Oʻzbekistonda 23-martdan boshlab toʻy va boshqa tantanali marosimlarni oʻtkazish taqiqlandi
Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda @koronavirusinfouz telegram kanalida maʼlum qilindi.
Mamlakatimiz hududida bemorlar yoki kasallikka shubha qilingan shaxslarni oʻz vaqtida aniqlash va respublika boʻylab kasallikni tarqalishini oldini olish maqsadida, shuningdek majlisda koʻrilgan boshqa masalalar yuzasidan respublika maxsus komissiyasi yigʻilishining qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 21-martdan eʼtiboran barcha hududlarda faoliyat yuritayotgan mavjud koʻngil ochar obyektlar, shu jumladan tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, choyxona, oshxona (uyga eltib berish xizmati bundan mustasno) karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) markazlari va kompyuter oʻyinlari xizmatini koʻrsatuvchi tadbirkorlik faoliyati turlari koronavirus kasalligi bilan bogʻliq epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar toʻxtatiladi.
Shuningdek, 23-martdan boshlab “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq mamlakatimiz fuqarolarini sogʻligʻini himoya qilish maqsadida toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosim singari ommaviy tadbirlar oʻtkazilishi bekor qilinadi. Ushbu marosimlarni zarur boʻlgan taqdirdagina ixcham holda, yaqinlari bilan birga 10-15 kishi ishtirokida oʻtkazish tavsiya etiladi.
Majlisda ayni paytda chet ellarda boʻlib turgan fuqarolarni mamlakatimizga qisqa vaqtlar ichida olib kelish va ularni belgilangan tartibda 14 kun karantinda saqlash yuzasidan koʻrilayotgan choralar atroflicha muhokama qilindi.