilot doirasidagi mazkur B2B shakli tadbirkorlarga bir-birlarini yanada yaqinroq bilish, tushunish, yangi imkoniyatlarni ochish, tez, qulay va samaralari sa’y-harakatlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Ta’kidlash joiz, FICCI Hindistondagi o‘z atrofida 250 mingdan ziyod kompaniyani birlashtirgan eng yirik biznes tuzilma hisoblanadi. Jahonning 8 davlatida, shuningdek mamlakatning 12 shtatida tashkilot vakolatxonalari mavjud. Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi iqtisodiyotning turli tarmoqlariga oid loyihalarni seminar, konferensiya, treninglar o‘tkazish, malaka oshirish dasturlarini hayotga tatbiq etish orqali amalga oshirishga ko‘maklashadi.