French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston – Hindiston biznes forumi
20:24 / 2020-10-21

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi hamkorligida 21-oktyabr kuni onlayn shakldagi Oʻzbekiston – Hindiston biznes forumi tashkil etildi.


Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi hamkorligida 21-oktyabr kuni onlayn shakldagi Oʻzbekiston – Hindiston biznes forumi tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Oʻzbekiston – Hindiston biznes forumi hamraisi, Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi ayollar tashkiloti sobiq prezidenti Harjinder Kaur Talvar, Hindistonning mamlakatimizdagi elchisi Manish Prabxat, Oʻzbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Ahatov, Oʻzbekiston eksportchilari uyushmasi raisi Muxtor Umarov, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Mazkur biznes forum tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, xususan, xalqaro savdo uchun qulay sharoit yaratish va Oʻzbekistonda biznes yuritish uchun investitsiya va xorijiy sheriklarni jalb etish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, oʻrta va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlari uchun Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasiga, elchilarga minnatdorlik bildirdi. Oʻzbekiston ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va strategik sheriklikni mustahkamlashga katta ahamiyat qaratishini taʼkidladi.

Harjinder Kaur Talvar xonim iqtisodiy aloqalar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini, mazkur tadbir Oʻzbekiston va Hindiston biznes vakillari oʻrtasida oʻzaro manfaatli va uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishini qayd etdi.

Mamlakatimizda hind kapitali ishtirokidagi 277 korxona faoliyat olib bormoqda. 2020-yilning yanvar-avgust oylarida Hindiston bilan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 198,4 million dollarni tashkil etdi.

Biznes forumda ishtirokchilar savdo va investitsiya sohalaridagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan suhbatlashdi. Sogʻliqni saqlash va farmatsevtika boʻyicha hamkorlik muhokama qilindi.

Taʼkidlash joiz, ayni yoʻnalishda Hindiston kompaniyalari Oʻzbekistonda faol boʻlib, bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Masalan, “Kadila Pharmaceutikals” kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda qiymati 50 million AQSH dollariga teng farmatsevtika korxonasi ishga tushirildi. Taʼlim sohasidagi hamkorlik doirasida AKT, muhandislik va biznesga ixtisoslashgan Sharda va Amiti universitetlari, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki faoliyat yuritayotgani fikrimizga yaqqol dalil boʻla oladi.

Tadbirda ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻzaro iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, qoʻshma loyihalar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish yuzasidan galdagi vazifalarni belgilab oldi.