“O‘zbekiston havo yo‘llari” MDH aviakompaniyalari ichida birinchi bo‘lib “Boeing 787 Dreamliner”ni sotib oladi
G‘arbda Nyu-Yorkdan sharqda Tokioga qadar, shimolda Tyumendan janubda Singapurgacha xalqaro aeroportlarning uchish maydonlarida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi ramzi tushirilgan zamonaviy samolyotlarni uchratish mumkin.
Ushbu ibora O‘zbekistondan Yevropa, Osiyo va Amerikaning qirqdan ziyod shahriga parvoz qilayotgan samolyotlar salonida muntazam jaranglaydi. G‘arbda Nyu-Yorkdan sharqda Tokioga qadar, shimolda Tyumendan janubda Singapurgacha xalqaro aeroportlarning uchish maydonlarida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi ramzi tushirilgan zamonaviy samolyotlarni uchratish mumkin. Jadal, barqaror va izchil rivojlanib borayotgan ushbu aviatashuvchi mustaqil O‘zbekistonning timsollaridan biridir.
Har doim talab darajasida bo‘lish
Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda turli darajadagi 1300 dan ziyod davlat va xususiy aviakompaniya mavjud. 470 dan ortiq aviatashuvchi xalqaro havo qatnovlarini amalga oshirsa, shuning 250 ga yaqini muntazam xalqaro aviareyslarni yo‘lga qo‘ygan. Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga binoan 22-yil avval tashkil qilingan “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi jiddiy raqobat sharoitida jahon aviabozorida o‘zining munosib o‘rnini egalladi. Xavfsizlik, qulaylik va yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish kompaniyaning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylangan. O‘tgan yili Britaniyaning mustaqil SkyTrax reyting agentligi tomonidan milliy aviakompaniyamiz ko‘rsatayotgan xizmatlar sifatining auditi yakunlari ham buni yana bir bor tasdiqladi.
– Kompaniyamiz erishayotgan barcha yutuqlar – bu davlatimiz rahbarining doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligi, texnologik parkni muntazam modernizatsiya qilish, G‘arbda va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan laynerlarga texnik xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, yer usti infratuzilmasini takomillashtirish, havo harakatini boshqarish tizimini tubdan isloh etish, mamlakatimizda yuqori malakali kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan aniq maqsadli va serqirra ishlar samarasidir, – deydi “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Akmal Akbarov.
Milliy aviakompaniyaning ishlab chiqarish va moliyaviy ko‘rsatkichlari yil sayin o‘sib, ish samaradorligi ortib bormoqda. 2014-yilning birinchi yarmida 11,4 mingdan ziyod parvoz amalga oshirilib, 1,2 million nafardan ortiq yo‘lovchi, 20 ming tonnadan ko‘proq yuk, jumladan, pochta tashildi. Bunga aviabozor talablariga tez moslashish, yo‘nalishlar geografiyasini kengaytirish va parvozlar sonini ko‘paytirish evaziga erishilmoqda. Joriy yilda Singapurga havo qatnovi yo‘lga qo‘yildi, Termizdan Sankt-Peterburgga, Urganchdan Volgogradga aviayo‘nalishlar ochildi, parvozlar soni ko‘paydi. Masalan, Toshkent-Riga-Nyu-York va Nyu-York-Riga-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha reyslar haftada ikki marta – payshanba va yakshanba kunlari amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz turizm salohiyatini yuksaltirish maqsadida Frankfurt, Parij va Milan shahridan havo qatnovi Urganch shahri orqali amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizning havo bandargohlari
Mavjud texnik bazani yangilash, xususan, yo‘lovchi va yuk terminallari infratuzilmasini takomillashtirish milliy aviakompaniyamiz faoliyatining istiqbolli yo‘nalishlaridan biridir. Prezidentimizning doimiy e’tibori samarasida mamlakatimiz aeroportlarida uchish-qo‘nish yo‘laklari rekonstruksiya qilindi, aerovokzal komplekslarining tashqi ko‘rinishi deyarli to‘liq yangilandi, yo‘lovchi terminallari soni ko‘paytirilib, xizmat ko‘rsatish texnologiyasi yaxshilandi. Yangi uchish-qo‘nish yo‘laklari har qanday rusumdagi samolyotlarni, terminallar esa oqimi tobora ko‘payib borayotgan yo‘lovchilarni qabul qilishga qodir.
“Toshkent” aeroportida bir soatda 400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan mahalliy havo yo‘llarining yangi aerovokzali barpo etildi. Xalqaro aviatashuv terminalida yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratildi. Bu yerda yuqori darajadagi qulayliklarga ega biznes-zal, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, tamaddixona, «Duty-free» do‘koni yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda aeroportning VIP va CIP zallari kapital ta’mirlanmoqda.
«Navoiy» va «Buxoro» aeroportlarida barcha qulayliklarga ega va yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlangan yangi yo‘lovchi terminallari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. “Urganch” xalqaro aeroportida 2011-yilda yo‘lovchilarni qabul qiladigan yangi zal, bir oy avval esa soatiga 300 kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yo‘lovchi terminali ishga tushirildi. Xorazm viloyatiga kelayotgan sayyohlar uchun vohaning transport imkoniyatlari, bu yerdagi mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish joylari to‘g‘risida va boshqa foydali ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborot xonasi tashkil etildi. Mustaqillik bayrami arafasida “Farg‘ona” aeroportida ham yangi aerovokzal foydalanishga topshiriladi.
Aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirishga doir chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizning 12 aeroporti xalqaro maqomga ega bo‘ldi. Shu yilning fevral oyida «Toshkent», «Buxoro», «Samarqand», «Nukus», «Qarshi», «Termiz», «Urganch», «Andijon», «Farg‘ona», «Navoiy», «Namangan» aeroportlari boshqa bo‘linmalar qatori ISO 9001:2008 xalqaro sifat standarti talablariga muvofiqlik bo‘yicha dastlabki resertifikatsiya auditidan o‘tdi.
Mamlakatimiz aeroportlarining turli xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyat qozonayotgani ularning samarali faoliyat ko‘rsatayotganidan dalolat beradi. Joriy yilning iyun oyida uchta aeroport 2013-yilgi faoliyati yakunlari bo‘yicha “MDH mamlakatlaridagi eng yaxshi aeroport” tanlovining turli nominatsiyalarida g‘olib bo‘ldi. Misol uchun, yiliga yuz mingdan yarim million nafargacha yo‘lovchi tashiyotgan “Buxoro” havo bandargohi “Barqaror rivojlanayotgan aeroport” maqomiga sazovor bo‘ldi. “Samarqand” va “Urganch” xalqaro aeroportlari “Ishlab chiqarishni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi” nominatsiyasida g‘olib chiqdi.
Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston aeroportlarini xavfsizlikni ta’minlash nuqtai nazaridan ishonchli deb e’tirof etmoqda. Ularning barchasida gaz analizatorlari va metall izlash moslamalari, skanerlar ishlab turibdi, yanada takomillashgan va ishonchli texnika joriy etilayotir. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan patrul xizmatining yo‘lga qo‘yilgani, hududlarni videokuzatuv va maxsus texnik tekshiruv vositalari bilan ta’minlash aeroportlarda xavfsizlik darajasini yuksaltirishga yordam bermoqda.
Parvozlar qulayligi yo‘lida
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy kompaniyasi aviaparkini bosqichma-bosqich yangilash dasturi amalga oshirilmoqda. Yevropaning O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi ramzi tushirilgan dastlabki «Airbus» samolyoti mamlakatimizga 1993-yil, Amerikaning «Boeing» havo kemasi esa 1996-yilda keltirildi. Ular nafaqat xalqaro, balki mahalliy yo‘nalishlarga parvoz qilgan Il-62, Il-86, Tu-154, Yak-40, An-24 samolyotlari o‘rnini egallamoqda. So‘nggi uch yilda aviakompaniya parki jahon aviatsiya sanoatining yetakchi korxonalarida ishlab chiqarilgan zamonaviy, qulay va tejamkor «Airbus-320-200» va «Boeing 767-300-ER» havo kemalari bilan to‘ldirildi.
2016-yilda O‘zbekistonga ikkita «Boeing 787 Dreamliner»ning keltirilishi mamlakatimizda aviatashuvlar rivojlantirish tarixidagi eng muhim voqea bo‘ladi. «O‘zbekiston havo yullari» uzoq masofaga parvoz qiladigan ushbu qulay va shinam laynerlarni xarid qilish bo‘yicha «Boeing – Fuqaro samolyotlari» kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan dastlabki aviakompaniyalardan biridir. Milliy aviakompaniyamiz MDH hududida ushbu yangi havo kemalaridan birinchi bo‘lib foydalanadi.
– Mamlakatimiz hududlari va xorijiy davlatlarga o‘ttiz yildan buyon parvoz qilaman, – deydi tadbirkor Shavkat Mirzayev. – O‘zbekiston aholisi chet elga chiqish uchun, garchi oxirgi manzil Toshkentdan janubda joylashgan bo‘lsa-da, albatta shimoliy yo‘nalish – Moskvaga uchishi shart bo‘lgan vaqtlar hali-hamon esimda. Bu ancha noqulayliklar tug‘dirib, qo‘shimcha xarajat talab etardi. Mustaqilligimiz sharofati bilan yangi yo‘nalishlar tashkil etilib, xorijga nafaqat Toshkent, balki mamlakatimizning boshqa shaharlaridan ham parvozlar amalga oshirilmoqda, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanmoqda.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi samolyotlariga chiqqan yo‘lovchilar qulay, shinam muhitga tushadi, alohida e’tirof va g‘amxo‘rlikdan bahramand bo‘ladi. Havo kemalari barcha zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Videoproyektorlar orqali badiiy, hujjatli filmlar, musiqiy kliplar, multfilmlar namoyish etiladi. “Boeing” samolyotlarida alohida monitorlar mavjud bo‘lib, yo‘lovchi o‘zi uchun qiziqarli bo‘lgan dasturni tanlashi mumkin. Bu monitorlarda samolyot yo‘nalishi va parvoz haqidagi («air-show» tizimi) axborotni kuzatish mumkin. Uzoq masofaga uchadigan xalqaro yo‘nalishlarga parvoz chog‘ida birinchi va ikkinchi klass yo‘lovchilari «iPad» bort planshentidan bepul foydalanishi, maxsus «Sky Shop» jurnal-katalogida o‘ziga yoqqan mahsulotni xarid qilishi mumkin.
Tamaddi qilishga ham alohida e’tibor qaratilgan. «Ketring» davlat unitar korxonasi direktori Bo‘ron Ergashevning aytishicha, ishlab chiqarish quvvatlari barcha aviayo‘nalishlarga parvoz qiladigan samolyotlarda ming porsiya issiq va yaxna taom tayyorlash, turli ichimlik va mevalar taqdim etish imkonini beradi. Taomlar va mahsulotlar sifati muntazam nazorat qilinadi, 300 turdan ortiq taom “Global test” muvofiqlik sertifikatiga ega. Mijozlar aviachipta sotib olish yoki bron qilishda yoshi va e’tiqodini hisobga olgan holda maxsus taomga buyurtma berishi mumkin. Samolyotlarda vegetarian, bolalar, mevali va kosher taomlari ham taklif etiladi.
Ko‘p marotaba parvoz qiladigan yo‘lovchilar uchun milliy aviakompaniya alohida «UzAirPlus» dasturi – parvozning har bir kilometri uchun ball to‘plash tizimini taklif qiladi. Uning ishtirokchilari mukofot sifatida sovrinli parvoz qilish, xizmat ko‘rsatish toifasini oshirish, “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi reyslarida ro‘yxatdan o‘tish chog‘ida biznes-xoll xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Eng ko‘p ball to‘plagan ishtirokchilar qo‘shimcha imtiyoz va xizmatlardan foydalanishi mumkin, shuningdek, CIP zalida ro‘yxatdan o‘tish va qo‘shimcha yukni bepul olib o‘tish imkonini yaratadigan kumush yoki oltin kartochka beriladi.
Kadrlar masalasi alohida e’tiborda
Dunyoning ko‘plab aviakompaniyalari O‘zbekiston uchuvchilar tayyorlash maktabini eng nufuzli maktablardan biri sifatida e’tirof etmoqda. Zero, ushbu maktabda ko‘p yillar davomida “ustoz-shogird” an’analari asosida, nazariya bilan amaliyot chambarchas bog‘liq holda shakllangan. Istiqlol yillarida boshlangan aviaparkni zamonaviy samolyotlar bilan to‘ldirish jarayoni havo flotini modernizatsiya qilish, uchuvchilarni tayyorlashga nisbatan talablarni kuchaytirishni taqozo etdi. Mamlakatimizga yangi samolyotlarning keltirilishi munosabati bilan dastlabki bir guruh aviatsiya xodimlari Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh, Fransiya, Janubiy Koreyadagi eng yaxshi o‘quv-mashg‘ulot markazlarida ham nazariy, ham amaliy tayyorgarlikdan o‘tdi.
O‘zbekiston Qahramoni, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi “Boeing” uchuvchilar otryadining uchuvchi-yo‘riqchisi Zarxo‘ja Saidazimov faoliyati bunga yaqqol misoldir. Z.Saidazimov 1992-yili milliy aviakompaniyamiz tashkil etilgandan so‘ng Toshkent-Bahrayn-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha “Tu-154” samolyotida birinchi parvozni amalga oshirdi. So‘ngra xorijlik hamkasblari bilan birgalikda «Airbus» va «Boeing» laynerlarida parvoz qilishni o‘zlashtirdi. Ayni paytda, tajribali uchuvchi sifatida ko‘p yillardan buyon yoshlarga mahorat sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
2012-yilda jahon bo‘ylab taqdimot turi doirasida Toshkentga dastlabki «Boeing 787 Dreamliner» kelib qo‘nganda, Amerika kompaniyasi va «O‘zbekiston havo yullari» vakillari samolyotning texnik xususiyatlarini sinab ko‘rish uchun unda bir soat parvoz qildi. Laynerni boshqarish milliy aviakompaniyamizning eng yaxshi uchuvchilaridan biri, Z.Saidazimovning tajribali shogirdlaridan Kompaniya uchuvchilar kompleksi direktori Alisher Karimovga ishonib topshirilgan edi. «Boeing – Fuqaro samolyotlari» kompaniyasining bunday qarori uchuvchilarimiz mahoratiga bo‘lgan chuqur hurmatdan dalolat beradi.
Yaqin vaqtlar ichida bunday uchuvchilar milliy aviakompaniyamizning o‘zida xalqaro sertifikatga ega va barcha zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlangan o‘quv-mashg‘ulot markazida tayyorlanadi. Bundan tashqari, uchuvchilarning parvoz qilish layoqatini saqlash va buning uchun ularning zarur malakasini ta’minlash maqsadida kompaniyaning yangi Mashg‘ulotlar kompleksida uchuvchilar “Boeing-757/767”, “A-320” havo kemalarining zamonaviy trenajyorlari, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan Il-114-100 samolyotining noyob «Full-flight» simulyatori yordamida real holatlarga yaqinlashtirilgan sharoitlarda parvoz qilishni o‘rganmoqda.
Parvozlar xavfsizligi va murakkab aviatsiya texnikasidan foydalanishga nisbatan xalqaro talablar havo qatnovini boshqarishning yangi tizimini joriy etishni taqozo etayotir. «Toshkent» xalqaro aeroportida faoliyat ko‘rsatayotgan Havo harakatini boshqaradigan avtomatlashtirilgan markaz xalqaro standartlarga mos zamonaviy dispetcherlik va navigatsiya tizimlari bilan jihozlangan. «O‘zaeronavigatsiya» markazi O‘zbekiston havo kengligida parvoz qiladigan samolyotlar harakatini boshqarish, yangi havo yo‘laklarini tashkil etish imkonini berayotir. O‘zbekiston osmonida parvoz qilayotgan har bir avialayner minglab aviatsiya mutaxassislari bilan yaqin hamkorlikda havo harakatini boshqarayotgan aviadispetcherlar nazoratida bo‘ladi.
Davr sinovidan o‘tgan mustahkam ishonch
Bugun butun dunyoda aviatsiya xavfsizligi, aviatashuvlar ishonchliligi va sifatiga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Bu borada yo‘lovchilar talabini qondirish va aviatashuvchilar manfaati o‘rtasidagi nisbatga xalqaro darajada rioya etish zarur. «O‘zbekiston havo yo‘llari» o‘z faoliyatida parvozlar va aviatsiya xavfsizligiga alohida e’tibor qaratmoqda. Aviakompaniyamiz ushbu sohadagi yutuqlari uchun Xalqaro aviatsiya xavfsizligi fondi va Notijorat hamkorlik tashkilotining «Parvozlar xavfsizligi» mukofotiga sazovor bo‘lgani, kompaniyaning xavfsizligi va ishonchliligini tasdiqlovchi IOSA auditlaridan muvaffaqiyatli o‘tgani ham shundan dalolat beradi.
Havo transportida ishlash – bu har kuni yuksak mas’uliyat, chuqur bilim, vazminlik, eng murakkab vaziyatlarda ham zudlik bilan to‘g‘ri qaror qabul qilishni talab etadigan mashaqqatli mehnatdir. Nafaqat parvozlar xavfsizligi va havo parkining texnik jihatdan sozligi, balki yong‘inga qarshi himoya, avariya-qutqaruv va tibbiy ta’minot, boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega vazifalarni bajarish uchuvchilar, muhandislar, texniklar va boshqa mutaxassislarning mahorati, fidokorona mehnatiga bog‘liqdir. Aviaxodimlar sa’y-harakatlari bosh vazifani bajarish, ya’ni parvozlar xavfsizligi va ishonchliligini, aviatashuvlar muntazamligi va yo‘lovchilarga yuksak darajada xizmat ko‘rsatishni ta’minlashga qaratilgan. Soha xodimlarining o‘z ishiga nisbatan bunday mas’uliyatli munosabatda bo‘lishi samarasida havo floti mamlakatimiz faxriga aylanmoqda.
Milliy aviakompaniyamizning istiqboldagi rejalari bozorning barcha bo‘g‘inlarida o‘z o‘rnini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Fuqaro aviatsiyasini yanada rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarga muvofiq parvozlar va aviatsiya xavfsizligini ta’minlash darajasini yanada oshirish, barcha tuzilma va ishlab chiqarish komplekslari faoliyatini takomillashtirish “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi uchun ustuvor vazifalardir.