O‘zbekiston delegatsiyasi Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishda ishtirok etdi
Avstraliyaning Brisben shahrida Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining 78-yalpi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Avstraliyaning Brisben shahrida Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining 78-yalpi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Dunyoning 30 dan ziyod davlatlaridan vakillar tashrif buyurgan mazkur nufuzli anjumanda “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Iskandar Iskandarov, “Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyati direktori, Paxtani qayta ishlash va tadqiq qilish bo‘yicha Osiyo tarmog‘i rahbari Tohir Kuliev ishtirok etmoqda.
“Global yetakchilik: paxta chegaralarini kengaytirish” mavzusida tashkil etilgan bu galgi muloqot qatnashchilari Avstraliya fermerlari, paxta tozalash zavodlari mutasaddilari, yuk jo‘natuvchilari, sohaning taniqli marketologlari, tahlilchilar, to‘qimachilik tarmog‘i ishlab chiqaruvchilari, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetkazib beruvchilari, investitsion banklar mutaxassislari bilan uchrashadilar.
Shuningdek, tadbir doirasida ishtirokchilar eng ilg‘or g‘oyalar va innovatsiyalar yuzasidan fikr almashib, paxtachilik sohasini jadal rivojlantirishning samarali usullarini isloh qilish masalalarini muhokama qiladilar.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari yig‘ilishning birinchi kunida qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdilar.
Muhokamalar davomida asosiy e’tibor jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mamlakatimiz paxtasining xarid qiymatini yanada oshirish, salohiyatli xaridorlar va ishonchli hamkorlarga har tomonlama sifatli pishiq-puxta tolamiz bo‘yicha to‘liq ma’lumot berish, davlat-xususiy sherikchilik tizimi orqali investitsiya jalb qilishga qaratildi.
Xalqaro maslahat qo‘mitasi tadbirlari 6 dekabrgacha davom etadi.
“O‘zpaxtasanoat” AJ matbuot xizmati