Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston delegatsiyasi Jak Shirakning dafn marosimida ishtirok etadi
10:16 / 2019-09-29

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya 2019-yil 30-sentyabr kuni Fransiya Respublikasining sobiq Prezidenti Jak Shirakning dafn marosimida ishtirok etadi.


Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya 2019-yil 30-sentyabr kuni Fransiya Respublikasining sobiq Prezidenti Jak Shirakning dafn marosimida ishtirok etadi. Bu haqida vazirlik axborot xizmati maʼlum qildi.

Eslatib oʻtamiz, Jak Shirak 26-sentyabr kuni 86 yoshida vafot etdi.

Jak Shirak 1932-yilning 29-noyabrida Parijda tugʻilgan. Karno va Lyudovik Buyuk litseyida u rus tilini oʻrgangan, oʻsmir yoshida Pushkinning “Yevgeniy Onegin” poemasini fransuz tiliga oʻgirgan.

U 1995—2007-yillarda, ikki muddat Fransiya prezidenti boʻlgan. Bungacha ikki marta — 1974—1976 va 1986—1988-yillarda mamlakat bosh vaziri boʻlgan. Ikkinchi bosh vazirlik muddatini Parij meri lavozimi bilan birga oʻtkazgan. Jak Shirak Fransiya poytaxtini 18 yil davomida boshqargan.

U Ikkinchi Jahon urushida yahudiylarning deportatsiya qilinishiga Fransiyaning daxldorligini birinchi boʻlib tan olgani, shuningdek, AQSHning Iroqqa bostirib kirishini qoʻllab-quvvatlashdan bosh tortgani bilan tanilgandi. Shuningdek, Shirak davrida Fransiya prezidentining vakolat muddati yetti yildan besh yilga kamaytirilgan.

Shirak 2005-yilda insultni boshdan kechirgan, soʻnggi yillarda uning sogʻligi yomonlashib borayotgani haqida xabarlar tarqalayotgandi.

Jak Shirak Oʻzbekiston—Fransiya munosabatlarining mustahkamlanishiga ham katta hissa qoʻshganini alohida qayd etish lozim. 1996-yil 24-aprel kuni Parijda YUNESKO tomonidan tashkil qilingan Amir Temurning 660-yilligiga bagʻishlangan koʻrgazmada shaxsan Jak Shirakning oʻzi ishtirok etgan. Ayni shu yigʻinda Amir Temurning 1402-yilda Fransiya qiroli Sharl Oltinchi nomiga yoʻllagan maktubini Oʻzbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovga sovgʻa qilgan edi.