Oʻz uylarimiz, qishlogʻimizni tanimay qoldik
Mirzaobod tumani Haqiqat mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi suv toshqinidan zarar koʻrgan 10 ta kottej tubdan qayta taʼmirlanib barcha qulayliklar yaratilgan holda oʻz egalariga topshirildi.
Mirzaobod tumani Haqiqat mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi suv toshqinidan zarar koʻrgan 10 ta kottej tubdan qayta taʼmirlanib barcha qulayliklar yaratilgan holda oʻz egalariga topshirildi.
Sirdaryo viloyati qurilish boshqarmasiga qarashli bir qator qurilish tashkilotlari quruvchilari tomonidan taʼmirlangan kottejlarning oʻz egalariga topshirish marosimida viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Anvar Karimov ishtirok etdi. Tiklash, taʼmirlash, qurilish ishlarida jonbozlik koʻrsatgan quruvchilarga alohida minnatdorchilik bildirilib, bu uylar bosqichma-bosqich tabiiy gaz, ichimlik suv, elektr energiyasi hamda isitish tizimiga ulanishi taʼkidlandi.
Shu oʻrinda, 1 qavatli 4 ta kottejni taʼmirlab foydalanishga topshirgan Qahramon Suleymanov rahbarligidagi “Yangiyer trans-fayz-servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati, har biri 2 tadan jami 6 ta 2 qavatli kotejni goʻzal qiyofaga keltirib, kalitlarini egalariga topshirgan Dilshod Sayidazimov rahbarligidagi “Shohrux Demerbek”, Bobur Qirboyev yetakchiligidagi “Oʻrta Sharq invest” hamda Temur Vohidov boshchiligidagi “Aziz Temur fayz” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari quruvchilari fidokorona mehnat qilganini alohida taʼkidlash lozim.
Oʻz navbatida, oʻz uylariga qaytib koʻchib kelgan xonadonlar sohiblari koʻrsatilgan gʻamxoʻrlik, eʼtibor uchun minnatdorlik bildirib, Haqiqat mahallasida hayot yangidan boshlanganini taʼkidlashdi.
– Kayfiyatimiz aʼlo, biz bunday mehr-oqibatni, gʻamxoʻrlik va eʼtiborni kutmagan edik, – deydi toshqindan soʻng qayta tiklangan uyiga qaytib koʻchib kelgan Haqiqat mahalla fuqarolar yigʻini fuqarosi X.Anorboyev. – Hech birimiz bu uy toshqindan soʻng mana shunday goʻzal qiyofa kasb etadi, deb oʻylamagan edik. Toʻgʻrisi, qaytib kelib, oʻz uylarimizni, qishlogʻimizni taniyolmay qoldik.
– Xonadonimda toshqindan avvalgi biror narsani qoldirmadim, – deydi oʻz xonadoniga qaytib koʻchib kelganlardan yana biri M.Sattorova. – Chunki hukumatimiz tomonidan avval 40 million soʻmdan, keyin televizor, sovutgich, gaz plitasi va boshqa maishiy jihozlar uchun 10 million soʻmdan sertifikat berildi.
Yana butun dunyodan oqib kelayotgan insonparvarlik yordamlarida biz eshitib, koʻrmagan buyumlar, qoʻyingki, idish-tovogʻimizu sigir-buzogʻimizgacha olib berildi. Bundan ziyod yana nima kerak? Ming rahmat, hammalariga.
– Ertangi kunimizni daromad bilan taʼminlash imkonini beradigan issiqxonalar qurib berilgani koʻnglimizni togʻdek koʻtardi, – deydi yana bir evakuatsiyadan qaytgan N.Normatov. – Yana bir imkoniyatdan ham xursand boʻldik, yaʼni, endilikda biz uchun qurib berilgan issiqxonalarda bemalol turli koʻkat va sabzavot mahsulotlari yetishtirib, sotish uchun joy izlamaydigan boʻlganimiz. Chunki yangidan qurilayotgan mahalladagi “EKO bozor”da yetishtirgan mahsulotlarimizni sotishimiz mumkin.
– Men toshqindan 3 kun oʻtib evakuatsiyadan qaytib, oʻz uyim taʼmirlanishida ishtirok etdim va yana oʻz uyimda amalga oshirgan qurilish ishlarida ishtirokim uchun oylik maosh ham oldim. Bunaqasi hali hech qayerda boʻlmagan boʻlsa kerak, – deydi M.Saparov.
– Bir yarim oy deganda taʼmirlash ishlari deyarli poyoniga yetdi. Elektr liniyaga ulandi. Suv, gaz va isitish oʻrnatilgan, endi qolgan uylar ham bitsa, markazlashgan holda ulanadi.
Toshqindan avval suvni tashib ichganmiz, suyultirilgan gaz balonini bir oyda bir marta olib kelardi yoki yoʻq. Xudoga ming shukur, mana qancha qulayliklar yaratildi. Taʼmirlash ishlari boshlanganiga bir yarim oy boʻlgan boʻlsa, viloyatimiz hokimi Gʻofirjon Mirzayev har 2-3 kunda, tumanimiz hokimi Hamidullo Abdullayev har kuni shu yerda, quruvchilar holidan, qurilish ishlaridan boxabar boʻlib, turdi. Barcha rahbarlarimizga koʻpdan-koʻp rahmat.
Mahalladagi qolgan uy-joylar mamlakatimiz mustaqilligining 29 yillik bayrami arafasida toʻliq taʼmirdan chiqarilib, oʻz egalariga topshiriladi.