Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston AQShda o‘tgan qishki festival ishtirokchisi
15:27 / 2020-01-20

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Winternational” madaniy-sayyohlik festivalida qatnashdi.


O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Winternational” madaniy-sayyohlik festivalida qatnashdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.

Festivalning tantanali ochilish marosimida Ronalda Reygan nomidagi Xalqaro savdo markazi prezidenti Jon Dryu, AQSh davlat kotibining ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha yordamchisi Meri Roys, Kolumbiya okrugi davlat kotibi Kimberli Bassett, shuningdek, boshqa xorijiy mamlakatlar diplomatlari ham ishtirok etdi.

Yer yuzining turli xalqlari madaniyati, an’analari va sayyohlik salohiyati namoyishiga bag‘ishlangan, jami 4 mingdan ziyod kishi tashrif buyurgan ushbu yirik anjumanda Vashingtonda ro‘yxatdan o‘tgan 60 ga yaqin diplomatik missiyalar vakillari hozir bo‘lishdi.

O‘zbekiston elchixonasi xodimlari festivalda milliy san’at, hunarmandlik va rassomlik, shuningdek, an’anaviy o‘zbek taomlari namunalarini taqdim etishdi. Ishtirokchilarga mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, respublikamizda biznes yuritish va xorijlik investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqidagi axborot-ma’lumotnomalar tarqatildi. Diyorimizning boy madaniy-tarixiy merosini aks ettiruvchi qisqa metrajli videofilmlar taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir mehmonlari O‘zbekiston ko‘rgazmalariga yuqori baho berishdi.

– Mazkur festivalda O‘zbekiston elchixonasining ishtirok etishi bizni juda quvontirdi, – dedi “Du Plain Enterprises” PR-kompaniyasi rahbari Jan Duplen. – Ushbu mamlakat taqdimotlari, ko‘rgazmalari haqidagi brifinglar keyingi vaqtda AQSh poytaxti madaniy hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Ushbu tadbir Vashington shahridagi eng yirik ko‘rgazma hisoblanadi. O‘zbekiston ishtirokisiz mazkur festival bugungidek ommaviylikka erisha olmagan bo‘lardi.

Mana shunday anjuman va ko‘rgazmalarda O‘zbekiston taqdimotini o‘tkazish sayohatni yoqtiradigan oddiy amerikaliklarni mamlakatimizning ulkan turistik salohiyati bilan yaqindan tanishtirishga yordam beradi. Natijada madaniyatimiz, tarixiy yodgorliklarimiz va xalq amaliy san’ati durdonalaridan iborat osori-atiqalarimiz yanada ko‘proq sayyohlarni yurtimizga chorlaydi.