Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbek tili milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli
18:00 / 2020-10-20

Fargʻona davlat universitetida “Davlat tili nufuzi va mavqeini oshirish: muammo va yechimlar” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.


Fargʻona davlat universitetida “Davlat tili nufuzi va mavqeini oshirish: muammo va yechimlar” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.

Viloyat hokimligi bilan hamkorlikda onlayn tarzda tashkil etilgan tadbirda professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar, ijodkorlar, shuningdek, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistondan tilshunos olimlar ishtirok etdi.

Til xalqning, millatning tarixi, madaniy merosi, turmush tarzi, urf-odat va anʼanalarini oʻzida mujassam etgan buyuk xazinadir. Oʻz ona tiliga ega boʻlish va uning rivojlanishi millatning maʼnaviy oʻzligini ifodalaydi.

Mamlakatimizda “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinganligi hamda bu yil ilk marta mazkur sana katta shodiyona sifatida nishonlanishi barchamizga faxr-iftixor bagʻishlaydi. Zero, bu butun dunyodagi 50 milliondan oshiq oʻzbeklar va ona tilimiz ixlosmandlarining bayramidir.

Viloyat hokimi oʻrinbosari F. Qosimov, Oʻzbekiston xalq shoiri E. Siddiqova, Fargʻona davlat universiteti rektori R. Maqsudov va boshqalar oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik ekanligini taʼkidlashdi.

Anjumanda davlat tilining ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish, oʻzbek tilini sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, xorijlik tilshunoslar turkiy tillarning umumiy va oʻziga xos xususiyatlari, oʻzbek tilini jozibadorligi, xorijdagi oliy oʻquv yurtlarida oʻzbek tilining oʻrganilishi haqidagi maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

– Fargʻona davlat universitetida ham oʻzbek tili, oʻzbek adabiyoti va uni oʻqitish borasida bir qator amaliy ishlar yoʻlga qoʻyilgan, – deydi filologiya fakulteti dekani Zokirjon Rahimov. – 2017-yildan boshlab Fargʻona davlat universiteti huzurida ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda. Mazkur ilmiy kengashda shu kunga qadar 60dan ortiq doktorlik (DSc va PhD) dissertatsiyalarining himoyasi oʻtkazildi. Hozirgi kunda oʻzbek tili yoʻnalishida 8 nafar fan doktori, professorlar, yigirmadan ortiq nafari fan nomzodi, dotsentlar hamda oʻndan ortiq falsafa doktorlari faoliyat olib borishmoqda.

Anjuman davlat tilida ish yuritish, tilshunoslik va adabiyotshunoslikning dolzarb muammolari asosida 8 ta shoʻbada ish olib bordi. 9 ta xorijiy davlatdan 20 dan ortiq yetakchi olimlar, respublikamizning 150 nafarga yaqin professor-oʻqituvchilarning maqola va tezislari taqdim etilib, materiallar toʻplam holida chop etildi.