English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Oʻzatom“ AES qurilishida xalqaro tajribani oʻrganmoqda
19:10 / 2019-09-25

“Oʻzatom“ agentligida Atom energiyasi xalqaro agentligi mutaxassis va ekspertlari ishtirokida oʻtkazilgan seminar atom elektr stansiyalarini moliyalashtirish va shartnomalar tuzish masalalariga bagʻishlandi.


“Oʻzatom“ agentligida Atom energiyasi xalqaro agentligi mutaxassis va ekspertlari ishtirokida oʻtkazilgan seminar atom elektr stansiyalarini moliyalashtirish va shartnomalar tuzish masalalariga bagʻishlandi.

Agentlik mutaxassislari va soha vakillari uchun moʻljallangan ushbu seminardan koʻzlangan maqsad mamlakatimizda atom elektr stansiyasi qurilishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarda xalqaro tajribani oʻrganish, bunda Atom energiyasi xalqaro agentligi talab va tavsiyalari hamda bu borada bilim va koʻnikmaga ega boʻlishdir. Shu sababli, unda xalqaro mutaxassis va ekspertlar AES qurilishida tuziladigan shartnomalar va moliyalashtirish masalasida qanday yoʻl tutish kerakligi, bunda har bir kelishuvlarning pishiq-puxta hamda aniq maqsadli boʻlishini taʼminlashga eʼtibor qaratilishi loyihani amaliyotga tatbiq etishda oʻta muhimligini oʻz tajribalari asosida tushuntirib berdi.

– Bugungi seminarning biz uchun ahamiyatli jihati shuki, ayni kunlarda agentlik “Rosatom“ davlat korporatsiyasi bilan AESni loyihalashtirish, uskunalar yetkazib berish va uning qurilishi masalasida muzokaralar olib bormoqda, – dedi “Oʻzatom“ agentligining Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi direktori Otabek Omonov. – Joriy yilning dekabr oyi oxirida bu borada tomonlar oʻrtasida shartnoma imzolanadi. Bu biz uchun yangi sohaligi bois amalga oshirilayotgan muzokaralarda har tomonlama aniq xulosalarga kelish zarur. Biroq buning oʻziga yarasha qiyinchiliklari ham yoʻq emas. Xalqaro tajriba va amaliyot esa bu muammolar yechimida yordam beradi. Muzokaralarda duch kelinayotgan ayrim masalalar javobini ushbu seminardan oldik.

Tadbirda Kanadadagi “KPMG LLP” kompaniyasi hamkori, Atom energiyasi xalqaro agentligi eksperti Anurag Gupta yadro energetikasi dasturlari boʻyicha oʻz tajriba va fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.

– Maqsadimiz “Oʻzatom“ agentligi mutaxassislariga ushbu soha boʻyicha xalqaro bilim va amaliyotlarni oʻrgatish hamda kelgusida mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdir, – dedi u. – Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston AES qurilishida toʻgʻri yoʻldan borayapti va bu borada yaxshi natijalarga ham erishmoqda. Albatta, bu davlat ahamiyatiga molik loyiha boʻlib, uni moliyalashtirish, aniq va rejali shartnomalarga erishish talab etiladi. Bugun shu masalalarda bergan tavsiyalarimiz yurtingizda qurilishi moʻljallanayotgan AES loyihasi uchun foydalidir.

Seminar ertaga oʻz ishini davom ettiradi.