Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbek oliy taʼlimining olti asri
14:50 / 2020-07-07

Rektorimiz oʻzbek taʼlim tarixi uchun tamoman yangi boʻlgan gʻoyani koʻtargan.


“Xalq soʻzi”ning 3-iyul sonida Samarqand davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor, Oʻzbekistogn Respublikasi Oliy Majlisi senatori Rustam Xolmurodovning “Tamaddun daryosi hamon oqmoqda ravon. Oʻzbekistonda ilm-fanning yangi Resnessans davri boshlanmoqda” sarlavhasi ostida gazeta muxbiri Dilshod Karimov yozib olgan suhbati chop etildi. 7-iyul kuni u Oʻzbekiston milliy axborot agentligi saytida ham eʼlon qilindi.

Rektorimiz oʻzbek taʼlim tarixi uchun tamoman yangi boʻlgan gʻoyani koʻtargan. Bu ‒ Samarqand davlat universiteti 1420-yili temuriy hukmdor, buyuk alloma Mirzo Ulugʻbek Samarqandda qurdirgan oliy madrasaning bevosita vorisi ekani masalasi.

Bu gʻoya oʻz-oʻzidan yoki birdaniga paydo boʻlgani yoʻq. 2001-yili Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati hokimi boʻlib kelganidan keyin SamDUni zamonaviy talablar darajasida rivojlantirish, bu oliy taʼlim dargohining mukammal tarixini yaratish, uning qadim ildizlari Ulugʻbek madrasasi bilan bogʻlanishini xalqimizga, jahon hamjamiyatiga isbotlab koʻrsatish haqida aniq koʻrsatmalar bergan edi. Shundan soʻng universitetimiz rahbari tashabbusi bilan olimlarimiz bu taʼlim muassasasi tarixi, uning milliy va jahon ilm-fani, taʼlim tizimi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi xususida tadqiqotlarni boshlab yubordi.

Oʻsha yillari ham SamDU rektori boʻlgan Rustam Xolmurodov bu taklifni toʻla qoʻllab-quvvatlab, matbuotda qator chiqishlar qildi. Mamlakatimizning taniqli ziyolilari bu fikrga qoʻshilib, fikr-mulohazalar bildirdi ham. Ayniqsa, filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Boturxon Valixoʻjayev tomonidan Ulugʻbek madarasasi tarixiga oid maqolalari va ikki risolasi chop etilishi katta voqea boʻldi.

Biroq turli sabablarga koʻra, orada bir necha yillik tanaffus yuz berdi. Rustam Xolmurodov yana universitetimizga rahbar boʻlib kelganidan keyin bu masalani qaytadan koʻtardi. Oʻtgan yilning boshida Oʻzbekiston milliy axborot agentligi saytida uning shu mavzuga bagʻishlangan maqolasi chop etildi.

Muhokama-munosabatlar davom etaverdi. 2002-yilning mart oyida Samarqand davlat universitetida boʻlib oʻtgan mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari rektorlarining sayyor kengashida Samarqand davlat universitetining Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasining asl vorisi ekanligini eʼtiborga olib, uning taʼsis etilish sanasi tarixini ham bu ulugʻvor dargoh boshlangan tarix, yaʼni 1420-yil bilan belgilash masalasi oʻrtaga tashlandi.

2002-yili rektorimizning “Golos Uzbekistana (17-may) va “Xalq soʻzi” (9-noyabr, 23-noyabr) gazetalarida maqolalari chiqdi. “Muloqot” jurnalining 2003-yil 5-sonida B. Valixoʻjayevning “Teran ildizlar” sarlavhali maqolalari ham chiqdi.

Ziyolilar ayrim vakillari matbuotda bu fikrni qoʻllab-quvvatlab chiqdi. Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi tashabbusi bilan 2001-yil Buxoroda boshlanib (6-iyun), Samarqand (20-iyun), Xiva (4-iyul), Namangan (2-avgust), Fargʻona(9-avgust)da davom etgan va Toshkent(17-avgust)da yakunlangan “Istiqlol yillari: milliy-diniy qadriyatlarning xalqqa qaytishi” mavzusidagi turkum ilmiy-amaliy anjumanlar xulosa va tavsiyalarida, jumladan, shunday soʻzlarni oʻqiymiz: “Samarqand davlat universitetini Mirzo Ulugʻbek asos solgan “madrasayi oliya”ning vorisi deb hisoblash haqidagi taklifni qoʻllab-quvvatlab, uni ilmiy asoslash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Fanlar akademiyasiga murojaat qilish” (Imom al-Buxoriy saboqlari. 2001, № 3. ‒ B. 238).

Biroq masala yechimi oxiriga yetmay qoldi. Oradan 15 yillar oʻtib, bu masala yana koʻtarildi. “Oʻzbekiston ovozi”ning 2017-yil 1-iyun sonida Rustam Xolmurodovning “Oʻzbekiston universitetlari necha yoshda?” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi. U 2019-yilning boshida Oʻzbekiston milliy axborot agentligi sayti orqali yana chiqish qildi. Tez fursatda bu maqolada koʻtarilgan masalani taniqli ziyolilarimiz, shuningdek, taniqli xorijiy mualliflar qoʻllab-quvvatladi. Ularning bari OʻzA saytida eʼlon qilib borildi.

Koʻtarilgan gʻoya dastlabki rasmiy qoʻllab-quvvatlanish topdi. Shu yilning 26-iyun kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashi “Samarqand davlat universitetining 600-yillik yubleyini nishonlash toʻgʻrisida” qaror qabul qildi.

Shunday qilib, Mirzo Ulugʻbekning Samarqandda qurdirgan madrasayi oliyasi ish boshlagan 1420-yilning 21-sentyabri hozirgi Samarqand davlat universiteti tashkil etilgan kun deb belgilandi. Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining qarorida SamDUning 600-yillik yubileyini tantanali ravishda oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullandi.

Bu adolatli qaror boʻldi. Axir, oʻzimiz oʻylab koʻraylik: modomiki, hozirgi Oʻzbekiston insoniyat sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalar, mutafakkir shoirlarni ulgʻaytirgan, ularga ilmu urfon oʻrgatib, jahon tamadduni rivojiga taqdim etgan muqaddas zamin sanalsa, bu zotlar qaysi oliy taʼlim muassasida oʻqigan?

Shuning uchun ham Sharqu Gʻarbda tibbiyotning otasi boʻlgan, hadisshunoslik ilmiga asos solgan, arab tili grammatikasini ishlab chiqqan, Yer shari maketini yaratgan, matematika, astronomiya fanlarining otasi boʻlgan (bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin) olimlarni yetishtirgan diyorimizning taʼlim, ayniqsa, oliy taʼlim tarixi bir necha yuz yillarga borib taqalishi ‒ turgan gap.

Mamlakatimizda oliy taʼlim tarixi XX asrdan boshlangan, degan qarash mustamlakachilik siyosatining uydirmasidan boshqa narsa emas.

Bunga yorqin misol sifatida akademik Boturxon Valixoʻjayevning oʻsha yillari matbuotda eʼlon qilingan “Temuriylar qurgan madrasayi oliyalar”, “Oliy taʼlim tizimining teran ildizlari”, “Medrese oliya – universitet srednekovya”, “Oliy taʼlim tarixi: oliy madrasadan universitetgacha”, shuningdek, taniqli olim Rustam Xolmurodovning “Dorulfununlarning vorislari” maqolalarini keltirish kifoya, deb oʻylaymiz.

Bundan tashqari, akademik B. Valixoʻjayevning “Mirzo Ulugʻbek davri madrasalari” va “Samarqandda oliy taʼlim – madrasayi oliya. Universitet tarixidan lavhalar” risolalari oʻrta asrlardagi oliy taʼlim tizimi va buguni, oliy taʼlimning oʻziga xos xususiyatlari, ular bugungi zamonaviy universitetlarning ildizi ekani asoslab berildi. Aytish lozimki, “Mirzo Ulugʻbek davri madrasalari” risolasi tez orada Turkiya va Eron kabi mamlakatlarning taʼlim tarixi mutaxassislari eʼtiboriga tushdi. Jumladan, bu kitob 2004-yilda Turkiyadagi Xalqaro Islom madaniyati va sanʼati markazi (IRCICA) tarafidan tarjima qilinib, 5000 nusxada chop etildi. Markazning oʻsha paytdagi direktori Akmaliddin Ehson oʻgʻli: “Oʻzbek olimi professor Boturxon Valixoʻjayevning “Mirzo Ulugʻbek davri madrasalari” (turkcha nashri nomi -“Uluğ Bey devri medreseleri”) kitobi chop etilishi tufayli biz madrasalar islom sivilizatsiyasining ilm-fan va madaniyatning harakatlantiruvchi kuchi boʻlgani va Turkiston madrasalari oʻrta asrlarda butun musulmon olamida va dunyodagi ilm-fan taraqqiyotida juda katta maʼnaviy-maʼrifiy oʻrin tutganini teran angladik”, ‒ deb yuksak baho bergan edi. Kitob 2005-yilda Eronda fors tiliga tarjima qilinib, chop etildi va yuqori baho oldi.

Oʻtgan davr mobaynida taniqli olimlarimizning mazkur mavzuga doir maqolalari, fikr-mulohazalari markaziy gazeta va jurnallarda keng yoritildi. Biz universitetlarimiz tarixi XX asrdan boshlanmagani, ularning ildizi qadim oʻtmishdagi madrasalarga borib taqalishi haqidagi fikrlarni ilgari surayotganimiz uchun 1927-yildan universitet nomi bilan atala boshlagan SamDUning 90 yilligini nishonlashga harakat qilinmadi. Zero, B.Valixoʻjayev taʼbiri bilan aytganda: “Nega biz oliy taʼlimimizning ildizlari va uning dargohlari madrasa va madrasayi oliyalarning qadimiy tarixini hisobga olmay, oliy taʼlim tizimi va ularning dargohlari tarixini XX asr boshlari – shoʻro davrida qayta tiklanishidan boshlar ekanmiz? Bu bilan turli xil va darajada boʻlishidan qatʼiy nazar, uzluksiz davom etgan oliy taʼlimimizning teran ildizlari, uning dargohlari boʻlmish madrasalar va madrasai oliyalarning boʻlgani hamda boy tarixini inkor etmaymizmi?”

Milliy taʼlim tizimini bugungi globallashuv davri talablari darajasida isloh qilish, jahon standartlariga javob beradigan kadrlar tayyorlash yoʻlidan borar ekanmiz, zamon ana shu masala – milliy oliy taʼlim tizimining teran ildizlari haqidagi masalani kun tartibiga qayta qoʻygandek boʻldi. Chunki hech bir jamiyat ilgʻor taʼlim-tarbiya tizimisiz mavjud boʻlolmaydi. Axir, Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy, Forobiy kabi buyuk zotlar oʻz-oʻzidan shakllanib qolmaydi-ku! Movarounnahr ham oʻz-oʻzidan ilm-fan, madaniyat va maʼrifat markaziga aylangani yoʻq-ku. Bu yerda ulkan taʼlim-tarbiya muassasalari – madrasalar mavjud boʻlgan. Ular temuriylar, ayniqsa, Mirzo Ulugʻbek davrida katta mavqega koʻtarildi. Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasi faoliyati XX asrning 20-yillarigacha davom etgan. Shundan soʻnggina oʻz oʻrnini madrasayi oliyalarning vorisi hisoblanmish universitetga boʻshatib bergan.

Shu bois, yurtimiz oliy taʼlim tizimi tarixini XX asrdan boshlaydigan shoʻro tarixchiligidan qolgan yondashuvlardan mutlaqo voz kechish, tarixiy haqiqatni tiklash payti keldi.

Shuning uchun ham biz xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining Samarqand davlat universiteti 600-yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi qarorini mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatlaymiz. Universitetimizda bu sanani shu yilning 21-sentyabri kuni nishonlashga katta tayyorgarlik ketyapti.

Muslihiddin MUHIDDINOV,

Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.

Sultonmurod Olimov

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

aʼzosi, navoiyshunos