O‘zbek hakamlari yurtimizga qaytib keldi
Joriy yil 12-iyun-13-iyul kunlari Braziliyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida hakamlik qilgan o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov va uning yordamchisi Abduhamidullo Rasulov yurtimizga qaytib keldi.
Joriy yil 12-iyun-13-iyul kunlari Braziliyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida hakamlik qilgan o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov va uning yordamchisi Abduhamidullo Rasulov yurtimizga qaytib keldi.Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha sport turlari qatori futbolni rivojlantirish, yoshlarni ushbu sport turiga keng jalb etish, iste’dodli futbolchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotir. FIFA referisi Ravshan Ermatovning ketma-ket ikki jahon chempionatida hakamlik qilgani ana shu e’tiborning amaliy ifodasidir.
Braziliyada o‘tkazilgan chempionatda Yevropadan to‘qqizta, Janubiy Amerikadan beshta, Osiyodan to‘rtta, Afrika va Shimoliy Amerikadan uchtadan, Okeaniya mintaqasidan bitta hakamlar brigadasi uchrashuvlarni boshqardi. Ravshan Ermatov MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlari vakillari orasida ushbu jahon chempionatiga jalb etilgan yagona bosh hakamdir.
Nufuzli musobaqada R.Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi jami to‘rtta – guruh bosqichida Shveytsariya – Ekvador, AQSh – Germaniya va Meksika – Xorvatiya, chorak finalda Gollandiya – Kosta-Rika terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlarni boshqardi. E’tiborlisi, hamyurtimiz hakamlik faoliyati davomida jahon chempionatlari final bosqichida eng ko‘p – 9 uchrashuvni boshqarib, jahon rekordini o‘rnatdi.
– Jahon chempionatidagi har bir o‘yin oldidan Prezidentimizning biz hech kimdan kam emasmiz, kam bo‘lmaymiz ham degan so‘zlarini doimo yodimizda saqladik, – deydi R.Ermatov. – Uchrashuvlarni boshqarishda yurtdoshlarimizning qo‘llab-quvvatlashini his qilib turdik.
2003-yildan buyon FIFA tasnifidagi musobaqalarni boshqarib kelayotgan R.Ermatov futbol bo‘yicha deyarli barcha nufuzli turnirlar – 2007 va 2009-yillarda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon birinchiliklari, 2008 va 2011-yillarda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatlari finali, 2010-yilgi jahon chempionati, 2011-yilgi Osiyo kubogi finali, 2012-yili XXX yozgi Olimpiya o‘yinlarining futbol uchrashuvlari, 2013-yilda esa Braziliyada o‘tgan konfederatsiyalar kubogi bahslarida hakamlik qildi.
Ravshan Ermatov Osiyoning “Eng yaxshi hakam” nominatsiyasida ketma-ket to‘rt marotaba g‘olib bo‘lgan qit’amizdagi yagona futbol hakamidir. Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi uni 2011-yilda jahonning eng yaxshi hakami, deb e’tirof etdi. Mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni yuqori saviyada boshqarib kelayotgan R.Ermatov 2013-yil yakunlari bo‘yicha ham dunyoning eng kuchli hakamlari reytingining yuqori pog‘onalaridan joy olgan.
Braziliyadagi jahon chempionati musobaqalarini yuqori saviyada boshqargan R.Ermatov futbol hakamlari faoliyatini tahlil qiladigan worldreferee.com sayti e’lon qilgan reytingda ham peshqadamlik qildi.
Jahon chempionati uchrashuvlarini boshqarishda Ravshan Ermatovga hamyurtimiz, Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan 2011-yilda qit’amizning eng yaxshi qanot hakami deb topilgan Abduhamidullo Rasulov va qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorov yordam berdi.