Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekiston bojxonachilari tadbirkorlarning yaqin hamkori
13:44 / 2020-01-26

Jahon bojxona tashkilotining 1993-yil 25-yanvardagi Qaroriga asosan har yili 26-yanvar Xalqaro bojxonachilar kuni sifatida yer yuzi boʻylab keng nishonlanadi.

26-yanvar – Xalqaro bojxonachilar kuni


Jahon bojxona tashkilotining 1993-yil 25-yanvardagi Qaroriga asosan har yili 26-yanvar Xalqaro bojxonachilar kuni sifatida yer yuzi boʻylab keng nishonlanadi.

Xalqaro bojxonachilar kuni nafaqat dunyo davlatlari bojxona xizmatlarining oʻzaro hamkorligini namoyish etish, balki iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga erishishda bojxonaning muhim ishtirokiga yana bir karra keng jamoatchilik eʼtiborini jalb qilish imkonini beradi. Mazkur sanani dunyodagi 800 mingdan ziyod bojxonachilar qatori Oʻzbekiston bojxonachilari ham keng nishonlaydi.

Maʼlumotlarga qaraganda, dunyo savdo aylanmasining 98 foizi Jahon bojxona tashkilotiga aʼzo davlatlar ulushiga toʻgʻri keladi. JBTning yuqori organlari sifatida barcha aʼzo mamlakatlar rahbarlaridan tuzilgan Kengash, 24 davlat vakillarini oʻz ichiga olgan Siyosiy komissiya va 17 mamlakat vakillaridan iborat Moliya qoʻmitasi faoliyat yuritadi. Doimiy ishlaydigan organ — Kotibiyat Bryusselda joylashgan boʻlib, unda 105 xodim, jumladan 68 davlatning doimiy vakillari faoliyat yuritishadi. Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining xodimi Ulugʻbek Tojiyev ham JBTda samarali faoliyat olib bormoqda.

1992-yil 28-iyuldan mazkur tashkilot aʼzoligiga qabul qilingan Oʻzbekiston 21 ta xalqaro bojxona konvensiyasiga qoʻshilgan. Siyosiy komissiya va Moliya qoʻmitasi aʼzolari tarkibidan oʻrin olgani mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib eʼtirof etilganidan dalolatdir. Ayni hamkorlik respublikamizdagi mavjud huquqiy bazani xalqaro konvensiyalar va bojxona ishining boshqa xalqaro meʼyorlariga yaqinlashtirish imkonini berdi. Bojxona sohasidagi qonunchiligimiz umum qabul qilingan xalqaro standart va meʼyorlar, amaliyot bilan muvofiqlashtirish hamda uygʻunlashtirish yoʻnalishida rivojlanmoqda. Bu sohadagi yutuqlar mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar bilan uygʻun ekanining dalilidir.

Taʼkidlash joiz, keyingi yillarda Oʻzbekistonning bojxona sohasidagi xalqaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga koʻtarildi.

Oʻtgan yilning oʻzida Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriya mamlakatimizga ikki bor tashrifi buyurgani ham fikrimiz tasdigʻidir.

Janob Mikuriya soʻnggi tashrifi chogʻida Davlatimiz rahbari bilan uchrashgach, oʻz taassurotlarini jumladan shunday ifoda qilgandi:

– Prezident bilan muloqotda juda muhim masalalarni muhokama qildik. Shavkat Mirziyoyev savdo munosabatlarini kengaytirishga alohida urgʻu berib, bu boradagi siyosatni global standartlarga muvofiq davom ettirish muhim ekanini taʼkidladi. Bundan tashqari, inson resurslarini rivojlantirish bilan bogʻliq dolzarb masalalar xususida fikr almashildi. Men bu borada jahondagi ilgʻor amaliyot haqida gapirdim. Pirovardida, Oʻzbekiston bojxona xizmatini rivojlantirishga oid qoʻshma dastur va loyihalarni faol amalga oshirishga kelishib oldik.”

Oʻzbekiston 2019-yilning iyun oyida Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) doirasida Bojxona hamkorligi qoʻmitasining oʻn sakkizinchi yigʻilishi hamda Mustaqil davlatlar hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlari Kengashining 70-yigʻilishiga mezbonlik qildi.

Hozirda Oʻzbekiston bilan 30 dan ortiq davlatlar oʻrtasida bojxona sohasida 130 dan ziyod bitim, kelishuv va shartnomalar imzolangan. 2019-yilda 730 dan ortiq soʻrovnomalar orqali oʻzaro axborot almashildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018-yil 22-dekabrda imzolangan 507-sonli Qarorga muvofiq, yurtimizda 26-yanvar – davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni sifatida belgilandi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning tobora dunyoga yuz ochayotgani, xalqaro aloqalar, xususan tashqi savdo hajmi kengayib borayotgani bojxona tizimi bilan bogʻliq fakt va raqamlarda ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.

2019-yil mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullangan subyektlar soni 8.3 mingga ortib, jami 28 ming 306 nafarga yetdi. Respublikamizdan dunyoning 90 dan ortiq davlatiga 9.2 milliard dollar qiymatidagi mahsulot eksport qilindi. 2018-yilda bu koʻrsatkich 7.7 milliard dollarni tashkil qilgan boʻlib, joriy yil 20,3 foiz oʻsishga erishildi.

Yurtimizga xorijdan keltirilayotgan texnologiyalar, asbob-uskuna va xom-ashyo uchun bojxona toʻlovida berilayotgan imtiyozlar eksportni ragʻbatlantirishga xizmat qilmoqda.

2019-yilda davlat byudjetiga bojxona toʻlovlaridan 17.1 trillion soʻm undirilgan. Tadbirkorlarga esa bojxona toʻlovidan 59.6 trillion soʻmlik imtiyoz qoʻllangan.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonni qoʻshni davlatlar bilan bogʻlab turuvchi 50 dan ortiq chegara-bojxona posti faoliyat yuritadi.

2016-yilda respublikamiz chegara-bojxona postlari orqali 15,3 million shaxs harakatlangan boʻlsa, 2019-yilga kelib bu koʻrsatkich 42.6 million nafarga yetdi. Chegara-bojxona postlari orqali 2016-yil 760 ming avto va temir yoʻl transporti vositalari harakatlangan. 2019-yil bu koʻrsatkich 3.3 barobar oshib, 2 million 560 mingtani tashkil qildi.

Oʻtgan yilda 16 ta yangi bojxona axborot tizimi ishlab chiqildi, 22 tasi takomillashtirildi. Joriy yil esa interaktiv xizmatlarning mobil talqini va ilovalari ustida ishlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

Xavfni boshqarish tizimi ishga tushirilishi sohada 2019-yilning eng muhim voqeligi boʻldi. Mazkur tizim ishga tushgach, yalpi bojxona koʻrigidan oʻtkazish amaliyotidan butunlay voz kechildi. Tovar va transport vositalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvida “yashil”, “sariq”, “qizil” va “koʻk” yoʻlaklarning ishga tushirilishi natijasida eksport operatsiyalarini amalga oshirish boʻyicha sarflangan oʻrtacha vaqt 4.5-martaga, importda esa 2-martaga qisqardi.

Bunday ijobiy oʻzgarishlar nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan haqli eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan “Biznes yuritish-2020” hisobotida Oʻzbekiston 69-oʻrinni egallab, islohotlar miqyosi va samaradorligi boʻyicha dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy oldi.

Bojxonachilarimiz 2020-yilni ham ilgʻor innovatsion yangilik bilan qarshi olishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-noyabrdagi “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-4525-son qarori asosida “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi joriy qilindi.

“Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga Davlat bojxona qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi kabi vakolatli organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari integratsiya qilindi.

Endi tadbirkorlarimiz oʻz idoralaridan chiqmasdan turib, internetdagi www.singlewindow.uz manzilida joylashgan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlarni olish uchun ariza yuborishsa, kifoya!

Arizaga javoban berilgan hujjatlar va sertifikatlar mazkur portal orqali bir vaqtning oʻzida ham tadbirkorga, ham bojxona organlariga bojxona rasmiylashtiruvi uchun taqdim etiladi.

Hozirning oʻzida 5 mingdan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat yurituvchi subyektlar “Yagona darcha” bojxona axborot tizimidan foydalanmoqda.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, bugun bojxona organlari yangicha imijda — taqiqlovchi, cheklovchi, nazoratchi emas, balki, ochiq, shaffof organ, tadbirkorning yaqin hamkori sifatida namoyon boʻlyapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat

bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati bilan

hamkorlikda tayyorlandi.