Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«O‘zatom» – «Assystem»: hamkorlik qilishga doir kelishuvga erishildi
11:45 / 2019-03-26

Xalqaro tajribalarga ko‘ra, atom energetikasi ravnaqi ko‘plab sohalarning jadal rivojlanishida muhim omildir.


Xalqaro tajribalarga ko‘ra, atom energetikasi ravnaqi ko‘plab sohalarning jadal rivojlanishida muhim omildir. Shu bois mamlakatimizda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarda ham bunday tajribalar qo‘l keladi.

Mazkur soha rivoji bilan bir qatorda ta’lim, kadrlarni tayyorlash, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va qurilish kabi yo‘nalishlarda yuqori darajada o‘sishga erishiladi. 

«O‘zatom» agentligida Fransiyaning «Assystem» kompaniyasi delegatsiyasi a’zolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda shular xususida so‘z yuritildi.

Unda O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirishga qaratilayotgan chora-tadbirlar mamlakatning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

«Assystem» kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Frederik Jenua kompaniya faoliyati va ish tajribasi haqida qisqacha ma’lumot berar ekan, u O‘zbekiston kelajagi uchun xavfsiz va ishonchli uglerodsiz energiya yetkazib berilishini ta’minlashda yadroviy energetika zarurligiga oid tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratdi.

Fransiyaning «Assystem» kompaniyasi o‘z nufuziga ega bo‘lib, u atom energetikasi bo‘yicha eng yirik xalqaro kompaniyalar uchligidan joy olgan. Butun dunyoda jami 2800 nafar xodimiga ega kompaniya murakkab va qat’iy boshqaruvga ega yo‘nalishlarda 50 yildan ortiq tajribaga ega. Shuningdek, u jahon yadro sohasining yetakchi konsalting va muhandislik kompaniyalaridan biri hamdir. 

Uchrashuvda O‘zbekistonning atom energetikasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, mutaxassislar uchun seminarlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi, shuningdek, «Assystem» kompaniyasi bilan qo‘shma injiniring korxonasini yaratishga doir imkoniyatlar ham ko‘rib chiqildi. 

Yakunda O‘zbekiston yadroviy infratuzilmasini rivojlantirish va kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qilishga doir kelishuvga erishildi.