Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston futbol federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
15:51 / 2017-09-12

Poytaxtimizda O‘zbekiston futbol federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi, Osiyo futbol konfederatsiyasi, O‘FF, viloyat futbol federatsiyalari vakillari, futbol faxriylari, murabbiylar, keng sport jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Poytaxtimizda O‘zbekiston futbol federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu xaqda qisqacha ma’lumot bergan edik.

Anjumanda mamlakatimizda sportni, jumladan, futbolni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama sog‘lom bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash, ularning futbol bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoit yaratishga doimiy e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda futbolni rivojlantirishning mustahkam poydevori, yaxlit tizimi yaratildi. Yurtimizning barcha hududlarida futbol infratuzulmasi yaratilmoqda. Yosh futbolchilarning mashg‘ulotlarini yuqori saviyada tashkil etish, ular orasida turli musobaqa va turnirlar muntazam o‘tkazishga e’tibor qaratilmoqda. Bu esa iqtidorli sportchilarni saralash va terma jamoalarga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Buning samarasida o‘zbek futboli ijobiy natijalarga erishdi. O‘tgan yillar davomida yosh futbolchilarimiz qator davlatlarda o‘tkazilgan jahon va Osiyo chempionatlarida munosib ishtirok etdi, O‘zbekiston futbol federatsiyasi FIFAning “Fair Play” (halol o‘yin) sovrini bilan taqdirlandi. FIFA referisi Ravshan Ermatov futbol bo‘yicha turli nufuzli musobaqalarda, jumladan, ketma-ket ikki jahon chempionatida hakamlik qildi.

Konferensiyada erishilgan yutuqlar bilan birga mavjud muammo va kamchiliklarga tahliliy-tanqidiy ruhda yondashish, ularni bartaraf etish zarurligi haqida so‘z yuritildi. Jumladan, milliy terma jamoaning yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanmay, 2018-yili Rossiyada bo‘ladigan jahon chempionatiga chiqa olmagani, viloyatlar futbol federatsiyalari faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, joylardagi futbol maktablari, maktab-internatlari yosh iqtidorli futbolchilarni tarbiyalashda samarasiz ish olib borayotgani, ular uchun yetarlicha imkoniyatlar yaratish borasida ham kamchiliklar kuzatilayotgani ta’kidlandi.

Konferensiyada O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, "Paxtakor" professional futbol klubi raisi o‘rinbosari Umid Ahmadjonov O‘zbekiston futbol federatsiyasining raisi etib saylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi O.Ramatov, O‘zbekiston ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti rektori Sh.Isroilov O‘zbekiston futbol federatsiyasi raisining o‘rinbosarlari etib saylandi. Shuningdek, konferensiyada O‘zbekiston futbol federatsiyasining ijroiya qo‘mitasi a’zolari saylandi.

Konferensiya kun tartibidagi qator masalalar bo‘yicha axborotlar tinglandi.