Oʻzbekiston delegatsiyasining Dushanbega tashrifi samarali boʻldi
Shu bilan Oʻzbekiston delegatsiyasining Tojikistonga tashrifi yakunlandi.
Dushanbeda “Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlarining doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonchni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi, oʻzbek – tojik strategik sherikligida yangi sahifaning ochilishi” mavzusida boʻlib oʻtgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini yakunladi.
Anjuman doirasida ilmiy-tadqiqot, tahliliy markazlar va oliy oʻquv yurtlari vakillari oʻrtasida alohida ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi. Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollari, oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Xususan, Oʻzbekistonning Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot va demografiya instituti, shuningdek, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi bilan Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasining Sanʼatshunoslik instituti oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumlari tuzildi.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasining Fizika-texnika instituti bilan ilmiy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzoladi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti va Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasining Geologiya, zilzilabardosh qurilish va seysmologiya instituti seysmologiya sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvga erishdi.
Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqot instituti va Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi tomonlar oʻrtasida amal qiluvchi memorandum doirasida oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi dolzarb masalalar boʻyicha birgalikda ilmiy-tadqiqot tadbirlarini tashkil qilish haqida kelishib oldi.
Shu bilan Oʻzbekiston delegatsiyasining Tojikistonga tashrifi yakunlandi.