Oʻzbek futbolidagi yutuq va muammolar muhokama qilindi
Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oʻzbek futbolini rivojlantirishning bugungi holati: yutuq va muammolar” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oʻzbek futbolini rivojlantirishning bugungi holati: yutuq va muammolar” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Unda Professional futbol ligasi bosh direktori Omon Gʻofurov, OʻFA Hakamlar va nazoratchilar departamenti direktori Maʼmur Saidqosimov, OʻFA Futbolni rivojlantirish departamenti direktori Oʻngar Jamilov, OʻFA Trenerlar taʼlimi departamenti direktori Shavkat Imomov, PFL bosh direktori oʻrinbosari Diyor Imomxoʻjayev hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
-Yurtimizda sport, xususan futbolga alohida eʼtibor berilmoqda. Ayni paytda asosiy eʼtibor bolalar sportiga qaratilgan. PFL 2019 yilda oʻz oldiga katta rejalar qoʻygan. Bunga klublarni litsenziyalashni misol qilish mumkin. Klublarimiz yaqin 3-4 yil ichida oʻzini oʻzi boqadigan darajaga chiqishini maqsad qilganmiz va shunga harakat qilamiz, - dedi anjuman avvalida PFL bosh direktori Omon Gʻofurov.
Muammo: klublarning oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan qarashida
PFL uzoq vaqt davomida yangi mavsumda Superliga ishtirokchilarining soni qancha boʻlishi masalasiga aniqlik kiritolmadi va faqat soʻnggi pallada chempionat qatnashchilari soni 12tadan 14taga oshirilganligi maʼlum boʻldi. Xoʻsh, bu holatga PFL mutasaddilari qanday munosabat bildirishdi?
-Biz Superliga ishtirokchilari sonini oshirishga keskin qarshi edik, - dedi PFL bosh direktori Omon Gʻofurov. – Ammo, OʻFAning litsenziyalash qoʻmitasi soʻnggi pallada Superliga jamoalari sonini 14taga oshirishga qaror qildi. Bundan koʻzlangan maqsad – joylarda futbolning ommalashuvini taʼminlash boʻlib, OʻFA mamlakatimizning muhim strategik hududlari boʻlmish Surxondaryo va Samarqand viloyatlariga katta futbolni qaytarishga qaror qildi. Hozir ushbu jamoalarning stadionlarida soʻnggi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda va umid qilamizki, chempionat boshlangunicha ular kerakli talablarni bajaradi. Biz chempionatni 12ta jamoa bilan oʻtkazishga tayyor edik va barcha harakatlar shunga qaratilgandi. Biroq, hamisha ham siz oʻylagandek boʻlavermas ekan. Yana bir muammo: klublarning oʻz zimmasidagi vazifalarga oʻta sovuqqonlik bilan qarashida. Haligacha bir qator klublarning stadionlari mavsumga tayyor emas. Agar biz qattiq turmaganimizda ular bu yil ham chempionatga avvalgidek sifatsiz maydonlar bilan kirib kelgan boʻlishardi. PFLning talablari bilan Namangan, Andijon va Qoʻqon shaharlaridagi stadionlarda katta hajmdagi ishlar bajarildi. Bu yil oʻz oldimizga shunday maqsad qoʻydik: Superliga klublarini litsenziyalash jarayonini oktabr oyiga qadar yakunlab, dekabr oyidayoq yangi mavsum taqvimini ishlab chiqishga harakat qilamiz.
PFL klublar manfaatini himoya qiladi
Maʼlumki, mamlakatimiz Olimpiya terma jamoasi ancha vaqtdan beri oʻquv-mashgʻulot yigʻinini oʻtkazmoqda. Shu sababli “Nasaf” klubining naqd 10 (!) nafar aʼzosi dekabr oyidan beri asosiy jamoa bilan mashgʻulotlarda ishtirok etgani yoʻq. Albatta, terma jamoa manfaati hamma narsadan ustun. Biroq, terma jamoaning manfaatini koʻzlab klub va uning muxlislari jabr chekishi maqsadga muvofiqmi? Terma jamoalarning uzoq muddatli oʻquv-yigʻinlari klublarga baʼzida zarar keltirmoqda. Ularni bundan kim himoya qiladi? Bu savolga PFL rahbari Omon Gʻofurov shunday javob berdi:
-Albatta, PFL avvalo klublar manfaatini koʻzlaydi, OʻFA uchun esa terma jamoalar muhim. “Nasaf” klubi bilan bogʻliq vaziyatni ham tushunib turibmiz. Aynan PFLning aralashuvi bilan Olimpiya terma jamoasining yigʻini muddati qisqardi. Agarda OʻFA va OTJ murabbiylar shtabiga qoʻyib bersak, ular yil davomida yigʻin oʻtkazishlari mumkin. Ammo, futbolchining klub bilan shartnomasi bor. Qolaversa, terma jamoa va klub murabbiyining qarashi, taktikasi mos tushavermaydi. Natijada futbolchi klubdagi oʻrnini yoʻqotib qoʻyishi, oʻyin amaliyotisiz qolib ketishi muqarrar. Bunday futbolchi na klubga, na terma jamoaga kerak. Aynan PFLning aralashuvi bilan “Paxtakor”ning OTJga nomzod uch nafar futbolchisi klub yigʻiniga qoʻshildi. Biz OTJ murabbiylariga toʻgʻri tushuntirdik, futbolchilar yigʻinda yurgandan oʻz klubida rasmiy oʻyinlarda maydonga tushsin, xalqaro oʻyinlarda tajriba oshirsin, deb.
“Coca-Cola” homiylik uchun “Pepsi”dan ikki baravar manfaatli taklif berdi
Yaqinda 2019 yilgi mavsum uchun qurʼa tashlangan edi. Oʻshanda chempionatning rasmiy homiysi bu yil ham “Pepsi” kompaniyasi boʻlishi haqida maʼlum qilingandi. Biroq, yangi mavsum startiga yaqin qolganda PFL Superliga-2019ning rasmiy homiysi oʻzgargani va endi ichki chempionatimiz dunyoga mashhur “Coca-Cola” kompaniyasi homiyligida oʻtishini eʼlon qildi. Kutilmagan bu yangilik tabiiyki OAV xodimlarining eʼtiboridan chetda qolmadi.
-“Coca-Cola” kompaniyasi mavsum avvalida “Pepsi”ning taklifiga nisbatan biroz manfaatli boʻlgan shartnoma taklif qildi, ammo arzimas pul uchun eski va ishonchli hamkordan voz kechish niyatimiz yoʻq edi. 5 mart kuni “Pepsi” bilan yangi shartnoma tuzilishi kerak edi. Biroq “Coca-Cola” kompaniyasi 4 mart kuni yangi taklif bilan chiqdi va ularning bu safargi taklifini rad etib boʻlmasdi. Shuni aytishim mumkin, yangi hamkorimiz “Pepsi” kompaniyasidan ikki barobar manfaatliroq shartnomani taklif qildi. Kelishuvning aniq summasini “Coca-Cola” kompaniyasining roziligisiz oshkor etolmayman. “Coca Cola” kompaniyasi bilan kelishuvga koʻra, ular nafaqat Superliga, balki Oʻzbekiston kubogi musobaqasiga ham homiylik qiladi. Joriy mavsumda PFL Superliga klublari uchun badal pullarini oshirmadi. Qoʻshimchasiga, hakamlar, inspektorlar hamda komissarlar uchun barcha sarf-harajatlarni oʻz boʻyniga oldi. Shuningdek, Superliga klublari futbolchilariga oʻz yonidan 10 million soʻmlik sugʻurta polislari olish imkoniyatini yaratib berdi, - dedi PFL bosh direktori oʻrinbosari Diyor Imomxoʻjayev.
Bolalar futboli – ogʻriqli nuqta
Matbuot anjumanida bolalar futboli va undagi muammolar ham muhokama qilindi. Bu borada PFL bosh direktori oʻrinbosari Diyor Imomxoʻjayev quyidagilarni aytib oʻtdi.
-Bolalar futbolida muammolar koʻp. Ulardan eng yomoni – bu futbolchilarning yoshini kichraytirish. Biz bunga qarshi huquq-tartibot organlari bilan birgalikda qattiq kurashamiz. Toʻgʻri, yurtimizda bolalar futbolini rivojlantirish uchun Ispaniya va Serbiyadan mutaxassislar keldi. Qolaversa PFL yana boshqa futbol maktablari, jumladan, Belgiya, Gollandiya maktablarini ham oʻrgandi va yakunda ikkita variantga toʻxtaldik. Bular – Yevropada Germaniya va Osiyoda Yaponiya yoʻli. Bolalar futbolini rivojlantirish uchun FIFA tomonidan ishlab chiqilgan aniq tizim bor. Yaʼni, professional futbolchi klubini oʻzgartirgan taqdirda, uni bolalikdan tarbiyalagan murabbiy har safargi transferdan maʼlum ulushga ega boʻladi. Bizda esa bu tizim umuman ishlamaydi. Maqsadimiz – ushbu tizimni oʻzbek futboliga ham tatbiq etish. Hozirda bolalar murabbiyi shogirdining yoshini kichraytirib, biror musobaqada gʻolib chiqishdan manfaatdor. U professional futbolda qay darajada oʻynab ketishi esa ikkinchi masala. Agar FIFA tizimini yoʻlga qoʻya olsak, murabbiy shogirdining yoshini kichraytirgandan koʻra uni professional futbolchi qilib tarbiyalash haqida koʻproq oʻylaydi.
Klublar qachon boqimandalikdan xalos boʻladi?
Anjumanda klublarning boqimandaligi masalasi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Afsuski klublarimiz menejment va marketing sohasida deyarli ishlamayapti.
-Bugun Oʻzbekistonda futbol klubini boshqarish uchun futbolni tushunish shart emas. Klub rahbari menejment va boshqaruvni uddalasa boʻlgani. Ammo, hozir klublarga 30 million soʻm beradigan boʻlsak, ular shuning 29 millionini maosh qilib tarqatib yuboradi. Klublarimiz faqat pul sarflashni biladi. Shunday klublarimiz borki, mehmonxona uchun yiliga 3 milliardlab soʻmni sarflab yuboradi. Xolbuki, ana shu mablagʻning atigi uchdan bir qismiga baza qurib, buning ortidan katta mablagʻ tejalishiga erishish mumkin. Oʻzbek futbolida kapitalizmga oʻtish vaqti keldi. Litsenziyalashning asosiy talabi ham shu. Tayyor pulni yeb ketish bilan ish bitmaydi. Endi PFL bu jihatga ham eʼtibor qaratadi. Klub qaysidir davlat tashkiloti tomonidan taqdim etiladigan homiylik mablagʻini aniq maqsadlarda ishlatishi nazorat qilinadi. Agar klub futbolchisini transfer qilsa yoki qoʻshimcha mablagʻ ishlab topsa, marhamat oʻz bilganicha sarflasin. Biroq, davlat tashkilotlari tomonidan ajratilgan mablagʻni hisob-kitob bilan, aniq maqsadlarga sarf etilishi nazoratga olinadi, - dedi Diyor Imomxoʻjayev
Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, anjuman doʻstona va oshkoralik ruhida oʻtdi. Eng muhimi, PFL mamlakatda futbolni yanada rivojlantirish uchun matbuotga, uning taʼsir kuchiga tayanishini bildirdi va bu yoʻlda OAVni hamkorlikka chorladi. Ajabmas, kelgusida bu hamkorlik oʻzbek futbolini yangi darajaga olib chiqishga xizmat qilsa.