Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston “biznes yuritish” reytingida yuqorilamoqda
15:17 / 2019-04-17

Poytaxtimizda “Doing business” reytingida O‘zbekiston o‘rnini yuksaltirish: erishilgan natijalar va ustuvor yo‘nalishlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.


Poytaxtimizda “Doing business” reytingida O‘zbekiston o‘rnini yuksaltirish: erishilgan natijalar va ustuvor yo‘nalishlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda BMT Taraqqiyot dasturi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoev, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska va boshqalar “Doing business” reytingida O‘zbekiston o‘rnini yuksaltirish mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash hamda xalqaro savdoda mustahkam o‘rin egallashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, investitsiyaviy muhitni tubdan yaxshilash borasida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar natijasida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” reytingida O‘zbekiston jahonning 190 ta mamlakati orasida 146- o‘rindan 76- o‘ringa ko‘tarildi.

Ushbu ko‘rsatkichni yanada yaxshilash maqsadida Prezidentimizning 2019 yil 5 fevralda “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq 2022 yilda “Biznes yuritish” reytingida O‘zbekistonni 20-o‘ringa ko‘tarish ko‘zda tutilgan. Bu borada qator vazirlik va idoralar zimmasiga aniq vazifalar yuklatilib, tegishli “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Bundan tashqari, joriy yil mart oyida me’yoriy-huquqiy hujjatlarga investitsiyaviy muhitni yaxshilashga qaratilgan “Biznes yuritish” hisoboti metodologiyasi talablarini joriy qilishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.

Qonun bilan ko‘chmas mulk oldi-sotdisi to‘g‘risidagi shartnomani notarial tartibda albatta tasdiqlatish, aksiyadorlik jamiyatlari va mas’uliyati cheklangan jamiyatlar ustav jamg‘armasining eng kam miqdoriga qo‘yilgan talab bekor qilindi, litsenziya talablaridagi ustav kapitalining eng kam miqdoriga taalluqli normalar belgilandi. Aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalida kamida 15 foizlik ulushga ega investorning bo‘lishi haqidagi talab ham bekor qilindi.

Milliy va xorijiy ekspertlar mamlakatimizda ishbilarmonlik muhiti yaxshilanganini, sohaning huquqiy bazasi jahon standartlari darajasida takomillashib borayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, “korxonalarni tashkil etish”, “qurilishni boshlash uchun ruxsatnoma olish”, “mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish”, “elektr ta’minoti tizimiga ulanish”, “kreditlar olish”, “kontraktlar bajarilishini ta’minlash” kabi yo‘nalishlardagi mavjud muammolar ma’ruzalarda tahlil qilindi va ularning yechimlari yuzasidan takliflar berildi.

Shuningdek, davra suhbatida mamlakatimizda qulay investitsiyaviy muhitni shakllantirishga to‘sqinlik qilayotgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Minoritar, ya’ni kichik sarmoya kirituvchi investorlar huquqlarini himoya qilish, soliqqa tortish, xalqaro savdodagi muammolar kabi mavzular shular jumlasidan.

Anjumanda biznes xizmatlari sifatini oshirish, investitsiyalarni yanada kengroq jalb qilish, davlat idoralari va ishbilarmon doiralari o‘rtasida muntazam muloqotlar olib borishga qaratilgan dolzarb masalalar bo‘yicha ham fikr-mulohazalar almashildi.