Oʻz-oʻzimni tanimagan kun
- Allo, assalomu alaykum, Umida Abdurahimovnani mumkinmi?
- Allo, assalomu alaykum, Umida Abdurahimovnani mumkinmi?
- Labbay, assalomu alaykum, kimni?
- Umida Abdurahimovnani.
-...
Oʻshanda telefon qoʻngʻirogʻidagi savolga javob topish uchun kamida 10 soniyalar oʻylanib qoldim. Tanish ism aytildi, juda tanish deb xayol qilaman-u, oʻylayman, aslida bu boshqa birov emas, oʻzim ekanligimni anglagunimcha telefondagi suhbatdoshimni ham biroz oʻngʻaysizlantirgandim ochigʻi. Lekin ishoning, buni atayin qilganim yoʻq. Oʻzim ham haligacha hayronman. Biroq, oʻsha kungacha men kimgadir “Umida singlim”, yana boshqaga “Umida opa”, juda rasmiy murojaat boʻlsa, “Umida Boyzoqova” edim. Oʻsha kuni esa birinchi marotaba “Umida Abdurahimovna” deyilsa, oʻzimni oʻzim topolmay qoldim, ochigʻi. Balki kulayotgandirsiz, lekin bu bor gap.
Asli kasbim jurnalist boʻlgani uchun koʻplab davlat tashkilotlari va idoralari faoliyati bilan yaqindan tanishganman, koʻplab tadbirlarida qatnashganman. Meni qiziqtiradigan bir jihat shuki, aksariyat korxonalarda faqat rahbariyatga otasining ismini qoʻshib murojaat qilish urfda. Goʻyoki, “Falonchi Tugunchayevich” deb aytilmasa, shu insonga boʻlgan hurmat kamayib qoladigandek.
Hozirgi ish joyimga qadar Milliy Teleradiokompaniya tizimida ishlab, bir emas, bir necha marotaba ish joyimni oʻzgartirganman. Orada maʼlum bir muddat maktabda ham faoliyat olib borganman. Lekin ishonasizmi, hech qachon qaysi jamoada ishlaganimdan qatʼi nazar, rahbarga otasining ismini qoʻshib murojaat qilmaganman, ular men uchun hamisha “aka” yoki “opa” boʻlishgan. Ishdagi kamchilik va xatolarimiz uchun bizga dakki beradigan, ha, ha, yomon boʻlgin deb emas, aksincha, yaxshi boʻlgin deb jon kuydiradigan, ishlarimiz yaxshi boʻlganda esa munosib eʼtirof eta biladigan rahbarni koʻngilga yaqin qilib, “aka” yoki “opa” deyishni, nimasi ayb ekan?!
Ayrim tadbirlarda tashkilot rahbarlaridan intervyu olishga toʻgʻri kelganda, oʻz odatimga koʻra “aka” deya murojaat qilishim ortidan yordamchilaridan dakki eshitishimga toʻgʻri kelgan paytlar ham boʻlgan. Emishki, ularga “aka” deb gapirganlar umuman yoqmas ekan. Eng qizigʻi, oʻsha rahbarlarning birortasidan ham bunday reaksiyani hech ham kuzatmaganman. Lekin oʻsha yordamchilari, sizni oʻzingizga aytmasdan, bizga eʼtiroz bildiradilar, el qatorida murojaat qiling, deb hech qoʻyishmagani sabab balki bu bu mendagi koʻzga tashlanayotgan kamchilikdir deb, ishdan uyga qaytgan paytlarim oynaga qarab shunday gapirishni haftalab mashq qildim, lekin buni uddasidan chiqa olmadim, balki ich-ichimdan xohlamaganim bunga sabab boʻldimi?! Yoki hech qachon bunday gapirmaganim uchunmi, xullas, bilmadim, lekin hozir ham ularga shunday aka deb gapiraman. Nahotki, rahbarga boʻlgan hurmat shu tariqa murojaat qilish bilan belgilansa?! Kunning asosiy qismi ish vaqtimizga toʻgʻri keladi. Hamkasblarimiz esa bizga oila aʼzolaridek gap. Oilada esa, rasmiyatchilik emas, samimiyat boʻladi. Aslida “Falonchi Tugunchayevich” deyish, sobiq sovet tuzumidan qolgan meros emasmi?! Bizning oʻzbekchilikda bunday gaplar avvallari boʻlmagan shekilli?!
Ona tiliga boʻlgan hurmat mana shunday kichik-kichik jihatlarda namoyon boʻladi va biz aslimizga, oʻzligimizga mos tarzda soʻzlasak, maqsadga muvofiqdir. Albatta, bu oʻylar mening shaxsiy fikr-mulohazalarim, xolos. Lekin –yevich,-ovich, -yevna,-ovna kabi qoʻshimchalar oʻzbek tiliga rus tilidan kirib kelgani bu ayni haqiqat. Buni tilshunoslar yaxshi bilishadi.
Modomiki, gap kishining ism-sharifi haqida borar ekan, bu barchamizga taalluqli boʻlgan muhim masala. Shu oʻrinda yana bir muhim jihat bor. Pasportingizni qoʻlingizga olib, bir oʻqib koʻring-a, undagi siz haqingizdagi maʼlumotlar toʻla-toʻkis toʻgʻri yozilganmikan ?! Gap faqat raqamlarda emas, nima uchundir asosan raqamlardagi xatoliklargagina eʼtibor qaratishga oʻrganib qolganmiz. Soʻzlardagi gʻalizliklar-chi?! Hech kimni kamsitmaslik va koʻngliga tegmaslik uchun misol tariqasida birovni emas, oʻzimni yozaman: “Bayzakova Umida Abdirahimovna” (pasport boʻyicha).
2013-yillari, endigina turmushga chiqqan paytlarim edi. Yaxshi bilasizki, nikohdan soʻng aksariyat ayollarning familiyasi oʻzgaradi, jumladan, mening ham. Oʻsha paytlari “Assalom, Oʻzbekiston!” madaniy-maʼrifiy koʻngilochar dasturida yangi nashrlar haqidagi sahifani tayyorlardim. Bir kuni xizmat telefoni jiringladi va hamkasblarimizdan biri meni soʻrashayotganini aytib, goʻshakni qoʻlimga tutqazdi. Yoshlari oltmishdan oshgan ovoz egasi oʻzini tilshunos domla sifatida tanishtirdi. Eʼtiborsizligim sabab ularning ism-shariflarini eslab qolmagan ekanman. Oʻshanda ular: “Qizim, siz familiyangizni aslida nima maʼno anglatishini bilasizmi?”, deya savol berdilar. Men ham yaqinda turmushga chiqqanim sababli familiyam oʻzgargani, pasportda Bayzakova deb yozilgani, efir talabidan kelib chiqib, oʻzbekchalashtirgan holda Boyzoqova deb yozganimizga izoh bergandek boʻldim. Ular boʻlsa: “Qizim, oʻzbek tilida Boyzoq degan ism yoʻq, Boyuzoq degan ism uchraydi. Sizning familiyangiz ham shu ismdan shakllangan boʻlib, Boyzoqova aslida Boyuzoqova boʻlishi kerak. Buni tilshunos sifatida yaxshi tushunganim uchun sizlarga qoʻngʻiroq qilyapman. Bilaman, aksariyat yurtdoshlarimizning pasportida shu kabi xatoliklar uchraydi. Lekin televideniye orqali ham xuddi shu xatoliklarni takrorlash toʻgʻri emas, bu avvalo oʻzingizga nisbatan hurmatsizlik boʻladiku, axir”, deya goʻshakni qoʻydilar. Tilshunos domla haq edilar.
Maʼlum bir davr oraligʻida tugʻilganlik haqida olingan guvohnomalarda yarim rus, yarim oʻzbek ayrim chalasavodlarning sharofati bilan yoʻl qoʻyilgan mana shunday xatoliklar sabab yana qancha yurtdoshlarimiz shunday ism-sharifi yozilgan pasport olishga majbur boʻlishgan. Hozirda ish guvohnomasidan tortib, kishi shaxsini tasdiqlovchi barcha xat-hujjatlarda mana shunday holatlar uchrashiga oddiy holdek qarashga oʻrganib boʻldik. Bu fikrim bilan barcha hujjatlarni yangilash zarur demoqchi emasman. Mazkur jarayon maʼlum bir mablagʻ, yaʼni toʻlov va yana qancha harakat va ovoragarchilikni talab etishi bois, koʻpchiligimiz shu kabi xatoliklarni toʻgʻrilash haqida jiddiy oʻylab koʻrmaganmiz. Lekin qachonlardir, ezgu tashabbus koʻrsatilib, barcha yurtdoshlarimiz ona tilimizga mos, ota-onalari qoʻygan oʻzbekona ism-sharifga oʻtishlariga munosib bir imkon boʻlsa, albatta men ham “Bayzakova Umida Abdiraximovna” emas,balki “Boyuzoqova Umida Abdurahim qizi” boʻlaman!!!
Umida Boyzoqova,
Qurilish vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi